O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Saylov – 2021” mobil ilovasi orqali barcha ma’lumotga ega bo‘lasiz
2021-07-28 | Siyosat
Saylov kampaniyasi davrida saylovchilarni Saylov kodeksi haqida, bo‘lajak saylovning Konstitutsiyaviy huquqiy asoslari, saylovchining huquqlari, siyosiy partiyalar kuzatuvchilari, vakolatli vakillari, nomzodlarning ishonchli vakillari huquqlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va xalqaro kuzatuvchilar vakolatlari, saylovlarning umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillari haqida tezkor ma’lumotlar qiziqtiradi.
Shuningdek, har bir saylovchi o‘zi ovoz berishda ishtirok etadigan saylov uchastkasini bilishi, saylovchilar ro‘yxatidan xabardor bo‘lishi, saylov kuniga qadar qayerda ovoz berishi mumkinligi haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lishi zarur.
Shuni alohida aytish lozimki, Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga binoan, 2021-yil 1-aprel holatiga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha mobil aloqa tizimiga ulangan abonentlar soni 26 mln 953 ming nafarni tashkil etgan.
Agar mamlakatimizdagi saylov yoshidagi saylovchilar soni 21 million atrofida ekanligini hisobga olsak, har bir saylovchiga saylov haqida axborotlarni mobil aloqa tizimi orqali yetkazishning yo‘lga qo‘yilishi katta samaradorlikka erishishga xizmat qiladi.
Saylovchini qiziqtiradigan barcha savollarga tezkorlik bilan javob berishni tashkil qilish, zarur adabiyotlar, o‘quv qo‘llanmalari, test savollari, saylovga oid ma’lumotlar va axborotlar bilan ta’minlashda axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish o‘z samarasini beradi.
Saylov kampaniyasi davrida ham mobil ilovadan foydalanish, saylovchilarga har tomonlama qulaylik yaratishni yo‘lga qo‘yish Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida ko‘zda tutilgan.
Shu maqsadda Markaziy saylov komissiyasi, Project Managers kompaniyasi va Toshkent shahridagi Inha universiteti hamkorligida “Saylov-2021” mobil ilovasi yaratildi. bugungi taqdimotda mazkur mobil ilova haqida ham ma’lumot berildi.
Ilovaga kirish tugmasi bosilgach, Mobil ilovada bo‘limlar, saylov uchastkalari, Mass-media, testlar va yordam sahifalari namoyon bo‘ladi. Mobil ilovaga joylashtirilgan ma’lumotlar bazasining “Bo‘limlar” sahifasida “O‘quv materiallari”, “Eslatmalar”, “Saylov qonunchiligi”, “Kutubxona” ruknlari joylashtirilgan.
Ushbu sahifalar tegishli ma’lumotlar bilan to‘ldirilgan bo‘lib, saylovchi, saylov komissiyasi a’zosi, kuzatuvchilar, nomzodlar va ularning ishonchli vakillari uchun barcha zarur huquqiy axborotlardan iborat.
“O‘quv materiallari” ruknida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilarining ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, mahalliy kuzatuvchilar va vakolatli vakillarning huquq va majburiyatlari, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e’lon qilishga oid mavzularidagi o‘quv materiallari taqdimotlar, ma’ruza matnlari, infografikalar, video-darslari shaklida tayyorlangan.
“Eslatmalar” rukni ham saylov tashkilotchilari, saylov komissiyalari, kuzatuvchilar, vakolatli vakillar uchun zarur uslubiy tavsiyalardan iborat.
“Saylov qonunchiligi” rukni esa saylov qonunchiligiga oid hujjatlardan iborat. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari joylashtirilgan.
Manba: O'zA