O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston-Koreya Respublikasi xalqaro universiteti xorijda taʼlim olgan isteʼdodli o‘qituvchilarni jalb etmoqda
2021-07-27 | Ta’lim
Janubiy Koreya-O‘zbekiston biznes uyushmasi Farg‘ona shahrida ochilgan O‘zbekiston – Janubiy Koreya xalqaro universiteti uchun o‘qituvchilik lavozimlariga nomzodlar o‘rtasida suhbat o‘tkazdi.
Professorlik lavozimiga malakali nomzodlarni tanlash bo‘yicha tanlov hayʼati tarkibiga ushbu universitet rektori Park Chun Xo, biznes uyushmasi Direktorlar kengashi raisi Kim Chang Keon va “Changang” universiteti rektori Xan Che Sok kiritildi.
O‘zbekiston – Janubiy Koreya xalqaro universiteti 2019-yil 27-sentyabr kuni Farg‘ona shahrida o‘z faoliyatini boshlagan. Dastlabki yili universitetda besh mutaxassislik bo‘yicha 720 nafarga yaqin talaba o‘qishga qabul qilingan. Hozirgi kunda 14 ta fakultetda 2 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda.
Doktorlik darajasiga ega 20 nafar yangi professor-o‘qituvchilarni ishga qabul qilish orqali 2022-yildan boshlab 16 ta fakultetda 3 mingga yaqin talabaning taʼlim olishi taʼminlanadi.
Jumladan, Koreya Respublikasida magistr va doktorlik darajasini olgan o‘zbekistonlik ko‘plab isteʼdodli o‘qituvchilar professor lavozimiga tayinlanish uchun murojaat qilib, xalqaro universitet o‘qituvchisi bo‘lish va o‘z Vatanida taʼlim rivojiga hissa qo‘shish, malakali yosh mutaxassislarni tarbiyalash istagini bildirgan.
Ayni paytda O‘zbekiston – Janubiy Koreya xalqaro universitetida eng yaxshi stipendiya sohiblarini aniqlash uchun muntazam ravishda fan Olimpiadalari va tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda. 2021 yilda 30 nafarga yaqin talaba tanlab olinadi, ularga stipendiyalar beriladi. 7 ta yirik oliy o‘quv yurti bilan hamkorlik bo‘yicha imzolangan shartnomalar asosida bir necha daraja olish dasturi amalga oshirilib, bitiruvchilarni ishga qabul qilish va ishga joylashtirish uchun ko‘mak berilmoqda.
Universitet vakillarining taʼkidlashicha, bitiruvchilar Janubiy Koreyaning O‘zbekistondagi kompaniyalari va Koreya Respublikasining o‘zida (Samsung, LG, Hyundai va boshqalar), shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari va davlat idoralarida ishga joylashish imkoni ega bo‘ladi.
O‘zbekiston – Janubiy Koreya xalqaro universitetida gumanitar va texnik-muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha taʼlim beriladi. Jumladan, sayyohlik boshqaruvi, maktabgacha taʼlim, boshqaruv va kompyuterlashtirilgan buxgalteriya hisobi, koreys tili va adabiyoti chuqur o‘qitiladi. Oliy taʼlim muassasasida mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika va elektronika muhandisi, meʼmorchilik loyihalashtirilishi, kompyuter muhandisi, energetika va kimyo muhandisi yo‘nalishlari bo‘yicha ham malakali mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi