O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Shavkat Mirziyoyev avgust oyi boshida tadbirkorlar bilan muloqot qiladi
2021-07-26 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov bugungi brifingda davlatimiz rahbarining joriy haftadagi ish jadvali haqida ham ma’lumot berdi.
– Bu haftada tadbirlarimiz ko‘p bo‘ladi. Xususan, bugun Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti o‘tkaziladi.
Ertaga davlatimiz rahbari kon-metallurgiya sanoati rivoji bilan tanishadilar.
Shuningdek, hafta mobaynida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish yuzasidan yig‘ilish, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan.
Bu voqealar haqida Prezidentning rasmiy veb-resurslarida qo‘shimcha xabar beramiz, – dedi Sherzod Asadov.
Prezident Matbuot kotibi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti rejalashtirilayotgani, bu uchrashuv avgust oyining boshiga mo‘ljallangani, takliflar 31-iyulgacha qabul qilinishi haqida e’lon berilganini aytib o‘tdi.
Sherzod Asadov tadbirkorlarni takliflar berishga, jurnalistlarni bu jarayonni yoritishda faol bo‘lishga chaqirdi.
Manba: O'zA