O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Jizzax viloyatida voyaga yetmaganlarning haq-huquqlari qanday himoya qilinmoqda?
2021-07-26 | Siyosat
Jizzax viloyati prokuraturasi tomonidan joriy yilning o‘tgan 6 oyi davomida voyaga yetmaganlar to‘g‘risidagi qonunchilik ijrosi yuzasidan 213 ta tekshirish o‘tkazilib, prokuror protestlariga asosan, 57 ta qonunga zid hujjat bekor qilingan bo‘lsa, 692 tasi qonunga muvofiqlashtirilgan.
Voyaga yetmaganlarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ta’minlash maqsadida 2021-yilning 6 oyi mobaynida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan qonunbuzilishi, uning kelib chiqish sabablari va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan 234 ta taqdimnoma kiritilib, 19 shaxs qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymasligi to‘g‘risida rasman ogohlantirildi.
Prokuror qarori va taqdimnomalariga asosan, 803 nafar intizomiy, 229 nafar ma’muriy va 69 nafar shaxs moddiy javobgarlikka tortildi. Shu bilan birga, sudlarga jami 30 ta da’vo ariza kiritilib, 206 million so‘mlik yetkazilgan zarar ixtiyoriy undirilgan. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 6 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Mazkur yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirishlar davomida jami 4 ming 19 nafar shaxsning, shundan 2 ming 924 nafar voyaga yetmaganlarning buzilgan huquqlari qayta tiklandi.
Prokuratura organlari tomonidan maktabgacha ta’lim muassasalari moddiy texnik bazasini yanada mustahkamlash, tarbiyalanuvchilarga shart-sharoitlar yaratib berish, bog‘cha yoshdagi bolalarni ta’lim muassasalariga to‘liq qamrab olish ishlarini jadallashtirish maqsadida doimiy ravishda ta’lim muassasalariga amaliy yordam ko‘rsatilib, ularning faoliyati tahlil qilib borilmoqda.
bugungi kunda viloyat bo‘yicha jami 1 ming 150 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti (MTT) faoliyat yuritib kelayotgan bo‘lib, ularda jami 85 ming 762 nafar bola tarbiyalanayotir. Viloyatda 3 yoshdan 6 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni jami 120 ming nafardan ortiq. Bolalarni MTTlariga jalb etish qamrovi 71,5 foizni tashkil etadi.
Shu o‘rinda bolalarni MTTlarga qamrab olish ko‘rsatkichi 2-sektor hududida 77 foizni tashkil etmoqda. Viloyat va hududiy prokuratura organlari tashabbusi va amaliy yordami bilan joriy yilning o‘tgan davrida 2-sektor hududlarida jami 38 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etildi.
Viloyat bo‘yicha mavjud 550 ta umumta’lim maktabida 2020-2021 o‘quv yili davomida jami 259 ming nafardan ortiq o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berildi. Joriy o‘quv yilida 18 ming 700 nafar yosh maktabni bitirdi. 14 ming 530 nafari oliy o‘quv yurtlariga hujjat topshirgan bo‘lsa, 2 ming 834 nafar bitiruvchi kasb-hunar texnikumlarida tahsil olish niyatida, 998 nafari esa tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqda.
Viloyatda huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olish, voyaga yetmaganlar, yoshlar o‘rtasida jinoyatchilikka qarshi kurash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar tanqidiy ko‘rib chiqilib, viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va keng jamoatchilik bilan hamkorlikda jinoyatchilikni barvaqt aniqlash, unga imkon berayotgan sabab va shart-sharoitlarni bartaraf etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2021-yilning o‘tgan 6 oyi davomida viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasida jami 11 ta jinoyat sodir etilgan bo‘lib, 2020-yilning shu davriga nisbatan 5 taga, jinoyat sodir etishda ishtirok etgan voyaga yetmaganlar 12 nafarni tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 7 nafarga oshgan.
Bunda o‘z xizmat vazifasini lozim darajada bajarmagan mas’ul shaxslarga nisbatan 10 ta xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, aybdorlarga nisbatan tegishli jazo choralari qo‘llanildi. Jinoyat sodir etgan har bir voyaga yetmaganga ta’lim muassasalari va mahalla idoralaridan murabbiylar biriktirilishi ta’minlangan.
Tungi reydlarning 11 ta holatida voyaga yetmaganlarni ko‘ngil ochish maskanlarida bo‘lgani aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi va ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Joriy yilning 6 oyi davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan jami 64 (o‘tgan yilning shu davrida 80) nafar voyaga yetmaganlar profilaktik hisobga olingan bo‘lib, olib borilgan tadbirlar natijasiga ko‘ra 78 (61) nafari hisobdan chiqarilgan.
2021 yil 1 iyul holatiga jami 206 (o‘tgan yilning shu davrida 266) nafar shaxs profilaktik hisobda turgan bo‘lib, ulardan 108 (122) nafarini voyaga yetmaganlar, 97 (144) nafarini farzand tarbiyasiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi ota-onalar tashkil qiladi.
Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan joriy yilning 6 oyi davomida ijtimoiy himoya to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi yuzasidan tekshirish o‘tkazilib, aniqlangan qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 56 ta taqdimnoma, 679 ta protest, 4 ta da’vo arizasi kiritilgan, 7 nafar shaxs ogohlantirilib, 58 nafar shaxs intizomiy, 120 nafari ma’muriy javobgarlikka tortilgan va 172 nafar shaxsning huquqi tiklangan.
Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ijrosi bo‘yicha 40 ta tekshirishlar o‘tkazilib, natijalariga ko‘ra 21 ta protest, 54 ta taqdimnoma, 7 ta da’vo ariza kiritilgan, 155 nafar shaxs intizomiy, 3 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 1 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘tgan vaqt davomida 15 nafar voyaga yetmagan o‘rtasida suitsid holatlari kuzatilib, 2020-yil shu davriga nisbatan 7 taga kamaygan.
Voyaga yetmaganlarning suitsidga moyilligini barvaqt aniqlash va ularni reabilitatsiya qilish maqsadida prokuratura tashabbusi bilan shahar-tuman xalq ta’limi bo‘limlari huzurida “Psixologik yordam markazlari” tashkil etilib, ularga malakali psixolog xodimlar jalb qilingan.
O‘z joniga qasd qilgan voyaga yetmaganlarning 8 (2020-yilda 12) nafarini qizlar tashkil qiladi. Ularning barchasi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari bo‘lgan.
Voyaga yetmaganlar sog‘lig‘ini saqlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish borasida ko‘rilgan choralar natijasida viloyat bo‘yicha go‘daklar o‘limi 109 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 24 taga kamaygan. Onalar o‘limi esa 3 nafarni tashkil qilib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan barqaror qolgan.
Onalar va go‘daklar o‘limiga birlamchi tibbiyot tizimida tug‘ish yoshidagi ayollarning patronaj va profilaktik tibbiy ko‘riklar bilan qamrab olish sifati, xomiladorlikni erta muddatda aniqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish darajasining pastligi, tug‘ruq muassasalarida milliy standartlarga to‘liq rioya etilmasligi, oilada tibbiy madaniyatning yetishmasligi asosiy sabablardan bo‘lib qolmoqda.
Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida 5 ta muhim tashabbus doirasida 11 ming 927 ta to‘garak va seksiyalar tashkil etilib, ularga jami 224 ming 745 nafar o‘quvchi jalb etilgan va o‘quvchilar qamrovi o‘tgan yilga nisbatan 87 foizga ko‘paygan.
Joriy yilning o‘tgan davrida jami 210 nafar ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolaning 77 nafari farzandlikka, 85 nafari vasiylikka, 34 nafari homiylikka, 12 nafari “Mehribonlik uyi”ga, 2 nafari go‘daklar uyiga joylashtirilgan.
Manba: O'zA