O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yangi temir yo‘l 31 milliard so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi
2021-07-23 | Jamiyat
So‘nggi yillarda “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati miqyosida yirik investitsiya, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiyalash loyihalari amalga oshirilmoqda.
Xususan, “Yoshlik 1 konini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasida joriy yilning mart oyida kombinat ishchi kuchlari bilan “Mis boyitish fabrikasi – Sharxiya kareri, Issiqlik energiyasi markazi – Mis boyitish fabrikasi chiqit saqlash bo‘linmasi yo‘nalishlarida temir yo‘llar qurish” loyihasining 2-bosqichi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan edi.
Ushbu loyihaning maqsadi – chiqit saqlash bo‘linmalarini mustahkamlash uchun qum-shag‘allarni temir yo‘l transportida tashishni yo‘lga qo‘yish va bunda tashish hajmini oshirish hamda harajatlarni kamaytirishga erishish. Chunki, o‘tgan davr mobaynida bu ish yirik avtomobillarda bajarilar va bu katta mablag‘ni talab etardi.
2020-yilda mazkur loyihaning 1-bosqichi bo‘yicha 3,6 kilometr temir yo‘l qurilib, ishga tushirilgan va qum-shag‘allar temir yo‘l transportida tashila boshlangan edi. Natijada bugungi kunga kelib 327 ming 857 metr kub qum-shag‘al tashildi va 6,95 milliard so‘m tejab qolindi.
Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq murakkab vaziyatga qaramasdan kombinatning sanoat temir yo‘l transporti boshqarmasi, “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti va texnologik transport boshqarmasi ishchi-xodimlarining samarali va fidokorona mehnati natijasida ushbu ob’ektning 2-bosqichi bo‘yicha qurilish-montaj ishlari belgilangan vaqtda muvaffaqiyatli yakunlandi. Xususan, 5,58 kilometr uzunlikdagi temir yo‘l va qum-shag‘allarni qabul qilish bunkeri qurilib, 12,7 milliard so‘m mablag‘ o‘zlashtirildi.
Ushbu yangi ob’ektning ishga tushirilishi natijasida qum-shag‘allar o‘nlab “BelAZ” avtomobillarida emas, balki to‘liq hajmda temir yo‘l transportida tashiladi. Bu esa yiliga taxminan 31 milliard so‘m mablag‘ tejalishini ta’minlaydi hamda tashish tannarxini kamaytirish imkonini beradi.
Bugun mazkur ob’ektning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ishtirok etgan kombinat boshqaruvi raisi Abdulla Xursanov jamiyat tizimida bu kabi loyihalar bardavomlik kasb etishini, ushbu temir yo‘l ham kombinatda yuqori ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlashini ta’kidladi.
Ob’ektni qurish ishlarida ishtirok etgan bir guruh bunyodkorlar esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ axborot xizmati.
Manba: O'zA