O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida
2021-07-23 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
So‘nggi besh yilda respublikamizda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, ularning vazifalari, vakolatlari va javobgarlik sohalarini aniq belgilash bo‘yicha keng ko‘lamli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Shu bilan bir qatorda, tarmoqlar va hududlarda ishlarning haqqoniy holatini chuqur hamda har tomonlama tanqidiy o‘rganish vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari zimmasiga yuklangan funksional vazifalarni lozim darajada hamda mas’uliyat bilan bajarish borasidagi shaxsiy javobgarligini kuchaytirish bilan bog‘liq bir qator jiddiy kamchiliklar va tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatadi.
Mamlakatimiz taraqqiyotining zamonaviy bosqichida yangi O‘zbekistonni barpo etish uchun amalga oshirilayotgan shiddatli va keng ko‘lamli islohotlar jarayonida mamlakatimiz oldida turgan ustuvor, strategik va dolzarb vazifalarni tezkor hal qilishda vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish, vazifalari va vakolatlarini aniq belgilash, shuningdek, ularning faoliyati samaradorligi hamda maqsadli vazifalarga erishilishining asosiy mezonlari orqali baholashning yangi tizimini joriy etish maqsadida:
1. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining e’tibori ularga O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining hujjatlari bilan hamda o‘zlarining birinchi rahbarlari tomonidan yuklatilgan vazifalarni bajarishda sustkashlikka, sansalorlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmasligiga qaratilsin.
2. Belgilansinki, vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari (keyingi o‘rinlarda – davlat boshqaruvi organlari) va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari o‘ziga biriktirilgan tarmoq va sohalardagi faoliyatining samaradorligi va natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti oldida shaxsan javobgardir hamda Vazirlar Mahkamasi oldida hisobdordir.
3. Quyidagilarni nazarda tutuvchi davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyatini baholash tizimi joriy etilsin:
davlat boshqaruvi organlari va davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan xo‘jalik birlashmalari (keyingi o‘rinlarda – xo‘jalik birlashmalari) rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlanadi;
har yili ijro intizomining ahvoli yuzasidan baho berishni nazarda tutgan holda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishini baholashning asosiy mezonlari va ko‘rsatkichlari statistik va idoraviy hisobotlar hamda tahliliy ma’lumotlar asosida tizimli monitoring qilinadi;
monitoring natijalari asosida rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati tanqidiy tahlil asosida tegishli davlat boshqaruv organlari kollegial organi va xo‘jalik birlashmalarining kuzatuv kengashlarida hamda Vazirlar Mahkamasida har chorak yakuni bo‘yicha muhokama qilib boriladi;
baholash mezonlari va ko‘rsatkichlari asosida har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga baho berish orqali ularga rag‘batlantirish yoki intizomiy javobgarlikka tortish choralari ko‘riladi.
Vazirlar Mahkamasi:
bir hafta muddatda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlarini tasdiqlasin;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari tomonidan faoliyat ko‘rsatkichlari ijrosi bo‘yicha har oy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, tele va radio kanallar orqali axborot berilishini ta’minlasin.
4. Belgilansinki, davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini baholash tizimi doirasida:
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari har yil yakuni bo‘yicha keyingi yilning 10-yanvariga qadar belgilangan tartibda tasdiqlangan baholashning asosiy mezonlariga muvofiq davlat boshqaruvi organlari hamda xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan ishlab chiqiladi hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining tegishli o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda tasdiqlanadi;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyati har chorak yakuni bo‘yicha kollegial organ yig‘ilishida tanqidiy muhokama qilinadi hamda baholanadi. Bunda, rahbar o‘rinbosarlari tomonidan faoliyat ko‘rsatkichlari ijrosi 70 foizdan kam ta’minlanganda – “qoniqarsiz”, 71 foizdan 90 foizgacha – “qoniqarli”, 91 foizdan 99 foizgacha – “yaxshi” hamda 100 foiz va undan yuqori bo‘lganda “a’lo” deb baholanadi;
har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 5-sanasiga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining kollegial organlari tomonidan rahbarning tegishli o‘rinbosarlari mas’uliyati yuzasidan takliflar tayyorlanadi hamda tahliliy materiallar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilariga kiritiladi;
har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 10-sanasiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosarlari va maslahatchilari taqdim etilgan tahliliy materiallarni tegishli rahbarlar va ularning o‘rinbosarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib, har bir rahbar o‘rinbosari faoliyatiga shaxsiy baho bergan holda ularni rag‘batlantirish choralarini yoki o‘ziga biriktirilgan soha va tarmoqlarda asosiy ko‘rsatkichlarga erishishda mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygani uchun lavozimga loyiqligi masalasini ko‘rib chiqadi hamda bu to‘g‘risida aniq takliflar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga hisobot beradi;
har chorak yakuni bo‘yicha keyingi oyning 15-sanasiga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini baholash natijalari bo‘yicha yakuniy tahliliy materiallar, shu jumladan, ularni rag‘batlantirish yoki intizomiy choralar qo‘llash yuzasidan aniq takliflar umumlashtirilib, ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga yuboriladi. Bunda zaruratga ko‘ra, o‘z faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘yib kelayotgan rahbar o‘rinbosarlari lavozimini qisqartirgan holda ularga yuklangan vazifalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha tegishli departament faoliyatini tashkil etish bo‘yicha takliflar kiritilishi mumkin.
5. Rahbarlar o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlari ijrosi ustidan monitoringni amalga oshirishda asosiy e’tibor quyidagi tizimli va ustuvor masalalarga qaratilsin:
a) iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarida:
makroiqtisodiy barqarorlikni, barqaror va mutanosib iqtisodiy taraqqiyotni ta’minlash, iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks rivojlantirish va diversifikatsiyalash, shuningdek, “xufyona” iqtisodiyotga qarshi kurashish hamda uning ulushini keskin qisqartirish;
yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi bandligini ta’minlash, mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish, aholining daromad topishga qaratilgan tadbirkorlik intilishlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, aholi va biznes uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;
ishbilarmonlik muhitini va biznes yuritish shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta’minlash hamda “Har bir oila – tadbirkor” dasturini izchil amalga oshirish;
investitsiya muhitini yaxshilash, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, ajratilgan kapital quyilmalarni samarali o‘zlashtirish hamda iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda xizmatlar sohasini muhim drayverga aylantirish;
sanoatda eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishning o‘sishi, importni qisqartirish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish;
qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish, shu jumladan, klasterlar faoliyatini tashkil etish, qishloq xo‘jaligiga zamonaviy, innovatsion agrotexnologiyalarni faol kiritish;
innovatsion ishlanmalar va raqamli texnologiyalarni joriy qilish orqali mehnat unumdorligini oshirish;
b) ijtimoiy sohada:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusni hududlarda to‘laqonli joriy etish;
ta’lim tizimini rivojlantirish, uning sifati va samaradorligini oshirish, ilmiy-tadqiqot va innovatsiya faoliyatini rag‘batlantirish;
davlat-xususiy sheriklik shaklidagi nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish ishlarini jadallashtirish hamda ushbu sohaga xususiy sektorni kengroq jalb etish orqali maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish;
sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilash, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalari tomonidan aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish;
pensionerlarni ijtimoiy ko‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish;
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish va sport infratuzilmasini takomillashtirish;
“Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan har bir shaxs bilan individual va tizimli ravishda muntazam ish olib borishni tashkil qilish orqali aholining, ayniqsa, moddiy yordam va ko‘makka muhtoj oilalar, nogironligi bo‘lgan, kam ta’minlangan xotin-qizlar va yoshlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularning real daromadlarini oshirish;
yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish;
turizmni jadal rivojlantirish, tashrif buyurayotgan xorijiy va mahalliy turistlar oqimini ko‘paytirish, yangi turizm mahsulotlarini yaratish, turizm infratuzilmasi va transport logistikani kengaytirish;
ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, aholi o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlarni tashkil etish;
v) kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik sohalarida:
aholining turmush sharoitlarini yaxshilash va ularni munosib turar joy bilan ta’minlash va farovonligini oshirish;
kapital qurilish va qurilish industriyasi sohasini jadal rivojlantirish, ijtimoiy soha, uy-joy va infratuzilma ob’ektlarining sifatli qurilishini ta’minlash;
“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishda orqada qolayotgan qishloq tumanlari va shaharlarni kompleks va jadal rivojlantirish;
aholining sifatli kommunal xizmatlar bilan qamrab olinishini tubdan yaxshilash, ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish tizimini takomillashtirish;
aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash, oqova suv, ichki xo‘jalik yo‘llari va boshqa kommunikatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash;
g) ishni rejalashtirish va “temir intizom”ga asoslangan qat’iy ijro intizomini ta’minlash sohasida:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6166-son farmoniga asosan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning barvaqt va sifatli ijrosini ta’minlash, “temir intizom”ga asoslangan ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ning yangicha ta’sirchan tizimini joriy etish;
hududlarda “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish orqali mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, aholi va tadbirkorlarning muammolarini aniqlash hamda ularni samarali hal etish;
davlat organlarida faoliyatiga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish orqali ular faoliyatining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash;
davlat va hududiy rivojlantirish dasturlarini, oliy va yuqori darajalardagi tashriflar yakunlari bo‘yicha “yo‘l xaritalari”, hududlarda iqtisodiy, ijtimoiy va ma’muriy islohotlarni o‘z vaqtida va to‘liq hajmda amalga oshirish;
aholi bilan o‘zaro hamkorlik va to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini o‘z vaqtida hamda sifatli ko‘rib chiqishni ta’minlash;
xizmat safarlari, shu jumladan, xorijiy davlatlarga safarlar samaradorligi va natijadorligini ta’minlash.
6. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvining boshqa organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish, monitoring qilish va samaradorligini baholash tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlariva maslahatchilari o‘z vakolatiga kiritilgan tegishli yo‘nalishlar va masalalar bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari tomonidan strategik va ustuvor vazifalar, tasdiqlangan “yo‘l xaritalari” hamda o‘rta va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan dasturlarning samarali amalga oshirilishida ularning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda o‘zaro samarali hamkorligini ta’minlash uchun ta’sirchan choralar ko‘radi;
davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari tomonidan ularning o‘rinbosarlari faoliyat ko‘rsatkichlarini baholashning asosiy mezonlaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari va maslahatchilari bilan kelishgan holda ularning oylik shaxsiy ish rejalari tasdiqlab boriladi.
8. O‘zbekiston Respublikasidagi nodavlat notijorat tashkilotlariga rahbar o‘rinbosarining faoliyatini baholashning asosiy mezonlari va ko‘rsatkichlarini ishlab chiqish va tasdiqlash hamda ularning faoliyatiga baho berib borish tizimini joriy etish tavsiya etilsin.
9. Davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari bir oy muddatda belgilangan tartibda tasdiqlangan baholashning asosiy mezonlaridan kelib chiqib, 2021-yil II yarim yilligi uchun davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining faoliyati ko‘rsatkichlarini tasdiqlasin.
10. Mazkur qaror bilan joriy etilayotgan davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholash tizimi 2021-yil yakuniga qadar eksperiment tarzida amalga oshirilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi 2022-yil 15-yanvarga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalarining rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini baholash jarayonlarini puxta tahlil qilgan holda ushbu qaror bilan joriy etilgan tizimni yanada takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritsin.
11. Vazirlar Mahkamasi o‘tkazilgan eksperiment yakunlariga ko‘ra 2022-yil 1-fevralga qadar davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlari faoliyatini samaradorlik ko‘rsatkichlari asosida baholashni tashkil etishda yuzaga kelgan muammolar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, shuningdek, mazkur tizim samaradorligini oshirish maqsadida uni takomillashtirish yuzasidan takliflarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birgalikda har yili muntazam ravishda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarining malakasini oshirish bo‘yicha qisqa muddatli kurslarni tashkil etsin;
Tashqi ishlar vazirligi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi bilan birgalikda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlari o‘rinbosarlarini chet davlatlarga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha qisqa muddatli o‘qish va tajriba orttirishga yuborish bo‘yicha kompleks choralarni ko‘rsin.
13. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda vazirliklar va idoralar rahbariyati faoliyatining ko‘rsatkichlarini baholashda inson omilini kamaytirish maqsadida asosiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha ma’lumotlarni avtomatik tarzda tahlil qilish orqali mavjud holatni aniqlash imkonini beruvchi maxsus elektron platformani ishga tushirsin.
14. Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda mazkur qarordan kelib chiqqan holda davlat boshqaruvi organlari va xo‘jalik birlashmalari rahbarlarining har bir o‘rinbosari vakolatlarini qayta ko‘rib chiqib, ularning funksional vazifalariga vakolat va javobgarlik chegarasini aniq belgilash bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqsin.
15. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga hamda rahbar o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholash tizimining joriy etilishiga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilari belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga 2021-yil 1-oktyabr va 2022-yil 15-yanvarga qadar axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 22-iyul
Manba: O'zA