O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston delegatsiyasi gaz ta’minoti bo‘yicha Turkiya tajribasini o‘rgandi
2021-07-19 | Iqtisodiyot
Energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 1-10-iyul kunlari Turkiyada energetika sohasidagi islohotlarning borishini, gaz transport tizimini o‘rganish maqsadida amaliy tashrif bilan Turkiya Respublikasida bo‘ldi.
Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganish davomida delegatsiya a’zolari ushbu sohada faoliyat yuritayotgan Turkiyaning yetakchi kompaniyalari faoliyati bilan tanishdi. Xizmat safari davomida delegatsiya bir qator shaharlarda, xususan, Do‘zche shahridagi gaz yetkazib berish operatorining ish jarayonlari, hisobga olish, sifat va asosiy ko‘rsatkichlarning aniqlanishi bilan tanishildi. Shuningdek, shirkatning tarkibiy tuzilmasi, unda abonentlarning gaz ta’minotiga ulanishi, loyihalash jarayoni, uy ichi tarmoqlarini qurish, shartnomalarni rasmiylashtirish, to‘lovlarni amalga oshirish, gaz hisoblagichlardan ko‘rsatkichlarni olish jarayonlari ko‘zdan kechirildi.
Bolu shahrida yer osti gaz quvurlarining texnik holatini diagnostika qilish tizimi va gazlashtirish tajribasi o‘rganildi. Xususan, gaz taqsimlash punktlarining holati, texnik tavsifi, ish rejimi hamda gazlashtirish jarayonlari o‘rganildi. Ko‘p qavatli uylarga tabiiy gaz yetkazib beruvchi va xonadon ichidagi quvurlarning montaj qilinishi, loyihalash jarayoni, mobil laboratoriya va undagi gaz siqib chiqishini aniqlovchi qurilmalarning amalda ishlatilishi bilan tanishdi.
Xususan, tabiiy gaz yetkazib berishga ixtisoslashgan «AKSA DOGAL GAS” kompaniyasining ushbu sohadagi tajribasi o‘rganildi. U 2000-yilda tashkil etilgan bo‘lib, Turkiyaning 31 ta viloyat hududida joylashgan 27 ta viloyat markazi hamda 197 ta tuman va shaharlarda gaz ta’minoti bo‘yicha litsenziyaga ega operator hisoblanadi.
Kompaniya Turkiyada faoliyat yuritadigan 72 ta gaz ta’minoti operatoridan 21 tasiga egalik qiladi. «AKSA DOGAL GAS” 32 ming km. gaz tarmog‘i orqali 3,7 mln. iste’molchilarga yiliga 9,6 mlrd. kub metr (ichki iste’molning 20 foizi) atrofida gaz yetkazib beradi.
O‘zbekiston mutaxassislari kompaniyaning ma’lumotlar markazi, Respublika dispetcherlik markazi, iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish tizimi va boshqa sohalarda innovatsion tizimlar faoliyati bilan tanishdi.
Turkiyada iste’molchilar murojaatlarini qabul qilish bo‘yicha respublikadagi yagona taqsimot markazi tashkil etilgan bo‘lib, barcha hududlardagi iste’molchilardan murojaatlar ushbu markazga to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilinib, joylarga yuboriladi. Murojaat kelib tushgan hududga eng yaqin bo‘lgan guruh GPRS tarzda aniqlanib, unga yuboriladi. Belgilangan joyga yetib borish vaqti me’yori 15 daqiqa belgilangan.
ASKUG tizimini O‘zbekistonda tatbiq etish doirasida uskunalarning zarur elementlaridan biri – tabiiy gazni tartibga soluvchi vositalar Turkiyadan yetkazib berilmoqda. Xizmat safari davomida delegatsiya ushbu regulyatorlarni ishlab chiqaruvchi “ESKA” kompaniyasi faoliyati bilan tanishdi. “ESKA” tomonidan gaz regulyatorlari va gaz taqsimlash punktlarini ishlab chiqarish, sifat nazorati, qadoqlash va yuklash asosan inson omilisiz avtomatlashtirilgan tizimdagi robotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Xizmat safari dasturida plastik va regulyatorlar ishlab chiqaruvchi “NTG Plastik” zavodi faoliyati bilan tanishildi. Zavod 1978 yilda tashkil etilganidan beri u turli xil polietilen quvurlar va armatura ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Korxona asosan eksport uchun faoliyat yuritadi, xususan, bu yerda ishlab chiqarilgan polietilen quvurlar (diametri 20 mm.dan 1200 mm.gacha) va qariyb 800 turdagi ulagichlar dunyoning 65 mamlakatiga yetkazib beriladi. Barcha mahsulotlar xalqaro standartlarga muvofiq sertifikatlangan.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vazirligi, Energiya bozorini tartibga solish idorasi (EMRA), “BOTAS Petroleum Pipeline Corporation” davlat kompaniyasi rasmiylari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Ikki mamlakat mutaxassislari gaz ta’minotini tashkil qilishda ilg‘or tajribalarni qo‘llash imkoniyatlari to‘g‘risida fikr almashdi.
Turkiyaning gaz uchun qonunchilikda belgilangan tarif siyosatiga muvofiq, mamlakatda uy-joy iste’molchilari, sanoat iste’molchilari va energiya ishlab chiqaruvchilar uchun 3 turdagi tarif narxlari mavjud.
Ma’lumot o‘rnida, 2020-yilda Turkiyada tabiiy gaz iste’molchilarining umumiy soni 17,5 millionni tashkil etadi, shundan 16,8 millioni aholi iste’molchilari hisoblanadi.
Turkiyada tabiiy gazning umumiy iste’moli 47,7 mlrd. kub metrni, shu jumladan, aholi iste’molchilari – 15,4 mlrd. kub metrni, elektr stansiyalari – 13,6 mlrd. kub metrni, sanoat – 12,7 mlrd. kub metrni va boshqalar 6,0 mlrd. kub metrni tashkil etadi. Bunda tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoj 99,7 foizga importdan qoplanadi (Rossiya, Ozarbayjon va Erondan – tabiiy gaz hamda Jazoir, XDR va Nigeriyadan – suyultirilgan tabiiy gaz).
Xizmat safari natijalariga ko‘ra, Turkiya tajribasiga asoslanib, bozor mexanizmlarini joriy etish elementlarini qo‘llash imkoniyati bir qator yo‘nalishlarda ko‘rib chiqiladi. Xususan, energetika bozori regulyatorini yaratish, davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida gaz taqsimlash tizimi ob’ektlarini foydalanish uchun investorlarga berish shular jumlasidandir.
Manba: O'zA