O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nurobod tumani nurga toʼlib, har tomonlama rivojlanyapti
2021-07-19 | Jamiyat
Bugungi kunda Nurobod tumani har tomonlama rivojlanyapti. Bunda barcha idora va tashkilotlar, keng jamoatchilik vakillari, yoshlar o‘z hissasini qo‘shayotir. Bu haqda gap ketganda, albatta, ikkinchi sektor masʼullarini ham tilga olish o‘rinli. Boisi ushbu sektor faollari hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bilan birga, aholi muammolarini joyiga chiqib o‘rganib, ularni ijobiy hal etish bo‘yicha aniq mexanizm asosida ish yurityapti.
Tuman prokuroriga ikkinchi sektor hududidagi 9 ta mahalla fuqarolar yig‘ini biriktirilgan. Ulardagi 8540 ta oila mavjud.
Sektor hududida 42 ta ijtimoiy soha obʼektlari faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, 534 ta tadbirkorlik subʼekti bo‘lib, ulardan 62 tasi joriy yilning o‘tgan davrida yangidan tashkil etilgan. — Ikkinchi sektor hududida jami 485 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj xonadonlar “temir daftar” kiritilgan bo‘lib, ularda 3314 nafar fuqaro istiqomat qiladi, — deydi tuman prokurori Norso‘luv Soipova.
— Ulardan 673 nafari mehnatga layoqatli bo‘lib, bugungi kunga qadar ikkinchi sektor tashabbusi bilan ulardan 658 nafarining bandligi taʼminlangan. “Temir daftar”da bo‘lgan 462 ta oilaning bandligi va ijtimoiy daromad manbaiga ega bo‘lganligi sababli daftardan chiqarildi. Hozirda daftarda qolgan oilalarga doimiy ravishda moddiy yordam ko‘rsatib kelinmoqda.
Bu hali hammasi emas. O‘tkazilgan xatlov jarayonida 238 nafar ayolning turli xil yo‘nalishlarda muammolari aniqlanib, “ayollar daftari”ga kiritilgan.
Daftardagi 169 nafar ayolning bandligi taʼminlangan. Ulardan 55 nafari korxona va tashkilotlardagi bo‘sh ish o‘rinlariga ishga joylashtirilgan. 31 nafari kasb-hunarga o‘qitildi, 33 nafariga tadbirkorlik qilish uchun kredit ajratilgan. Bugungi kunda “ayollar daftari”da bo‘lgan jami 238 nafar ayolning barchasi daftardan to‘liq chiqarilgan.
Jumladan, “Xalqobod” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi fuqarolar Raʼno O‘sarova va Аziza Xidirovalar “ayollar daftari”da turib, kredit olib tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagi borligini bildirgan. Tuman prokurori, ikkinchi sektor rahbari tomonidan yordam ko‘rsatilib, R.O‘sarova va А.Xidirovalar yigirma sakkiz million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Shu tufayli besh donadan tikuv mashinalari olib, tikuvchilik sexi tashkil qilgan. Hozirgi kunda ular mahalladagi o‘n nafar ishsiz xotin-qizni ham ish bilan taʼminlab, faoliyat olib bormoqda.
Yoshlar masalalari ham tumanning ikkinchi sektori eʼtiborida. “Yoshlar daftari”ga kiritilganlardan 92 nafari ishga joylashtirilgan. 78 nafariga tadbirkorlikka ko‘maklashish maqsadida kredit ajratilib bandligi taʼminlandi. 490 nafar yoshga takroriy ekin ekish uchun yer maydonlari ajratilib, qishloq xo‘jaligida bandligi taʼminlandi, 98 nafar yoshlarga bepul asbob-uskunalar tarqatildi, 8 nafar yoshlar haydovchilik guvohnomasi olish uchun kurslarda bepul o‘qitildi. Qilingan amaliy ishlar orqali jami 861 nafar yoshning bandligi taʼminlanib, “yoshlar daftari”dan chiqarildi, qolgan 104 nafarining bandligini taʼminlash yuzasidan manzilli ishlarni olib borilmoqda.
Ularga kelgusida takroriy ekin ekish uchun yerlar ajratish, o‘zini-o‘zi band qilish, tadbirkorga biriktirish, kasb-hunarga o‘qitish va bo‘sh ish o‘rinlariga joylashtirish rejalashtirilgan.
— Ibrohim ota qishlog‘ida yashayman. “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turardim, — deydi Аbbos Haydarov. — Ikkinchi sektor rahbarining amaliy yoradami bilan tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tib, “Xalq banki”ning tuman filialidan “Har bir oila — tadbirkor” yo‘nalishida 29,5 million so‘m imtiyozli kredit oldim. Natijada akfa eshik va romlar yasash sexini tashkil qilib, o‘z tadbirkorlik faoliyatimni boshladim. Bugungi kunda “yoshlar daftari”dan chiqib, aka-ukalarimni ham ish bilan band qildim.
Manba: «Xalq So'zi»