O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Buxorodagi bozorlarda karantin talablari kuchaytirilmoqda
2021-07-19 | Jamiyat
Respublika maxsus komissiyasi qaroriga asosan joriy yilning 28-iyun kunidan boshlab mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan bir qator talablar kuchaytirildi. Joriy yilning 20-iyuldan boshlab umumiy ovqatlanish ob’ektlariga ham faqatgina ochiq havoda xizmat ko‘rsatishga ruxsat berildi.
–Buxoro shahridagi dehqon bozorlarida savdo shoxobchalari hamda umumiy ovqatlanish ob’ektlarining dizenfeksion holati yanada kuchaytirildi, – deydi Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimi, katta leytenant Murodjon Raxmatulloyev. – Barcha bozorlar, savdo majmualari hududlariga kirish darvozalarida bozor ma’muriyati, sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi, Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari tomonidan hududga kirayotgan aholi tibbiy niqoblarda bo‘lishi nazorat qilinmoqda.
Infra qizil termometr (teplovizor)lar orqali hududga kirayotganlarning isitmasi doimiy o‘lchanib, qo‘llari antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya qilinmoqda. Mas’ul idoralar xodimlari bilan birgalikda bozorlar va savdo majmualarida doimiy tarzda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilib, sotuvchilar tibbiy niqoblar va qo‘lqoplarda savdoni amalga oshirishlari ham nazoratga olinmoqda.
Buxoro shahridagi dehqon bozorlarida va bozor hududidan tashqarida joylashgan oziq-ovqat do‘konlarida bozorlardagi radiotarmoq orqali karantin qoidalariga qat’iy amal qilish, sotuvchilar hamda xaridorlar o‘rtasida ijtimoiy masofa saqlash zarurligi, karantin talablari buzilishiga yo‘l qo‘ygan tadbirkorlarga qat’iy choralar ko‘rilishi, shuningdek, koronavirusga qarshi vaksinaning afzallik tomonlari tushuntirilib, asossiz mish-mishlar tarqatmaslik haqida eshittirishlar berib borilmoqda.
Ko‘rilayotgan bu kabi chora-tadbirlar eng avvalo, fuqarolar sog‘ligini muhofaza qilish, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi.
Milliy gvardiya Buxoro viloyati bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i polkovnik Baxtiyor Saitdjanov boshchiligidagi mas’ullar Buxoro shahridagi "Markaziy dehqon bozori", "Karvon bozor", "To‘qimachi dehqon bozor"laridagi karantin talablariga rioya qilinishini nazorat qilish maqsadida bozorlarni ko‘zdan kechirdi.
Tadbir davomida karantin talablariga rioya qilmayotgan fuqarolar hamda tadbirkorlarga tushuntirishlar berilmoqda. Belgilangan talablarni qo‘pol ravishda buzib kelayotgan shaxslarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.
Tadbir davomida bozorlardagi qo‘riqlov tizimining yo‘lga qo‘yilganligi, shuningdek, ozodalik hamda tartib-intizom holati ham nazoratga olinmoqda. Belgilangan talablarga rioya qilmagan tadbirkorlik sub’ektlari hamda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan bozor ma’muriyati qat’iy ogohlantirilmoqda.
Manba: O'zA