O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekiston Prezidenti BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi rahbarini qabul qildi
2021-07-17 | Siyosat
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi yuqori darajali xalqaro konferensiya tadbirlarida ishtirok etayotgan BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, Yevropa iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Ijrochi kotibi Olga Algayerovani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari BMT institutlari bilan keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan sheriklik jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Tashkilot mamlakatimizdagi islohotlarga ko‘maklashayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Olga Algayerova O‘zbekiston Prezidentiga BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning salomi va yuksak hurmat-ehtirom so‘zlarini yetkazdi.
Mamlakatimizning global maydondagi nufuzi ortib borayotgani, xalqaro hamjamiyat O‘zbekiston yetakchisining, shu jumladan Markaziy va Janubiy Osiyo bog‘liqligini kuchaytirish bo‘yicha tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlayotgani ta’kidlandi.
Ijrochi kotib Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida e’lon qilish bo‘yicha BMT Bosh Assambleyasining rezolyutsiyasi qabul qilinganini hamda O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun BMT Maxsus komissiyasidagi (SPEKA) raisligini yuksak baholadi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va YeIK o‘rtasida Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish va pandemiya oqibatlarini yengib o‘tish borasida, jumladan, iqtisodiyot, savdo va transport, innovatsiyalar, ekologiya va boshqa sohalar bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti