O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Qonunlar mazmuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi
2021-07-17 | Jamiyat
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan yangi tahrirdagi "Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi Qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati xususida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda adliya boshqarmasi, viloyat hokimligi, Iso o‘g‘li Muso masjidi, Xalq ta’limi boshqarmasi, shuningdek, tegishli tashkilotlarning mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Matbuot anjumanida ushbu yangi tahrirdagi qonunni qabul qilish maqsad va vazifalari, o‘rnatilayotgan yangi tartiblar va kutilayotgan natijalar bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonunda mavjud ortiqcha tartib-taomillar
va eskirgan tartibga solish mexanizmlariga chek qo‘yishga qaratilgan qat’iy normalar o‘z aksini topgan.
Shuningdek, Qonun bilan shaxslarning vijdon erkinligini to‘liq ta’minlash va diniy tashkilotlar faoliyatiga ko‘maklashish masalasida muhim yengilliklar nazarda tutildi.
Jumladan, diniy tashkilotni tuzish uchun talab etiladigan tashabbuskorlarning soni ikki barobarga, ya’ni 100 nafardan 50 nafarga kamaytirildi, diniy tashkilotni tuzish haqidagi yig‘ilish o‘tkazilganidan adliya organiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish haqida murojaat qilishgacha bo‘lgan muddat esa ikki karra, 3 oydan 6 oygacha uzaytirildi, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq barcha xizmatlar to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshirilishi joriy etildi, adliya organiga taqdim etiladigan hujjatlar soni qisqardi, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqishning muddati uch barobar qisqartirildi, ya’ni 3 oydan qat’iy 1 oyga tushirildi, diniy tashkilotni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish asoslari aniq belgilandi. Bundan buyon Qonunda ko‘rsatilgan asoslardan boshqa sabablar bilan rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Matbuot anjumanida vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi asosiy ustuvorliklar to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirilib, konfessiyalar o‘rtasida tinchlik va totuvlikni ta’minlash, dunyoviy davlatchilik tamoyilini kafolatlash, shuningdek, aholi ongi va qalbiga yot g‘oyalarning singdirilishiga qarshi ma’rifat yo‘li bilan kurashish muhim ahamiyatga ega ekanligi hamda ushbu prinsiplar mazkur Qonun bilan mustahkamlanganligi alohida ta’kidlandi.
Diniy bag‘rikenglik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash, dinning asl mohiyatini anglash, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi immunitet hosil qilish, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash yuzasidan jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga mas’ullar tomonidan tegishli javoblar berildi.
Manba: O'zA