O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi
2021-07-16 | Jamiyat
“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo xalqaro institutining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkent shahriga kelgan Markaziy Osiyo mamlakatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari, BMT, MDH, SHHT, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash vakillari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tadbir qatnashchilariga yo‘llagan tabrigini Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mazkur institutning ochilishi mintaqaviy va iqtisodiy jarayonlarning ahamiyati tobora ortib borayotganidan dalolat berishini ta’kidladi. Ayniqsa, bunday jarayonlar so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda jadal kechmoqda. Vazir yangi muassasa mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini ekspertlar darajasida batafsil muhokama qilish, turli sohalardagi ko‘p tomonlama loyihalar bo‘yicha amaliy va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqish uchun imkoniyat yaratishiga ishonch bildirdi.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti 2020-yil avgustida O‘zbekiston Prezidenti qarori asosida tashkil etilgan. Institut, ayniqsa, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida yaqin hamkorlikning o‘rnatilishi va mustahkamlanishiga ko‘maklashishga da’vat etilgan.
Yuqori martabali mehmonlar institutning yangi binosi, xodimlar uchun yaratilgan ish sharoitlari bilan tanishdi va Markaziy Osiyo xalqaro instituti mintaqaviy hamkorlik istiqbollarini ekspertlar darajasida muhokama etish, savdo, transport-kommunikatsiya, energetika, suv, ekologiya, gumanitar jabhalarda va xavfsizlik sohasida aniq hamda ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish uchun minbar bo‘lib qolishiga umid bildirdi.
Bugunning o‘zida Markaziy Osiyo xalqaro instituti vakillarining BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va Belarus strategik tadqiqotlar instituti delegatsiyalari bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi