O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Respublikada o‘simliklar karantini va himoyasi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-07-16 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘simliklar karantini va himoyasi boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish, fitosanitar va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalarni yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish tizimini to‘liq xususiy sektorga o‘tkazish, tashqi bozorda mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish va mamlakat eksport salohiyatini kengaytirish, mineral o‘g‘itlar va agrokimyoviy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida:
1. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tashkil etilsin.
2. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlar aksiyadorlarining:
“O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJлaр;
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Kimyolashtirish va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini sinovdan o‘tkazish va ro‘yxatga olish bo‘yicha davlat komissiyasini tugatish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin;
“O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlarni tugatish bo‘yicha Respublika komissiyasi (keyingi o‘rinlarda – Tugatish komissiyasi) tarkibi 1-ilovaga muvofiq va uning hududiy komissiyalarining (keyingi o‘rinlarda – hududiy komissiya) namunaviy tarkibi 2-ilovaaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tugatish komissiyasi (Sh.M. G‘aniyev):
uch oy muddatda “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlar debitor va kreditor qarzdorliklarini belgilangan tartibda xatlovdan o‘tkazib, kreditorlar bilan hisob-kitoblarni amalga oshirsin;
ikki oy muddatda “O‘zagrokimyohimoya” AJ va hududiy “Agrokimyohimoya” AJlar mol-mulklari va asosiy vositalarini xatlovdan o‘tkazib, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligiga (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) o‘tkazish yoki xususiylashtirish choralarini ko‘rsin;
mol-mulk va texnikalar talon-toroj qilinishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rib borsin.
4. O‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ushbu yo‘nalishda zarur ishlov berish texnikalari, agrometeostansiyalar, biolaboratoriya jihozlari va boshqa uskunalar xarid qilinishda davlat tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar qo‘llab-quvvatlashning quyidagi tartibi joriy qilinsin:
a) quyidagilar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya qilinadi:
summasi 10 milliard so‘mdan, foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasining 1,75 barobaridan oshmaydigan milliy valyutada ajratiladigan kreditlar uchun foiz to‘lovlarining xarajatlari, Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, lekin 7 foiz punktdan ko‘p bo‘lmagan qismi;
tijorat banklari tomonidan ekvivalenti 10 milliard so‘mdan oshmaydigan xorijiy valyutada ajratiladigan kreditlar uchun –tijorat banklari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 30 foizigacha, biroq 3 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda foiz;
b) ajratiladigan kredit ta’minotining 50 foizigacha, biroq 10 milliard so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdorda Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi kafillik taqdim etadi.
5. Quyidagilar“Agrobank” ATB tomonidan:
o‘simlik zararkunandalari, kasalliklari va begona o‘tlarga qarshi kurashda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlariga laboratoriyalarni tashkil etish, uskuna va texnikalarni sotib olish hamda aylanma mablag‘lari uchun 200 milliard so‘mlik kredit liniyasi ochilganligi;
Qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida, shu jumladan, o‘simliklarni himoya qilish sohasida ilmiy faoliyatni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislar va aholining bilim darajasini oshirish maqsadida “Agrobank” ATB qoshida “Fermerlar maktabi” tashkil etilganligi;
O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot instituti va sohadagi izlanuvchilarning ilmiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yangi innovatsion tadqiqotlarni amaliyotga joriy qilganlik uchun 10 milliard so‘m miqdorida grant ajratilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
6. Toshkent viloyati hokimligi va “Agrobank” ATBning Toshkent viloyatida o‘simliklarni himoya qilishning kompleks xizmatlarini ko‘rsatuvchi markazni (keyingi o‘rinlarda – Namunaviy markaz) tashkil etish bo‘yicha buyurtmachi etib “Agrobank” ATBni belgilash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
7. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari zimmasiga “Agrobank” ATB bilan birgalikda Namunaviy markaz tajribasi asosida tadbirkorlarning o‘simliklarni himoya qilishning kompleks xizmatlarini ko‘rsatuvchi biznes loyihalarini tashabbuskorlarning o‘z mablag‘lari, bank krediti va lizing asosida bosqichma-bosqich tashkil etib borish vazifasi yuklatilsin.
8. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda Agentlik faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
9. Agentlik:
a) Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan birgalikda 2021-yil 1-dekabrga qadar favqulodda vaziyatlarda zararkunandalarga qarshi kurashish hamda hosilni saqlab qolishni ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash tartibini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) olti oy muddatda “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi va “Qishloq xo‘jalik o‘simliklarini zararkunandalar, kasalliklar va begona o‘tlardan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar normalarini qayta ko‘rib chiqib, Vazirlar Mahkamasiga tegishli qonun loyihasini kiritsin;
v) joriy yil yakuniga qadar mineral o‘g‘it va kimyoviy vositalar importi, ulgurji va chakana savdo faoliyatini litsenziyalanadigan faoliyat turlari ro‘yxatiga belgilangan tartibda kiritish choralarini ko‘rsin;
g) joriy yil yakuniga qadar:
xususiy sektorda o‘simliklar himoyasi sohasida xizmat ko‘rsatadigan yuridik va jismoniy shaxslarning xodimlarini sertifikatlash;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ayrim kimyoviy vositalarni agronom-inspektorning tavsiyasi va retsepti asosida yerdan foydalanuvchining shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida sotish tartibini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlarning samarali va o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida:
a) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.B. Xusanov) Agentlik bilan birgalikda zararli organizmlarga qarshi kurash tadbirlarini amalga oshirishda agronom, fitopatolog, entomolog, xim-biolog bo‘lgan mutaxassislarni ish bilan ta’minlash maqsadida ularni o‘qitish va malakasini oshirish orqali o‘simliklar klinikalari faoliyatini tashkil etish tartibiga muvofiq, o‘simliklar klinikalari va biolaboratoriyalarga jalb qilish tizimini shakllantirsin;
b) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) Agentlikning “e-Fitouz” avtomatlashtirilgan axborot tizimini yanada keng joriy qilish maqsadida sohaga oid barcha faoliyatni ushbu tizimga integratsiya qilishda tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirsin;
v) Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (B.Q. Yusupaliyev) qishloq xo‘jaligi mahsulotlari tarkibida zararli moddalarning (pestitsidlar, mikotoksinlar, nitratlar, toksik elementlar, mineral o‘g‘itlar va boshqalar) miqdorini belgilash va ularning xavfsizligiga qo‘yiladigan talablarni xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirsin.
11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur Farmonda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, yangi tizimni samarali tashkil etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yo‘l xaritalari”ni tasdiqlasin va unda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq hajmda va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.
12. Agentlik Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda:
Farmonning maqsad va vazifalarini ommaviy axborot vositalarida keng yoritish ishlarini tashkillashtirsin;
o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida televideniye orqali ko‘rsatuvlarni doimiy namoyish qilsin hamda ijtimoiy reklama sifatida ularni televideniye va radiokanallarda joylashtirsin.
13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga 3-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
14. Agentlik manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi bosh direktori, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari Sh.M. G‘aniyev zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi to‘g‘risida 2021-yilning 31-dekabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 15-iyu
Manba: O'zA