O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Nufuzli xalqaro forum o‘z ishini boshlaydi
2021-07-15 | Siyosat
Bugun, 15-iyul kuni Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi oliy darajali xalqaro konferensiya o‘z ishini boshlaydi.
Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yangi, ochiq tashqi siyosiy strategiyasi doirasida ilgari surildi.
Ushbu g‘oya Markaziy Osiyoda iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish orqali mintaqamiz bilan iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-sivilizatsion yo‘nalishlarda tarixan chambarchas bog‘liq bo‘lgan hudud — Janubiy Osiyoga chiqishni nazarda tutadi.
Oliy darajadagi mazkur konferensiya transport-logistika, energetika, savdo, ishlab chiqarish, investitsiya, texnologik va madaniy-gumanitar sohalarda “Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo” formatidagi o‘zaro manfaatli strategik aloqa modelini ko‘p tomonlama muhokama qilish uchun siyosiy va ekspertlar maydonini shakllantirishga mo‘ljallangan.
Tadbir ochilish marosimi, bitta yalpi majlis, uchta seksion yig‘ilish va yakuniy qismdan iborat bo‘ladi. Konferensiyada 40 dan ortiq mamlakat va xalqaro tashkilotlardan vakillar qatnashishi kutilmoqda. Konferensiyani yoritish uchun Toshkentga 90 ga yaqin jurnalist va ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurgan.
Manba: O'zA