Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Maxsus vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi tayinlangan Maxsus vakili Teri Hakalani qabul qildi.
Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik hamda madaniy-gumanitar hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
So‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani va strategik xarakterga ega bo‘lgani ta'kidlandi. Shu munosabat bilan ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi navbatdagi tadbirlar masalasi uchrashuv kun tartibidagi asosiy mavzusi bo‘ldi.
Mamlakat ishbilarmon doiralarining Yevropa Ittifoqining “GSP+” Preferensiyalar bosh tizimi afzalliklaridan samarali foydalanish haqida xabardorligini oshirish, shuningdek, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishiga texnik yordam ko‘rsatishga doir qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik qilish yo‘llari muhokama qilindi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi Bitimni tayyorlashni jadallashtirish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar muhokama etildi.
Bundan tashqari, suhbat chog‘ida tomonlar koviddan keyingi davrda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi a'zolari o‘rtasidagi savdo aylanmasini oshirish va madaniy-gumanitar hamkorlikni chuqurlashtirish borasidagi keyingi tadbirlarni belgiladilar.
Yevropa tomoni keng ko‘lamli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonni moliyaviy - texnik yordam vositalari orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etishga tayyorligini bildirdi.
Muzokaralar yakunida tomonlar qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishni jadallashtirish hamda O‘zbekiston va YeI o‘rtasida ko‘p qirrali sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi