O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

2021-07-15 | Hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakatimizda yangi O‘zbekistonni barpo etishdek ulug‘ maqsadga erishish yo‘lida asosiy tayanchimiz bo‘lgan azmu shijoatli yoshlarga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularga barcha sohalarda o‘z iqtidori
va salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratib berish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.

Ayniqsa, umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalarini tamomlab, mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan yigit-qizlarni munosib ish va daromad manbai bilan ta’minlash, ularga zamonaviy kasb-hunarlar, IT-texnologiyalarni o‘rgatish, tadbirkorlikka keng jalb etish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Birgina 2021-yilning o‘tgan davrida yoshlar bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimi hisoblangan "Yoshlar daftari" va "Yoshlar dasturlari" asosida 430 ming nafar yigit qizning hayotiy muammolarini hal etish uchun 300 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgani, 92 ming nafardan ziyod yoshlarning tadbirkorlik loyihalari uchun 2,3 trillion so‘m imtiyozli kreditlar, qishloq joylarda yashayotgan 230 mingдaн ortiq yoshlarga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun 61 ming gektar yer maydoni ajratilgani
bu boradagi ishlarning ko‘lami tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.

Joriy yil 30-iyun kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston yoshlari
va talabalari форумидa ilgari surilgan yangi tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirish hamda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini so‘zsiz ta’minlash maqsadida:

1. 2021-yil avgust oyida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan har bir farzandi uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 500 ming so‘m miqdorida bir martalik moddiy yordam ko‘rsatilsin.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari rahbarlari – “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning 18 yoshgacha bo‘lgan farzandlari sonidan kelib chiqib, to‘lov vedomostlari shakllantirilishi hamda tuman (shahar) mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari orqali ularga moddiy yordam pullarining o‘z vaqtida va manzilli yetkazilishini ta’minlasin.

2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:

“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan farzandlariga 2021/2022 o‘quv yilida birinchi o‘quv yili uchun to‘lov-kontraktning to‘liq summasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

“Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalar farzandlari hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga yangi turmush qurayotganida o‘z xonadonida qo‘shimcha uy-joy qurishi uchun 33 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi;

yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2000 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.

3. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikadagi oliy ta’lim muassasalarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan talabalar uchun Markaziy bankning asosiy foiz stavkasi miqdorida va o‘qish muddati tugagandan keyin yettinchi oydan boshlab 7 yil muddatda qaytarish shartlari asosida ta’lim kreditlari beriladi.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) Markaziy bank (M.B. Nurmuratov) hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X. Toshqulov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda ta’lim kreditlarini berish tartibini nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritsin.

4. Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov) ikki oy muddatda:

oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qo‘llanishini;

yosh oila tomonidan olingan ipoteka kreditlarini va ular bo‘yicha hisoblangan foizlarni er-xotin yoki ulardan birining yoshi belgilangan yoshdan oshguniga qadar har bir soliq davri davomida tegishli miqdorda qoplashga yo‘naltirilgan ish haqi va boshqa daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishini nazarda tutuvchi qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

5. Davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat ko‘rsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarini (bakalavriat, magistratura) tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 1-ilovaga muvofiq qo‘shimcha ustamalar to‘lab borish tartibi joriy etilsin.

Belgilansinki:

nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik ro‘yxatiga kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalari ro‘yxati Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan aniqlanadiva uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oylik ustamalar tatbiq etiladigan ta’lim yo‘nalishlari, tor mutaxassisliklar hamda davlat organlari, tashkilot va muassasalari ro‘yxati shakllantiriladi;

oylik ustamalar 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, ish beruvchi va yosh mutaxassis bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatga tuzilgan shartnoma asosida yosh mutaxassisning lavozim maoshiga qo‘shimcha ravishda har oy to‘lab boriladi.

6. 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab Toshkent shahrida Yoshlar biznes maktabi, 2022-yildan boshlab barcha hududlarda uning filiallari tashkil etilsin.

Quyidagilar Yoshlar biznes maktabining asosiy vazifalari
va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:

mamlakatimiz va chet elning yetakchi tadbirkor va biznes yurituvchilarini jalb etgan holda, yoshlarga tadbirkorlik faoliyati davomida yaxshi natijalarga erishish va biznes yuritishda
xavf-xatarlardan himoyalanish usullarini o‘rgatish;

tadbirkorlikka qiziqqan yoshlarni biznes va tadbirkorlik ko‘nikmalariga o‘qitish, ularda zamonaviy biznes yuritish ko‘nikmalarini shakllantirish, motivatsion biznes-seminarlar va treninglar tashkil etish.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Yoshlar biznes maktabi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilsin.

7. 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab yoshlarning “Biznesga birinchi qadam” startap g‘oyalari tanlovlarini tashkil etish hamda har bir tuman va shaharda kamida uch nafardan g‘olibga grantlar berish amaliyoti joriy etilsin.

Belgilansinki, eng yaxshi loyihalarning har biri uchun bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravarigacha grant mablag‘lari beriladi
va ular 2022-2023-yillarda Davlat byudjetidan 100 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha ajratiladigan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (J.A.Kuchkarov), Innovatsion rivojlanish vazirligi (I.Yu. Abdurahmonov), Moliya vazirligi (J.I. Abruyev), Yoshlar ishlari agentligi (A.Z. Sa’dullayev):

bir oy muddatda startap g‘oyalari tanlovlarini ochiq va oshkora tashkil etish, loyihalarni baholash mezonlari va ularni amalga oshirishni muvofiqlashtirish tartibini tasdiqlasin;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimlari bilan birgalikda startap g‘oyalarning amalga oshirilishiga ko‘maklashsin.

8. “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga yoshlarning yangi g‘oyalar asosida ishlab chiqilgan innovatsion, startap va biznes loyihalarini moliyalashtirish vazifasi yuklatilsin.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi “O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki” AJga ushbu bandda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun 100 million AQSH dollari ekvivalenti miqdorida 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davrni o‘z ichiga olgan holda, Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz bandga past qilib beriladi.

9. Xalq ta’limi vazirligi (Sh.X. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.X. Toshqulov) Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U.N. Tashkenbayev) bilan birgalikda 2021/2022 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida axborot texnologiyalari darslari Kembrij dasturi asosida o‘tkazilishini hamda o‘qituvchilarning ushbu dastur asosida qayta tayyorlanishini ta’minlasin.

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.M. Sadikov) 2021-yil yakuniga qadar barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarini yuqori tezlikdagi Internetga ulash ishlarini to‘liq yakunlasin.

10. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

yoshlar tomonidan ko‘tarilgan taklif va tashabbuslar, muammo hamda masalalar yechimi yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi yoshlari kuni arafasida Hukumatning dasturi, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklarining alohida hududiy dasturlari qabul qilinadi;

mazkur dasturlar yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlardan iborat bo‘ladi.

Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022-yildan boshlab har yili 1- iyunga qadar mazkur bandda ko‘rsatilgan Hukumat dasturi loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin, shuningdek, hududiy dasturlar qabul qilinishini tashkil qilsin.

11. Oliy Majlis Senatiga:

a) yoshlarga oid davlat siyosatini samarali amalga oshirish maqsadida:

mazkur qarorning 10-bandida belgilangan Hukumat va hududiy dasturlarni o‘z vaqtida ishlab chiqilishi, tasdiqlanishi va to‘liq
amalga oshirilishi yuzasidan ta’sirchan parlament nazoratini
o‘rnatish, bu borada xalq deputatlari Kengashlarining faoliyatini muvofiqlashtirish;

yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish;

faol va tashabbuskor yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlarini shakllantirish;

xalq deputatlari Kengashlarida “Yoshlar parlamenti vakillari maktabi”ni tashkil qilish;

b) Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda:

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan rahbarlarning Oliy Majlis palatalari va tegishli xalq deputatlari Kengashlariga hisobot berib borish tartibini joriy etish;

“Biz parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlaymiz” tashabbusni amalga oshirish;

xalq deputatlari Kengashlari tavsiyasi asosida yosh, fidoyi,
azmu shijoatli yoshlarni Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolariga biriktirish tavsiya etilsin.

12. Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi (O.A. Xasanov) Oliy Majlis Senati tomonidan shakllantirilgan yangi avlod zaxira kadrlarini Milliy kadrlar zaxirasiga kiritsin hamda ularning rahbarlik lavozimlariga asosiy nomzod sifatida tavsiya etilishini ta’minlasin.

13. Belgilansinki, 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab hududlarda yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga jalb qilish maqsadida Olimpiya va Paralimpiya hamda Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, jahon, Osiyo va respublika chempionatlarida oxirgi 5 yilda g‘olib va sovrindor (1-3 o‘rin) bo‘lgan sportchi-trenerlarga, shuningdek, olis va chekka hududlarda faoliyat yurituvchi sportchi-trenerlarga:

sport to‘garaklarini tashkil etish uchun tuman va shaharlarda bo‘sh turgan davlat mulki hisoblangan bino va inshootlar elektron savdolar o‘tkazmagan holda, ushbu ob’ektga nisbatan belgilangan eng kam ijara to‘lovi stavkasining 50 foizi miqdorida ijaraga beriladi;

sport to‘garaklarini tashkil etish uchun sport inventarlari, buyumlari va jihozlarini xarid qilish uchun byudjet mablag‘lari hisobidan subsidiyalar ajratiladi;

kamida 100 nafar yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishini tashkil etgan taqdirda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda har oylik to‘lov joriy etiladi.

14. 2021-yil 1-oktyabrdan boshlab har yili yoshlarga mo‘ljallangan badiiy asarlar mualliflarini rag‘batlantirish maqsadida “Bolalar va yoshlar uchun eng yaxshi kitob” tanlovini tashkil etsin.

Belgilansinki, tanlovda g‘olib deb topilgan mualliflarga birinchi o‘rin uchun – 100 million so‘m, ikkinchi o‘rin uchun – 75 million so‘m, uchinchi o‘rin uchun – 50 million so‘m mukofot mablag‘lari ajratiladi.

Moliya vazirligi (T.A.Ishmetov) mukofotlarni to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni 2021-yilda Yoshlar ishlari agentligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshirilishini hamda 2022-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.

15. O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumida yoshlarga oid davlat siyosati sohasida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari
chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq hajmda va sifatli bajarilishi uchun shaxsan mas’ul ekanliklari ko‘rsatib o‘tilsin.

16. Yoshlar ishlari agentligi (A.Z.Sa’dullayev) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish
va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul
va shaxsiy javobgar etib Bosh vazirning o‘rinbosari B.A. Musayev hamda Yoshlar ishlari agentligi direktori A.Z. Sa’dullayev belgilansin.

Farmon ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi to‘g‘risida
2021-yilning 31-dekabr kuniga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                  Sh.MIRZIYOEV

Toshkent shahri,

2021 yil 13 iyul

Manba: O'zA

Поделиться