Para yengil atletika hamda para akademik eshkak eshish bo‘yicha Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlariga lisenziya olgan sportchilar va ularning trenerlari taqdirlandi
Tokio-2020 yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziya qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimi bugun Angrenda davom etdi. Dukent sport bazasida o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev hamda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ishtirok etdi.
Shu kuni para yengil atletika hamda para akademik eshkak eshish bo‘yicha Tokio-2020 ga lisenziya qo‘lga kiritgan terma jamoa sportchilariga 100 million so‘mdan, ularning trenerlariga 50 million so‘mdan bir martalik mukofot pul mukofotlari sertifikatlari topshirildi.
Marosimda so‘z olgan Milliy paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjaev Paralimpiya o‘yinlari ostonasida turgan sportchi va trenerlarga o‘zining samimiy tilaklarini izhor qildi.
“Muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan sportga, hususan Paralimpiya harakatiga qaratilayotgan bunday yuksak e'tibor va g‘amxo‘rlik dunyoning kamdan-kam davlatlaridagina bor. Shunday ekan, biz barchamiz bir jamoa bo‘lib, oldimizda turgan Tokio-2020 Paralimpiya o‘yinlarida ushbu ishonchni oqlashimiz va yurtimizga yuqori natijalar bilan qaytishimiz lozim.
Bu yo‘lda barchangizga avvalambor sog‘lik, kuch-quvvat, sabr va matonat tilayman. Barchangizga omad yor bo‘lsin”,
– dedi Muxtorxon Tashxodjaev. Shuningdek, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Sizlarning mana shunday sabr va matonat bilan ko‘rsatayotgan natijalaringiz har qanday tahsinga sazovor. Albatta, oldimizda katta maqsadlar turibdi. Tokioda bo‘ladigan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida xalqimiz va Prezidentimiz sizlardan yuqori natijalar kutmoqda. Ishonamanki, sizlar albatta bu ishonchni oqlaysizlar va Mustaqilligimizning 30 yillik shodiyonasiga munosib sovg‘a bilan qaytasizlar. Barchangizga yana bir bor omad va zafarlar yor bo‘lsin”,
– dedi Ravshan Ermatov. Shundan so‘ng para yengil atletika bo‘yicha terma jamoa a'zolari
– Sabina Suxanova, Asila Mirzayorova, Muhammad Rexsimov va Nurxon Qurbonova so‘zga chiqib, o‘zlariga nisbatan bildirilgan ushbu yuksak e'tibor uchun Muhtaram Prezidentimizga chuqur minnatdorchilik bildirishdi hamda bu ishonchni Tokioda bo‘ladigan o‘yinlarda oqlashga va'da berishdi.
Manba: Milliy paralimpiya uyushmasi