O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afg‘oniston va Pokiston yetakchilari Toshkentga keladi
2021-07-12 | Siyosat
Ma’lumki, 15-16-iyul kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli anjumanda ishtirok etish uchun Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O‘zbekistonda keladi.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov jurnalistlar uchun brifingda ma’lum qildi.
Sh.Asadovning aniqlik kiritishicha, Pokiston Bosh vaziri rasmiy tashrif bilan, Afg‘oniston rahbari esa xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.
Ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo‘ladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vitse-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo‘llaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.
Yalpi va sho‘’ba majlislarida mintaqaviy bog‘liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan, savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o‘sishni ta’minlashdagi o‘rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do‘stlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, davlatimiz rahbari Afg‘oniston Prezidenti, Pokiston Bosh vaziri, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.
Manba: O'zA