O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Volkan Bozkirning yurtimizga tashrifi yakunlari — BMT rasmiy saytida
2021-07-12 | Siyosat
Shu yilning 5-7-iyul kunlari BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkir yurtimizga tashrif buyurib, davlatimiz rahbari bilan uchrashdi. Shuningdek, Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar bilan tanishgan edi.
Yaqinda BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisi Volkan Bozkirning O‘zbekistonga mazkur tashrifi yakunlariga bag‘ishlangan press-reliz BMT rasmiy saytida e’lon qilindi. “Dunyo” axborot agentligining ma’lum qilishicha, BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi rahbari ushbu press-relizni, shuningdek, «Twitter»dagi sahifasida joylashtirib, O‘zbekiston Prezidenti, BMT doimiy vakolatxonasi va BMT rezident-koordinatoriga qo‘llab-quvvatlov, mehmondo‘stlik va eng muhimi, batafsil va samarali uchrashuv va munozaralar uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekistonga tashrif chog‘ida BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasi raisini O‘zbekiston Prezidenti qabul qilgani qayd etilgan. Volkan Bozkir O‘zbekistonni BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashiga saylangani bilan qutlab, mamlakatning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi ishida faol ishtirok etayotgani uchun minnatdorlik bildirgan, O‘zbekistonning Orol dengizi mintaqasidagi tashabbuslarini ma’qullagan va parlamentlarning barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishdagi rolini e’tirof etgan.
Shuningdek, tashrif doirasida tomonlar Afg‘onistondagi bugungi vaziyat yuzasidan fikr almashgani, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, bu yerda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidlagani haqida xabar qilingan.
COVID-19 pandemiyasi, vaksinatsiya jarayonini adolat va tenglik asosida ta’minlash, raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, gender tengligini qo‘llab-quvvatlash va ayollar, xususan, yoshlar huquqlarini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar xususida fikr almashilganiga e’tibor qaratilgan.
Press-relizda BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov bilan muzokaralar o‘tkazgani ma’lum qilingan. Mazkur uchrashuvda chog‘ida Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va raqamli aloqalarni kengaytirish, shuningdek, COVID-19 qarshi vaksinasi jarayonlari masalalari muhokama qilingan.
Shuningdek, press-relizda Volkan Bozkirning Senat Raisi Tanzila Norboyeva va Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov bilan uchrashuvlari haqida ham xabar qilingan. Uchrashuvlar chog‘ida Volkan Bozkir O‘zbekistonning barqaror rivojlanish yo‘lidagi ko‘p tomonlama sa’y-harakatlarga sodiqligi uchun minnatdorchilik bildirgan. BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi raisi xotin-qizlar yetakchilarining siyosiy faoliyatini rag‘batlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini mamnuniyat bilan qabul qilgan.
Tashrif doirasida Volkan Bozkir YUNESKO e’tirofiga sazovor bo‘lgan qadimiy Samarqand va Buxoro shaharlarini ziyorat qilgani ham e’tirof etilgan.
Manba: O'zA