Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining kompleks rivojlanishini rag‘batlantirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S. Umrzoqov boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalariva tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruhi Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini hozirgi holatini o‘rganish va mazkur hududlarning yanada rag‘batlantirish chora-tadbirlarini ishlab chiqish uchun jo‘nab ketdi.
Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning hozirgi holatini o‘rganish hamda mavjud muammolarni aniqlash maqsadida, tadbirkorlar va mahalliy aholi bilan sayyor tartibda o‘zaro hamkorlik qiluvchi kichik ishchi guruhlar faoliyatining dastlabki natijalari ko‘rib chiqildi. Mahallalar darajasida maqsadli ishlarni mustahkamlash hamda aniq korxonalar, moliyalashtirish manbalari, muddatlari va mas'ul ijrochilarni ko‘rsatgan holda kommunal va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratish masalalarini hal etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Sanoatni rivojlantirish va hududni yanada sanoatlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Hududiy investisiya dasturlari ijrosini tahlil qilish, muammoli masalalarni aniqlash va tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar amalga oshirish topshirig‘i berildi.
Shuningdek, tumanlar kesimida xom-ashyo salohiyati va logistika aloqalarini chuqur o‘rganish hamda yangi loyihalarni amalga oshirish va ishlab chiqarish quvvatlarini joylashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Import o‘rnini bosish masalalariga alohida e'tibor qaratildi -mahalliylashtirish dasturlari doirasida aniq mahsulot turlarini ishlab chiqarishni maqbulligi bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni inventarizasiya qilish va yangi loyiha takliflarini ishlab chiqish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni aniqlash vazifasi belgilandi.
Eksport sohasiga alohida urg‘u berildi. Eksportchilar bilan maqsadli ishlarni jadallashtirish va ularni ishlab chiqarish va tashqi savdo faoliyatida har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi. Shuningdek, mutasaddi rahbarlarga eksport salohiyatini oshirish uchun yangi zaxiralarni topish choralarini ko‘rish topshirildi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi