O‘zbekiston va Rossiya agrosanoat majmui mahsulotlarini «agroekspresslar» yordamida to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish to‘g‘risida memorandum imzoladi
«UzAgroLogistics Centers» agrologistika markazi, «RJD Logistika» AJ va «Rossiya eksport markazi» (REM) AJ Rossiya-O‘zbekiston logistika koridorini rivojlantirish hamda agrosanoat import va eksport yuklarini «Agroekspress» tezyurar refrijeratorli konteynerli poezdlarida tashish borasida hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolashdi.
Bu O‘zbekiston agrosanoat majmuasining eksport mahsulotlarini yetkazish bo‘yicha xizmatlarni hamda Rossiyadan olib kelinadigan import yuklarni yangi sifat darajasiga olib chiqishga imkon yaratadi.
O‘zbekistondan Rossiyaga dastlabki sinov "Agroekspress"ni (qariyb 40 vagon) 2021-yilning kuzida jo‘natish rejalashtirilgan. Xuddi shu temir yo‘l sostavi Rossiyadan O‘zbekistonga qarama-qarshi import oqimini ta'minlab beradi.
Memorandum «Uzagrologistics Centers» MChJ, «REM» AJ, «RJD Logistika» AJ bosh direktorlari Noufalbek Sabirov, Veronika Nikishina va Dmitriy Murev tomonidan imzolandi.
«Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, «Rossiya eksport markazi» AJ, hamda «RJD Logistika» AJ tomonidan ishlab chiqildi, muzokaralar chog‘ida ular agro-oziq-ovqat mahsulotlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni rivojlantirishda ikki tomonlama ko‘mak hamda uchinchi mamlakatlar orqali qayta eksport qilishni kamaytirish zaruratini ta'kidlashdi, — dedi Noufalbek Sabirov. — Bu O‘zbekistondagi yetkazib beruvchilar uchun ham, Rossiyadagi foydalanuvchilar uchun ham birdek manfaatli. Hujjat bilan Rossiyadagi Selyatino stansiyasidan O‘zbekistondagi Chuqursoy va Sergeli stansiyalariga tashish marshrutlari aniqlab berilgan, shuningdek boshqa yo‘nalishlar hisobidan qamrovni kengaytirish imkoniyatlari ko‘zda tutilgan».
Rossiya-O‘zbekiston logistika koridorini tashkil etish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 29-iyuldagi PQ-4406-son «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini yanada rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 11-noyabrdagi VMQ-761-son «Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida «Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat zanjiri infratuzilmasini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilangan vazifalar va imkoniyatlarni amalga oshirish hamda Agro-logistika markazlarini yaratish bo‘yicha loyiha doirasida ishlab chiqilgan.
Hujjatda «Agroekspress» konteynerli tezyurar temir yo‘l poezdlari harakatini yo‘lga qo‘yish orqali «Rossiya-O‘zbekiston» logistika koridori loyihasini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash sohasida tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorligi va umuman olganda, agrosanoat majmuasi mahsulotlari logistikasini takomillashtirish nazarda tutilgan. Bundan tashqari, noxomashyoviy noenergetik eksportni rivojlantirish, transport xizmatlari eksporti, shuningdek boshqa hamroh ish va xizmatlarni taraqqiy ettirish sohasida hamkorlikdagi loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
«2021-yilning birinchi choragida Rossiyadan O‘zbekistonga eksport tashishlar xajmi besh foizga oshdi va deyarli bir milliard dollarni tashkil etdi. Loyihaning to‘laqonli ishga tushirilishi o‘zaro manfaatli marshrutlarni shakllantiradi va rossiyalik eksportchilarni kompleks logistika xizmati hamda Rossiya mahsulotlarini uzilishlarsiz O‘zbekistonga yetkazish kanali bilan ta'minlaydi, bu esa o‘z navbatida ikki mamlakatining yillik tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarini yangi sifat bosqichiga ko‘taradi», — ta'kidladi Veronika Nikishina.
O‘z navbatida, Dmitriy Murev Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida «RJD Logistika» muntazam xizmatini tashkil etishning ulkan salohiyati borasida to‘htaldi. Temir yo‘l transporti vositasi avtotransport vositalariga nisbatan ishonchli va ekologik toza yetkazib berish usuli sifatida rivojlanmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, ixtisoslashtirilgan harakatdagi sostav hatto tashish uchun eng nozik hisoblangan yuklarning ham butligini kafolatlaydi. Rossiyadan O‘zbekistonga va yana ortga samarali doimiy logistika tarmog‘ini tashkil etish ikki mamlakat o‘rtasida tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarini sezilarli darajada oshirishga imkoniyat yaratadi. O‘tgan 2020-yilda ushbu ko‘rsatkich 2019-yilga nisbatan 15% dan ko‘proq miqdorda o‘sgan edi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi