Sanoatni rivojlantirish, investitsiya va tashqi savdo faoliyati sohalaridagi dolzarb vazifalar muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov rahbarligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, viloyatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahar mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining tegishli kompleksining rahbariyati ishtirokida videokonferensiya shaklida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda investitsiyalar va tashqi savdo faoliyatini, sanoat rivojlanishini yanada rag‘batlantirish, texnik tartibga solish tizimini takomillashtirish, chet elga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlarida tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari”ni amalga oshirish hamda mas'ul rahbarlarning ijro intizomini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi tarkibida yangi bo‘linma – Mahalliy sanoatni rivojlantirish va kooperatsiya aloqalari masalalari kotibiyati tashkil etilgani ma'lum qilindi. Ushbu kotibiyatning maqsadlari mavjud tabiiy va iqtisodiy resurslarni tahlil qilish, ichki va tarmoqlararo sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish, mahalliy sanoatni rivojlantirish, jumladan, oziq-ovqat, farmasevtika, to‘qimachilik, ipakchilik, charm-poyabzal, zargarlik, kimyo, elektrotexnika tarmog‘i, shuningdek, hunarmandchilik va qurilish materiallari ishlab chiqarish, mahalliylashtirish darajasini oshirish, ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni ta'minlaydigan xususiy va xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish uchun sharoitlar yaratishdir.
Yig‘ilish davomida kotibiyatning samarali faoliyatini tashkil etish bo‘yicha birinchi darajali chora-tadbirlar belgilab olindi va tegishli ko‘rsatmalar berildi. Jumladan, vazirlik, idora va tarmoq birlashmalari rahbarlari tomonidan qisqa muddatlarda mavjud resurslardan foydalanish, ishlab chiqarilayotgan mahsulot hajmini ko‘paytirish va turlarini kengaytirish hamda eksportni oshirish bo‘yicha aniq takliflarni qamrab olgan sanoat tarmoqlarini rivojlantirish strategiyalari ishlab chiqiladi.
Shu nuqtai nazardan ishtirokchilar tomonidan texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohasida hamda O‘zbekiston Elektron kooperatsiya portali samaradorligini oshirish yo‘nalishida ko‘rilayotgan chora-tadbirlar va dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tarmoqlar va hududlar kesimida joriy yilning yanvar – may oylaridagi investitsiyaviy faoliyat yakunlari hamda joriy yilning dastlabki 9 va 12 oyi uchun kutilayotgan prognoz ko‘rsatkichlari o‘rganildi. Xususan, shu yilning 5 oyi yakunlari bo‘yicha jalb etilgan xorijiy investisiyalar hajmi 4,4 mlrd dollarni tashkil etdi, shundan 2,4 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalardir.
Joriy yilda barcha hududiy investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun 93 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan bo‘lib, buning natijasida 9 771 loyiha amalga oshiriladi va 209 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratiladi. Shu bilan birga, shu yilning yanvar – may oylarida 3 620 ta ishlab chiqarish obekti ishga tushirilib, 43,6 mingta yangi ish o‘rni yaratilganligi qayd etildi. Tasdiqlangan loyihalarning o‘z vaqtida bajarilishi va ularning qisqa muddatlarda ishga tushirilishi ustidan nazoratni kuchaytirish, yuzaga kelayotgan masalalarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida loyiha tashabbuskorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish topshirildi.
Xuddi shunday tartibda joriy va prognozli eksport ko‘rsatkichlari ko‘rib chiqildi: joriy yilning 5 oyi yakunlariga ko‘ra, mamlakat eksportining umumiy hajmi 4,3 mlrd dollarni tashkil etdi, bu esa o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27 foizga oshdi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va tashqi bozorlarda xaridorgir bo‘lgan boshqa yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni eksportga yetkazib berish hajmlarini oshirish vazifasi qo‘yildi hamda mutasaddi rahbarlarga ushbu yo‘nalishda aniq takliflar ishlab chiqish topshirildi.
Uchrashuvda yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha imzolangan “Yo‘l xaritalari”ning amalga oshirilishi, shuningdek, Turkiya, Rossiya, Hindiston, Belarus va boshqa davlatlar hamkorlari bilan qo‘shma loyiha va bitimlarni joriy etilishining hozirgi holati muhokama qilindi. Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasiga qisqa muddatlarda xorijiy mamlakatlar bilan barcha amaliy chora-tadbirlar rejalarining inventarizatsiyasini o‘tkazish, muammoli masalalarni tahlil qilish hamda loyihalar va bitimlar o‘z muddatida bajarilmasligiga yo‘l qo‘ygan masul rahbarlarga nisbatan intizomiy chora-tadbirlar qo‘llanilishi haqida takliflar kiritish topshirilganligi ma'lum qilindi.
Kompleksga kiruvchi vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlarining ijro intizomini mustahkamlash masalalari alohida tartibda muhokama etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlarida, shuningdek, davlat rahbarining viloyatlarga tashriflari yakunlarida tuzilgan bayonnomalarda qayd etilgan vazifalarning o‘z vaqtida bajarilishini taminlash topshirildi. Yig‘ilish yakunida mutasaddi rahbarlarga ko‘rib chiqilgan navbatdagi tadbirlar yo‘nalishlari doirasida qo‘shimcha ko‘rsatmalar berildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi