O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tadi

2021-06-19 | MDH

Joriy yil 29-iyun kuni Toshkentda Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumi bo‘lib o‘tadi.

Forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va MDH Ijroiya qo‘mitasi ko‘magida o‘tkaziladi.  

Gibrid formatda xorijiy ishtirokchilarni onlayn tarzda jalb qilgan holda tashkil etilayotgan axborot xavfsizligi masalalari bo‘yicha muloqot Hamdo‘stlik mamlakatlarining 50 dan ziyod yetakchi ekspertlarini jamlashi kutilmoqda. Unda nafaqat xalqaro tashkilotlar va MDH mamlakatlari yetakchi tahliliy markazlarining vakillari, balki tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari ham ishtirok etadi. MDH Ijrochi kotibi Sergey Lebedev, MDHning aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stligi Ijroiya qo‘mitasi bosh direktori Nurudin Muhitdinov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri maslahatchisi Olimjon Umarov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov tadbirda tabrik nutqini so‘zlaydi.  

Nufuzli ishtirokchilar tarkibi axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi so‘nggi tendensiyalarni muhokama qilish, ushbu sohada noqonuniy holatlarga qarshi kurashishning maqbul usullarini ishlab chiqishda puxta o‘ylangan va muvofiqlashtirilgan yondashuvni kelishib olish imkonini beradi. Ushbu forumni o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Hamdo‘stlik davlat rahbarlarining 2019 va 2020 yillardagi sammitlarida ilgari surilgan edi.  

Eng avvalo, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari, davlat boshqaruvii jamiyat hayoti hamda xizmatlar sohasining keng ko‘lamda raqamlashishi sababli ushbu muammoga katta e’tibor qaratilmoqda. Jamiyat, davlat va biznes raqamlashishi sur’atlarini bir necha barobar tezlashtirgan koronavirus pandemiyasining global oqibatlari ham forumning dolzarbligini va o‘z vaqtida o‘tkazilayotganini tasdiqlamoqda.  

Joriy qilingan cheklov choralari masofaviy ta’lim, teletibbiyot, internet savdo va boshqa sohalar rivojlanishiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatdi. Raqamli texnologiyalarning jadal rivojlanishi va hayotning barcha jabhalariga kirib borishi bilan birga, axborotdan noqonuniy foydalanish xavfi o‘sib bormoqda, bu esa energetika, mudofaa, transport, telekommunikatsiyalar va sog‘liqni saqlash sohalarida ish buzilishiga sabab bo‘lishi mumkin.  

Natijada, nafaqat katta moddiy zarar yetishi, balki fuqarolar hayoti xavfsizligiga xavf tug‘ilishi ehtimoli ham oshib bormoqda. Bunday sharoitda axborot xavfsizligini ta’minlash davlat va jamiyat iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining asosiy omillaridan biriga aylanmoqda. Bu tendensiyalar boshqa dolzarb masalalar bilan birga o‘rta muddatli istiqbol uchun MDH mamlakatlarining kompleks hamkorligining vektorini belgilab beradigan konseptuap hujjatlarda aks etgan.

Hamdo‘stlik doirasida sa’y-harakatlarni birlashtirish va MDHga a’zo davlatlarning axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorligining samaradorligini oshirish, turli amaliy maqsadlardagi himoyalangan axborot tizimlarini yaratishga qaratilgan bir qator hujjatlar qabul qilingan. Xususan, 2020 yilda - MDHda O‘zbekiston raislik qilgan davrda davlat rahbarlari tomonidan MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasi va MDHni 2030 yilgacha iqtisodiy rivojlantirish strategiyasi imzolandi.  

Raqamli iqtisodiyotni va raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishda hamkorlikni chuqurlashtirish ushbu hujjatlarda eng talab yuqori bo‘lgan hamkorlik sohalari sifatida belgilangan. Shu sababli, axborot xavfsizligini ta’minlash va AKTdan foydalangan holda jinoyatchilikka qarshi kurashishga katta ahamiyat berilgan. Shu ma’noda O‘zbekiston tomonidan tashkil etilayotgan birinchi Ekspert forumi raqamlashtirish sohasidagi so‘nggi tendensiyalar va yutuqlar bo‘yicha fikr almashish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qiladi. Tadbir axborot makonida dolzarb xatarlarga qarshi kurashishdagi ilg‘or milliy tajriba bilan o‘rtoqlashish imkonini beradi.

Shundan kelib chiqib, forumning asosiy maqsad va vazifalari MDHni yanada rivojlantirish konsepsiyasining asosiy yo‘nalishlariga muvofiq belgilangan.Tadbir kun tartibi raqamli iqtisodiyot rivojlanishi sharoitida axborot xavfsizligini ta’minlash sohasidagi xalqaro hamkorlik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyatlarga qarshi kurashish, axborot infratuzilmasi ob’ektlarini texnik himoya qilish va kiberjinoyatlarni tergov qilish, axborot makonida inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish kabi muhim masalalarni muhokama qilishni o‘z ichiga olgan.

Munozaralar yakunlari bo‘yicha Axborot xavfsizligini ta’minlash masalalari bo‘yicha xalqaro MDH ekspert forumining yakuniy hujjati qabul qilinishi ko‘zda tutilgan. Mazkur hujjat Hamdo‘stlik doirasida axborot xavfsizligi sohasidagi hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni o‘z ichiga oladi.

Manba: O'zA

Поделиться