Toshkentda O‘zbekiston va Tatariston hududlari o‘rtasida biznes-forum bo‘lib o‘tdi
Toshkent shahrida Tatariston Respublikasi delegatsiyasining tashrifi doirasida O‘zbekiston hududlari va Tatariston ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, Tatariston Respublikasi Prezidenti R.Minnixanov, Rossiya Federatsiyasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi O.Mal'ginov, Toshkent viloyati xokimi D.Hidoyatov va boshqa rasmiylar ishtirok etdi. Jami forum ishida Tatariston va O‘zbekistonning bir nechta hududlaridagi ishbilarmon doiralarining 100 dan ortiq vakillari qatnashdi.
Delegatsiyalar rahbarlari o‘z nutqlarida agrosanoat sohasi, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik tarmog‘i, shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarishda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishning ulkan salohiyatini qayd etdilar. Bozorbop hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlarni ishlab chiqarish va boshqa mamlakatlar bozorlariga olib chiqish maqsadida qo‘shma yuqori texnologiyali sanoat korxonalarini tashkil etish borasida Tatariston va O‘zbekistonning turli hududlaridagi ishlab chiqaruvchilarining resurslari va texnologik imkoniyatlarini birlashtirishning keng istiqbollari qayd etildi. So‘zlarining yakunida, tomonlar ishtirokchilarni Tatariston va O‘zbekiston hududlaridagi tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligiga ishontirib, ularni faol hamkorlik qilishga hamda o‘zaro manfaatli loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishga chaqirdi.
Tadbir doirasida delegatsiyalar vakillari Tatariston ishlab chiqaruvchilarining sanoat ko‘rgazmasiga tashrif buyurib, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar, amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar va tadbirkorlarning hamkorlikni yanada kengaytirish rejalari bilan tanishdi. Ko‘rgazmaning o‘zida O‘zbekiston hududlarining tegishli hokimiyat organlari va Tataristonning vazirlik va idoralari rahbarlariga qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishda biznes vakillariga har tomonlama yordam yordam berish bo‘yicha aniq amaliy choralar ko‘rish topshirildi.
Turli tarmoqlarning investitsiyaviy va savdo imkoniyatlari taqdimotlari hamda Rossiya bozoridagi yetakchilari hisoblangan Tataristonning yirik korxonalari va O‘zbekistonning Toshkent shahri va viloyati tadbirkorlari o‘rtasida “B2B” formatidagi manzilli uchrashuvlar ham tashkil etildi.
Forum yakunlari bo‘yicha Toshkent viloyati va Toshkent shahri hokimliklari hamda Tatariston Respublikasi hukumati o‘rtasida 2021-2022-yillarga mo‘ljallangan hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari” imzolandi. Mazkur hujjatlarga savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish, shaharsozlik, munisipal boshqaruv, transport, uy-joy kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash sohalarida tajriba almashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar hamda aniq investitsiya loyihalarini amalga oshirish ham kiritilgan.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi