O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
O‘zbekistonning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan o‘z e’tirofini topmoqda
2021-06-15 | Siyosat
So‘nggi yillarda O‘zbekiston rahbariyati va hukumati tomonidan inson huquqlarini har tomonlama himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilib, yuqori bahoga sazovor bo‘lmoqda.
Ma’lumki, inson huquqlarini ta’minlamay turib davlatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, madaniy-insonparvarlik muammolarini hal etish g‘ayri imkon.
Mamlakatimizda demokratiya va inson huquqlarining hozirgi davr mezonlariga javob beradigan barqaror siyosiy tizimi tashkil etilgan bo‘lib, bu yo‘nalishda barcha darajada, ya’ni qonunchilik, ijro va sud hokimiyati organlari faol ish olib bormoqda. Eng asosiysi, O‘zbekiston jamiyatida qonun ustuvorligi tamoyiliga hurmat bilan munosabatda bo‘lish qaror topmoqda, inson huquqlari madaniyati shakllanmoqda.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning ta’sirchan tizimini tashkil etdi. Tizim parlament Ombudsmani, bolalar Ombudsmani, biznes-Ombudsman va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazini qamrab olgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi (IHK) va shartnoma qo‘mitalari tavsiyalari hisobga olingan holda 2020 yilning iyunida birinchi marta Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy strategiyasi qabul qilingani holda bu dasturilamal hujjat izchil hayotga tadbiq etilmoqda.
Umuman, O‘zbekistonning IHKga saylanishi xalqaro hamjamiyat tomonidan respublikada erishilgan muvaffaqiyatlar hamda jamiyatni liberallashtirish sohasidagi islohotlarni amalga oshirishda kuzatilayotgan taraqqiyot, insonning asosiy huquq va erkinliklari mustahkamlanayotgani, shuningdek, davlatimiz rahbarining inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi xalqaro hamda mintaqaviy tashabbuslari e’tirof etilishining yaqqol tasdig‘i hisoblanadi.
“O‘zbekiston Prezidenti mamlakatda demokratik o‘zgarishlarning asosiy ustuvor yo‘nalishlarini aniq va ravshan tarzda belgilab berdi, deydi Ispaniyaning Yevroosiyo tadqiqotlari assotsiatsiyasi rahbari Fernando Moragon. - Xususan, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarda markaziy o‘rin inson huquqlari va erkinligi asoslarini ta’minlash, jamiyatda ayollar o‘rnini oshirishga qaratilgan”.
O‘zbekiston Prezidentining BMT Bosh Assambleyasi 75-yubiley sessiyasi, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqlari, shuningdek, mamlakat parlamentiga Murojaatnomasida yangi O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi hal qiluvchi ustuvorliklarini belgilab berdi. Ular, xususan, sog‘lom bo‘lish huquqini ta’minlash, gender tenglik, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish, yoshlar huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari sohasida ta’lim, sudlar mustaqilligini mustahkamlash, qiynoqlarga qarshi kurash, inson huquqlari sohasida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish kabi sohalarni qamrab olgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Prezidenti global, mintaqaviy va milliy ko‘lamdagi qator muhim tashabbuslarni ilgari surmoqda. Ular amalda har bir insonning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashning barcha mexanizmlarini, mavjud muammolarni hamda ularni hal etish yo‘llarini o‘z ichiga oladi.
“O‘zbekiston Prezidenti tashabbuslarida mantiqiylik mavjud, ular chuqur o‘ylangan, amaliy va xalqaro andozalarga moslashtirilgan, - deydi Tailand Milliy assambleyasi yuqori palatasining senatori Abdulhalim Minsar. - Aynan shuning uchun, mening fikrimcha, tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan iliq kutib olinmoqda”.
O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi global tashabbuslari sirasiga quyidagilarni kiritish mumkin.
BMTning “Inson huquqlari yo‘lida harakatga da’vat” tashabbusini ilgari surish. BMTning mazkur tashabbusi O‘zbekistonda ushbu sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarga hamohangdir.
Bugungi kunda intellektual va ma’naviy rivojlangan, tashabbuskor yoshlar barqaror rivojlanishning yetakchilari bo‘lmoqda. Jahonda ikki milliard nafarga yaqin yoshlar bor. Bu yil O‘zbekistonda “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb e’lon qilingan. Insoniyat tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqiy toqatsizlik, iqlim o‘zgarishi, shuningdek, Covid-19 pandemiyasi kabi duch kelayotgan ko‘pgina muammolarni hal etish yoshlarning faol ishtirokisiz bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Prezidenti tomonidan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi halqaro konvensiyaning qabul qilish bo‘yicha ilgari surilgan tashabbus jahon hamjamiyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Yana bir global tashabbus bu - BMTning Inson huquqlari sohasida ta’lim va tarbiya bo‘yicha deklaratsiyasi doirasidagi majburiyatlarni bajarishdir.
Ushbu sohada O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligining rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda davlatimiz rahbari o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi amaliy darajaga ko‘taradigan yangi tashabbuslarni belgilab berdi.
Sud kengashlarining maqomi va faoliyatiga bag‘ishlangan xalqaro prinsiplarni ishlab chiqish borasidagi O‘zbekiston tashabbusi ham alohida ahamiyatga ega. Hozirgi paytga qadar sud kengashlari faoliyati masalalarini tartibga soladigan hech qanday xalqaro hujjat mavjud emas.
O‘zbekiston sud-huquq sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga ustuvor e’tibor bermoqda, natijada sudlarning mustaqilligi va adolatli sud ishi huquqini himoya qilish sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish bo‘yicha aniq choralar qabul qilindi.
Mamlakatimizning mintaqaviy darajadagi inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari ham dunyo hamjamiyati va mintaqa mamlakatlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Xalqaro ekspertlarning baholashlaricha, O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ushbu yo‘nalishda ilgari surilgan uch muhim tashabbus alohida e’tiborga molik.
Birinchisi - joriy yilda 2020-yil tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari Yetakchi ayollarining muloqotidagi raislik O‘zbekistonga o‘tdi. Shuni ta’kidlash kerakki, BMT ma’lumotlariga ko‘ra, yalpi ichki mahsulotning o‘sishi bevosita ayollar tadbirkorligining rivojlanish darajasiga bog‘liqdir. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari Yetakchi ayollari muloqotining majlisini, shuningdek, biznes-anjumanini tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Mazkur tadbirlar xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish sohasidagi eng yaxshi tajriba va amaliyotni o‘rtoqlashish, ularning ish bilan munosib ravishda band bo‘lishini ta’minlash hamda biznesini rivojlantirish, ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishlarining oldini olishga, shuningdek, bu sohada xalqaro va mintaqaviy darajalardagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Ikkinchisi - imkoniyati cheklangan odamlarning o‘z imkoniyatlaridan foydalanish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengashni tashkil etish.
O‘zbekiston aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishni, shu jumladan, nogironlikni belgilashning “ijtimoiy modeli” jahon standartlariga muvofiq bo‘lishiga bosqichma-bosqich o‘tish muhimligini alohida ta’kidlaydi. Mintaqaviy kengash muntazam ravishda imkoniyati cheklangan odamlar huquqlarini ta’minlash, ularni jamiyatga integratsiyalash, o‘z imkoniyatlaridan foydalanishi uchun qulay sharoitlarni yaratish masalalarini muhokama qilish va qarorlar ishlab chiqish imkonini beradi.
Uchinchisi, O‘zbekiston izchil ravishda Osiyo mintaqasida inson huquqlari bo‘yicha mintaqaviy mexanizmni yaratish tashabbusini ilgari surayotganidir. Mamlakatimiz tashabbusi bilan muntazam amal qiladigan minbar – Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand anjumani tashkil etildi.
Taklif etilgan mintaqaviy mexanizmning tashkil etilishi Osiyo qit’asida inson huquqlarini va erkinliklarini ta’minlashni yaxshilashga, tegishli mintaqaviy va xalqaro mexanizmlarni mustahkamlashga ko‘maklashadi.
O‘zbekistonning milliy darajada inson huquqlari sohasidagi yangi tashabbuslari ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, BMTning “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq, 2030-yilgacha Kun tartibi doirasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish tashabbusidir.
O‘zbekiston BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishiga qat’iy sodiq. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan 2017–2021-yillardagi Harakatlar strategiyasining ustuvorliklari Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘la mutanosibdir. Kambag‘allik bilan kurashish, fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy huquqlarini ta’minlash yangi O‘zbekistonning ustuvorliklari hisoblanadi.
Yana bir tashabbus BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qilishdir. Ushbu hujjat hozircha XXI asrda qabul qilingan yagona konvensiya hisoblanadi. O‘zbekiston uni 2009 yilda imzolagan. Bu mamlakatimizning alohida ehtiyojlarga ega shaxslar, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishga sodiq ekanidan dalolat beradi.
Bu yil “Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari to‘g‘risida”gi yangi qonun kuchga kirdi. Konvensiyani ratifikatsiya qilish O‘zbekistonda ushbu sohada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatdan yangi darajaga olib chiqishga xizmat qiladi.
Navbatdagi tashabbus Bolalar Ombudsmani to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishidir. Ushbu hujjat qonunchilik darajasida asosiy g‘oyalar, maqsadlar, ustuvorliklar, qonunning amal qilishiga taalluqli bo‘lgan shaxslar doirasini, ularning asosiy huquq va majburiyatlarini o‘rnatadi.
Uning joriy yilda – Bola mehnatini bartaraf etish xalqaro yilida qabul qilinishi O‘zbekistonning bolalar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga sodiqligini anglatadi.
Yana bir tashabbus BMT Bosh kotibi Antonio Guterrishning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini qisqartirish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rish to‘g‘risidagi da’vatini qo‘llab-quvvatlash bilan izohlanadi.
2020-yilda 50 ming nafar vatandoshimizga O‘zbekiston fuqaroligi taqdim etildi. 2021-yilda yana 20 ming odamga fuqarolik taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
O‘zbekistonning fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo‘yicha siyosati BMTning Qochoqlar ishlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi tomonidan ijobiy baholanmoqda.
Qiynoqlarga qarshi kurash bo‘yicha tashabbus ham yuqori e’tirofga sazovor bo‘lmoqda. Bu O‘zbekistonda sud-huquq islohotlarining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Qiynoqlarning oldini olish milliy preventiv mexanizmini joriy etish bo‘yicha ish boshlandi. Jasliq qo‘rg‘onida joylashgan ixtisoslashtirilgan jazoni ijro etish koloniyasining yopilishi muhim insonparvarlik voqeasi bo‘ldi. Ko‘rilayotgan choralar natijasida ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlarning soni deyarli uch barobarga kamaydi.
O‘zbekiston tashabbuslarining amalga oshirilishi global va mintaqaviy darajalarda o‘zaro hamkorlikning noyob modelini yaratish imkonini berib, har bir insonning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda amalga oshirish yo‘lida xalqaro ko‘lamda namuna bo‘lib xizmat qiladi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi