O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashining mamlakat fermer va dehqonlariga murojaati
Hurmatli va aziz fermerlar!
Dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sharoitda qishloq xo‘jaligidagi mavjud resurslar va imkoniyatlardan to‘liq foydalanish, oziq-ovqat ekinlarini ikki barobarga ko‘paytirish, yuqori hosil olish, qishloq xo‘jaligi sohasida yangi ish o‘rinlarini yaratish muhim vazifalardan biridir. Shunday murakkab pallada dehqonu fermerlarimiz har qachongidan ko‘ra ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kmoqdalar.
Azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat bilib qadrlaydi. Ulkan zahmatlar evaziga yetishtirilgan hosilning bir donasini ham nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish bilan dehqonlarimizning mehnati tugamaydi.
Galdagi vazifa g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga xalqimiz dasturxoni uchun zarur bo‘lgan takroriy ekinlarni vaqtida ekish va yuksak hosildorlikka erishishdir.
So‘nggi yillarda dehqonlarimizning samarali mehnati va sohada ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarning qo‘llanilishi natijasida mo‘l hosil olish imkoniyati kengayib bormoqda.
Agrar sohada bozor tamoyillari keng joriy qilinishi natijasida fermer va dehqonlarimizning ish samaradorligi va moddiy manfaatdorligi oshib bormoqda. Ilgari foydalanishdan chiqqan yerlar o‘zlashtirilmoqda.
Bugun fermer va dehqonlarimiz qishloq xo‘jaligida asosiy kuch bo‘lib, klasterlar bilan hamkorlikda mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Davlatimiz rahbarining yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish siyosatini fermerlar qo‘llab-quvvatlanishi natijasida, ularga qariyb 60 ming gektar yer ajratib berildi, tajribali fermer va dehqonlar biriktirilib, har tomonlama ko‘maklashilmoqda.
Bunday yerlarda dehqonchilik qilayotgan shijoatli, g‘ayratli yoshlarimiz bugun birinchi hosilni yig‘ishtirib olishayapti va ikkinchi ekinni ekishni boshlab yuborishdi.
Natijada, respublika bo‘yicha 200 mingdan ziyod yoshlar bir mavsum davomida kamida 10-15 million so‘mdan daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Hurmatli Fermerlar!
Boshoqli don mahsulotlarini nes-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, g‘alladan bo‘shagan yerlardan samarali foydalanish va eksportbop sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirishda fermer xo‘jaliklari mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida quyidagi muhim tadbirlarni amalga oshirishingizni:
birinchidan, yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlarini nes-nobud qilmasdan qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olish uchun barcha zarur choralarni ko‘rish;
ikkinchidan, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini tezkorlik bilan somondan tozalab, shudgorlab, yerlarni ekishga tayyorlash ishlarini tashkil etishingiz;
uchinchidan, g‘alladan bo‘shagan yerlarni birinchi navbatda ishsizlar, ehtiyojmand oilalar vakillari, yoshlar va ayollar daftaridagi fuqarolarga hamda tomorqadan samarali foydalanayotgan tomorqa yer egalariga takroriy ekin ekish uchun mavsumiy ijara shartnomasi asosida o‘rtacha 20 sotixdan beg‘araz yer ajratib berish va ekish ishlarida ko‘maklashishingiz;
to‘rtinchidan, ajratilgan yer maydonida o‘z ko‘magingiz ostida takroriy ekinlar ekilishini ta’minlashingiz, kelgusida ko‘proq eksportbop mahsulotlar yetishtirilishida hamda ishsiz, kambag‘al aholining daromadlarini oshishida o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz.
Bunday saxovatpeshalik bilan qilingan ishlaringiz Hukumatimiz tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanib, soliq imtiyozlari berilmoqda. Shuningdek, tuman sektor rahbarlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari va faollari, Fermerlar kengashi xodimlari Sizga takroriy ekin ekadigan talabgorlar bilan shartnoma munosabatlarini rasmiylashtirishda, ularni urug‘, ko‘chat va boshqa moddiy texnika resurslari bilan ta’minlashda hamda yetishtirilgan hosilni realizatsiya qilishda meva-sabzavot klasterlari, “Tomorqa xizmati” MCHJlar, eksportyor korxonalari tomonidan yaqindan ko‘mak beriladi.
Zero, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ishsiz fuqarolarga ajratiladigan 15-20 sotix yerlarda dehqonchilik qilishi, ularga
8-10 million so‘m daromad olib keladi, bu bilan Siz yoshlar, ayollar hamda xorijda ishlab yurgan va ishlab qaytgan ishsiz aholimizni ish bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Aziz va qadrli fermerlar!
Bugun xalqimiz Sizni “rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari” deb ulug‘lab, shijoatingiz, g‘ayrat va matonatingizga ko‘z tikib turganini bir zum bo‘lsa-da, esdan chiqarmasligingiz kerak.
Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon bo‘lishi sizning mashaqqatli mehnatingizga bog‘liq.
Nega deganda, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda fermer va dehqonlarimizning o‘rni beqiyos bo‘lib, uni hech narsa bilan o‘lchab ham, baholab ham bo‘lmaydi.
Biz hurmatli Yurtboshimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!
Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi hammamizga nasib etsin!
O‘zbekiston fermer, dehqon
xo‘jaliklari va tomorqa yer
egalari kengashi
Manba: O'zA