O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Dushanbeda birinchi O‘zbekiston - Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tdi

2021-06-09 | Iqtisodiyot

9-iyun kuni Boxtar shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikiston Respublikasiga tashrifi arafasida birinchi O‘zbekiston – Tojikiston hududlararo investitsiyaviy forum bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Davlatali Said, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov, ikki mamlakat vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, savdo-sanoat palatalari, chegaradosh viloyatlari rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Tojikistonning turli hududlaridan kelgan 300 ga yaqin tadbirkorlar ishtirok etdi.
 
Forumni ochar ekan ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari iqtisodiy sheriklikni kengaytirish, yuqori texnologiyali qo‘shma korxonalarni tashkil etish, ommabop mahsulotlar ishlab chiqarish va istiqbolli bozorlarga kirib borish bo‘yicha kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishning salmoqli salohiyatini qayd etib, O‘zbekiston va Tojikiston ishbilarmon doiralari vakillarini faol va muvaffaqiyatli hamkorlikka chaqirdi.
 
Savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarni mustahkamlash yo‘nalishlari haqida so‘zlar ekan, ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari hududlararo aloqalarni rivojlantirishga alohida e'tibor qaratdilar. Ta'kidlandiki, geografik jihatdan yaqinligi va logistikaning qulayligi investitsiya loyihalarini amalga oshirish va o‘zaro savdoni rivojlantirish uchun misli ko‘rilmagan qulay shart-sharoitlar yaratadi. Shu munosabat bilan, yangi loyihalarni ishlab chiqish va qo‘shma biznes tashabbuslarini amalga oshirishda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasida ikki mamlakat chegaradosh hududlari rahbarlarining birgalikdagi sa'y-harakatlari yanada faollashtirilishi zarurligi ta'kidlandi.
 
Iqtisodiyotning turli tarmoqlarida istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida 50 mln dollarlik ustav kapitaliga ega O‘zbekiston – Tojikiston investitsiya jamg‘armasi tashkil etilgani tilga olindi.
 
Forum davomida ikki mamlakat hududlari va tegishli idoralar rahbarlari so‘zga chiqib, investitsiyaviy hamkorlikning imkoniyatlari, shuningdek, avtomobil' sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini birgalikda ro‘yobga chiqarish yuzasidan aniq takliflarning taqdimotini o‘tkazdi. Shuningdek, tadbir doirasida “B2G” va “B2B” shaklida ishtirokchilarning manzilli uchrashuvlari va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
 
Forum yakunlari bo‘yicha Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Eksport agentligi bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, avtomobil, transformator, maishiy texnika ishlab chiqarish, intensiv bog‘lar, issiqxona komplekslari, qishloq xo‘jaligi va meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha bitimlar, shuningdek, bir qator savdo shartnomalari imzolandi. Imzolangan hujjatlarning umumiy summasi 730 mln dollarni tashkil etdi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Поделиться