O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti rasmiy tashrif bilan Tojikistonga boradi

2021-06-09 | Siyosat

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-11-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi.

Tashrif dasturida Dushanbe shahrida ikki tomonlama tadbirlar – rasmiy kutib olish marosimi, tor doiradagi va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar, ijtimoiy ob’ektlar ochilishi va ikki tomonlama hujjatlar imzolanishiga bag‘ishlangan onlayn marosimlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Ko‘p qirrali sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e’tibor qaratiladi. Prezidentlar xalqaro siyosat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashadilar.

Bundan tashqari, davlat rahbarlari Tojikiston poytaxtida qo‘shma madaniy tadbirlarda ishtirok etadilar, So‘g‘d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashuv o‘tkazib, qator sanoat ob’ektlari bilan tanishadilar.

Tadbirlar yakunida O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikning muhim sohalarini qamrab olgan 30 dan ziyod hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Keyingi yillarda O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlari sifat jihatidan yangi bosqichga – strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani, aniq amaliy mazmun bilan boyiganini alohida ta’kidlash joiz.

Davlat rahbarlarining tashabbusi bilan va qat’iy siyosiy irodasi tufayli ikki birodar mamlakat va xalq o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishning dolzarb masalalari hal etildi.

O‘zaro savdo hajmi bir necha barobar ortib, o‘tgan yili 500 million dollardan oshdi, 200 dan ortiq qo‘shma korxona tashkil etildi. Gumanitar sohada faol almashinuvlar, hududlar o‘rtasida samarali aloqalar amalga oshirilmoqda.

Pandemiya bilan bog‘liq murakkab sharoitda O‘zbekiston va Tojikiston koronavirus oqibatlarini yengib o‘tishda o‘zaro birdamlik ko‘rsatib, bir-biriga yelkadosh bo‘ldi.

Bo‘lajak sammitga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakat Bosh vazirlari rahbarlik qilayotgan Hukumatlararo komissiyaning yig‘ilishi, ilmiy-amaliy konferensiya, O‘zbekiston kinosi kunlari va boshqa tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Tashrif arafasida birinchi Hududlararo forum va Ishbilarmonlar kengashining uchrashuvi o‘tkaziladi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться