Standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi islohotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish yo‘lida navbatdagi qadamdir
7-iyun kuni Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori, shuningdek, ushbu hujjatlar qabul qilinishi munosabati bilan mamlakatda texnik tartibga solish sohasida kutilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini ochib berishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Investisiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari B.Abidov, ITSV huzuridagi O‘zbekiston texnik tartibga solish agentligi Bosh direktori R.Sattarov, tadbirkorlar va eksportchilar, shuningdek, idora ekspertlari va mutaxassislari ishtirok etdi.
O‘zbekiston iqtisodiyotining raqobatbardoshligi va eksport salohiyatini oshirish davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lganligi sababli 2020 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishning yalpi hajmi 2019 yilga nisbatan 13 foizga oshib, 367 trln so‘mga yetganligi qayd etildi.
Bunday sharoitlarda hamda O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo‘lishi yuzasidan muzokaralar faol bosqichida ekanligini va Yevropa Ittifoqi “GSP+” preferensiyalar bosh tizimi benefisiar maqomiga ega bo‘lganligini hisobga olgan holda, texnik reglamentlarini ishlab chiqish va joriy etish hamda ularni umum e'tirof etilgan xalqaro texnik qoidalar bilan uyg‘unlashtirish orqali ichki va tashqi bozorlarda mahalliy mahsulotlar raqobatbardoshligini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib hisoblanadi.
Texnik jihatdan tartibga solish tizimining xalqaro talablarga moslashuvi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti (JST), Yevropa Ittifoqi (EI), Yevroosiyo iqtisodiy Ittifoqi (EOII), Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH) hamda boshqa davlatlar bilan hamkorligi jarayonida alohida o‘rin tutib, mamlakatlararo ishlab chiqarish va texnologik aloqalarni kengaytirish hamda o‘zaro savdo to‘siqlarni olib tashlash uchun qulay sharoit yaratadi.
Taqdimotlar davomida so‘zga chiqqanlar standartlashtirish va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi asosiy o‘zgarishlar va yangiliklar, xususan, “O‘zstandart” Agentligi negizida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tashkil etilishi haqida so‘z yuritdilar. Agentlikning vazifalari texnik jihatdan tartibga solish va metrologiya sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish, standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalarida tarkibiy islohotlar va o‘zgarishlarni chuqurlashtirish hamda milliy sifat infratuzilmasini takomillashtirishdan iborat bo‘ladi.
Ushbu maqsadlarga erishish uchun 10 ta yo‘nalish bo‘yicha 23 ta amaliy chora-tadbirlardan iborat “Yo‘l xaritasi” tasdiqlangan. Tadbir davomida hujjat yo‘nalishlari hamda ularni amalga oshirish muddatlari haqida batafsil ma'lumotlar berildi.
Shuningdek, joriy etilgan yangi tartibga muvofiq, tadbirkorlar va eksportchilarga taqdim etilayotgan imtiyozlardan amalda foydalanish mehanizmlari ham atroflicha tushuntirildi.
Ochiq munozara tarzida o‘tgan tadbir davomida ishtirokchilar jurnalistlar, tadbirkorlar va eksportchilarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi