Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionatida an'ana buzildi, Yangi O‘zbekiston yoshlari dunyoda tengsiz!
Shu yilning 4-7-iyun kunlari Toshkentda qo‘l jangi bo‘yicha VI Jahon chempionati bo‘lib o‘tdi. Ta'kidlash kerak, musobaqa ilk marotaba Rossiya Federatsiyasi hududidan tashqarida tashkil etildi.
Garchi butun dunyoda hamon pandemik vaziyat hukm surayotgan bo‘lsa-da, “sharq gavhari” Toshkent mezbonlik qilgan musobaqaga jahonda qiziqish juda yuqori bo‘ldi. Faqat, yana o‘sha pandemik vaziyat, bir qator davlatlarda chegaralar yopilganligi boshqa sabablar tufayli juda ko‘plab davlatlar yurtimizga o‘z sportchilarini yubora olishmadi.
Shunga qaramay oltinchi bor o‘tkazilgan Jahon chempionatida dunyoning 31 ta mamlakatidan umumiy hisobda 300 nafardan ziyod sportchi g‘oliblik uchun bahs olib borishdi. Toshkentga Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi prezidenti Sergey Astaxov, Hakamlar hay'ati raisi Igor' Kuftin, shuningdek 9 ta davlatning qo‘l jangi federatsiyalari prezidentlari hamda vise-prezidentlari kelishganligi ham musobaqa nufuzi yuqori bo‘lganligini ko‘rsatib turibdi.
Ma'lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi 1997-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 2006-yildan Xalqaro qo‘l jangi federatsiyasi a'zosi sanaladi.
2020-yil sentyabr oyidan buyon O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasining raisi sifatida Milliy gvardiya qo‘mondoni, general-mayor R.Djuraev ishlab kelmoqda.
Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionati doirasida O‘zbekiston terma jamoasi a'zolari 8 ta oltin, 11 tadan kumush va bronza, jami 30 ta medalni qo‘lga kiritishdi. Mazkur natija vakillarimizga umumjamoa hisobida faxrli 1-o‘rinni taqdim etdi. Shu kungacha o‘tkazilgan barcha Jahon chempionatlarida Rossiya terma jamoasi 1-o‘rinni egallab kelayotgan edi. Demak, Toshkentda an'ana buzildi: Yangi O‘zbekiston yoshlarining yangi g‘alabalari barchamizga muborak bo‘lsin!
Qo‘l jangi bo‘yicha Jahon chempionatida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz ro‘yxati: O.Normurodov (-70 kg), M.Quvondiqova (-55 kg), G.Normatova (-50 kg), G‘.Jamoliddinov (-60 kg), S.Jaloliddinova (-60 kg), S.Kim (-70 kg), U.Nizomiddinov (-85 kg), J.Raxmonaliev (-90 kg);
Kumush medal' sohiblari: J.Sobitov (-55 kg), J.Jumaev (-75 kg), N.Narziqulova (-46 kg), S.Rajabova (-55 kg), Sh.Tursunov (-60 kg), I.Ergashev (-65 kg), U.Jumanova (-65 kg), J.Solixonov (-80 kg), U.Abdullaev (-70 kg), F.Qosimov (-85 kg), R.Qo‘chqorova (+75 kg).
Bronza medali sohiblari: B.Otajonov (-55 kg), M.Xotamov (-80 kg), S.Sattorqulov (-90 kg), I.Komilov (+90 kg), Sh.Zohidova (-46 kg), M.Omadova (-50 kg), Z.Suyumova (-60 kg), E.Shmikova (-75 kg), M.Esonova (-75 kg), N.Umarova (+75 kg), M.Esonova (mutlaq vaznda).
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi