O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Ko‘chma savdo faoliyatiga axborot texnologiyalarini joriy etish va savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-06-05 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
1. 2021 yil 1 dekabrdan boshlab shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra:
ko‘chma savdo faoliyati tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan ko‘chma savdo ob’ektlarini elektron tarzda “K – SAVDO” avtomatlashtirilgan axborot tizimida (keyingi o‘rinlarda – “K – SAVDO” AAT) ro‘yxatdan o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda, tadbirkorlik sub’ektlaridan ro‘yxatdan o‘tkazish uchun yig‘im undirilmaydi;
ko‘chma savdo joyi (xususiy mulkdorlarga tegishli joylardan tashqari) ko‘chma savdo ob’ektlarining joylashish sxemalari bo‘yicha “K – SAVDO” AAT orqali elektron auksionda sotiladi.
2. Belgilansinki:
auksionning boshlang‘ich narxi tegishli tuman (shahar)dagi yer uchastkasining yer solig‘i miqdorida belgilanadi. Bunda, auksion orqali sotishdan kelib tushgan pul mablag‘larining 80 foizi tegishli tuman (shahar) mahalliy byudjetlariga, 20 foizi Davlat soliq qo‘mitasining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi;
auksion g‘olibi tomonidan ko‘chma savdo joyining qiymati to‘liq to‘langanidan so‘ng unga “K – SAVDO” AAT orqali avtomatik ravishda QR-kod qo‘yilgan guvohnoma beriladi hamda u mazkur joydan 36 oy muddatga foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda ko‘chma savdo joyidan foydalanish bo‘yicha shartnoma tuzish talab etilmaydi.
3. Tadbirkorlik sub’ektlari yoki fuqarolarning “K – SAVDO” AATda ro‘yxatdan o‘tmasdan ko‘chma savdo faoliyati bilan shug‘ullanayotganligi birinchi marta aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari xodimlari ularga chakana savdo faoliyatini “K – SAVDO” AAT ro‘yxatdan o‘tgan holda amalga oshirish bo‘yicha zarur tushuntirish ishlarini olib borsin hamda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha amaliy yordam ko‘rsatsin.
4. Savdo avtomatlari orqali tovarlarni sotish va (yoki) xizmatlarni ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlarini yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida:
savdo avtomatlariga nisbatan nazorat-kassa texnikalaridan majburiy foydalanish talabi tatbiq etilmasligi;
sotadigan tovarlari va (yoki) ko‘rsatadigan xizmatlari turidan qat’i nazar bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar chakana savdo sohasidagi soliq to‘lovchi deb e’tirof etilishi belgilansin.
5. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda ko‘chma savdo,
shu jumladan savdo avtomati orqali chakana savdo faoliyatini amalga oshirish tartibini belgilovchi Hukumat qarorini qabul qilsin.
6. Davlat soliq qo‘mitasi manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Davlat soliq qo‘mitasi raisi Sh.D. Kudbiyev belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh. Mirziyoyev
Manba: O'zA