O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2021-06-05 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchilligini ta’minlash va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish maqsadida:
1. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi va Moliya vazirligining eng kam pensiya va nafaqa miqdorlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflarini inobatga olib, 2021 yilning 1 iyulidan boshlab:
a) belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qo‘shimcha to‘lov (keyingi o‘rinlarda – qo‘shimcha to‘lov) joriy etilsin.
Bunda, ish staji to‘liq bo‘lmagan chog‘dagi pensiyalarning eng kam miqdori qo‘shimcha to‘lovni hisobga olgan holda 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshiriladi;
b) belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 000 so‘mgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik bo‘yicha pensiyalari miqdori 565 000 so‘mga yetkazilsin;
v) zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 030 so‘mdan 400 000 so‘mga yetkazilsin;
g) boquvchisini yo‘qotganlik:
pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun qo‘shimcha to‘lov joriy etilsin;
pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 675 so‘mdan 400 000 so‘mga oshirilsin va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya to‘lansin;
nafaqasi oluvchi oilalarning barcha a’zolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun nafaqa miqdori 400 000 so‘m va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun 150 000 so‘mdan qo‘shilishi belgilansin;
d) bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 350 so‘mdan 565 000 so‘mga oshirilsin.
2. Moliya vazirligi ushbu Farmonda belgilangan chora-tadbirlar bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi qoldiq mablag‘lari hamda respublika byudjeti hisobidan ajratilishini ta’minlasin.
3. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga Moliya vazirligi bilan birgalikda ushbu Farmon maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga ilovaga muvofiq o‘zgartirishlar kiritilsin.
5. Moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
6. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari J.A.Kuchkarov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2021-yil 4-iyun
Manba: O'zA