O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Gibrid shaxmat bo‘yicha Osiyo chempioni taqdirlandi, vazir chempionga qarshi dona surdi

2021-06-04 | Sport

Turizm va sport vazirligida gibrid shaxmat bo‘yicha Osiyo chempionligini qo‘lga kiritgan Shamsiddin Vohidovni taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Bosh vazir o‘rinbosari – O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov chempionga esdalik sovg‘alarini topshirdi va u bilan dona surdi.

Kuni kecha gibrid shaxmat bo‘yicha o‘tkazilgan onlayn musobaqada hamyurtimiz Shamsiddin Vohidov eng yaxshi natijani qayd etib, Osiyo chempioni degan yuksak nomga sazovor bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

Shaxmatchimiz ushbu g‘alabasi evaziga bir vaqtning o‘zida Jahon kubogi yo‘llanmasini ham qo‘lga kiritdi. Natijada dunyoning eng kuchli shaxmatchilari ishtirokida o‘tadigan Jahon kubogida Vatanimiz sharafini naqd 5 (!) nafar grossmeysterimiz himoya qiladigan bo‘ldi. Bular – jahonning eng yosh va iqtidorli shaxmatchilari bo‘lmish Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattarov, shuningdek Nodirbek Yoqubboyev, Javohir Vohidov hamda Shamsiddin Vohidov.

Aziz Abduhakimov avvalo yosh shaxmatchimizni bunday ajoyib g‘alabaga erishganligi bilan samimiy muborakbod etdi hamda Shamsiddin kabi isteʼdodli yoshlar ertamiz egalari uchun namuna bo‘lib xizmat qilishi, qanchadan-qancha yoshlar ularga o‘xshashga intilishini taʼkidladi.

“Shu sababli, sizdan tez-tez viloyatlarga, chekka-chekka hududlarga chiqib, shaxmatga qiziquvchi yoshlarga mahorat darslari o‘tishingizni, joylarda o‘zingiz kabi iqtidorli yoshlarni kashf etishga hissa qo‘shishingizni so‘rayman”, - dedi vazir.

Shundan so‘ng Shamsiddin Vohidovga O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimovning tabriknomasi o‘qib eshittirildi. Unda jumladan shunday so‘zlar bor edi:

“Bugungi kunda hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahnamoligida sportni yana-da rivojlantirish, yosh avlodni har jihatdan yetuk va barkamol etib tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda aql gimnastikasi – shaxmatni rivojlantirish ham ustuvor yo‘nalishlardan biriga aylandi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “Shaxmatni yana-da rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori O‘zbekistonda shaxmatni yana-da keng targ‘ib qilish, yosh shaxmatchilarni tayyorlash borasidagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqdi.

Shaxmat azaldan ota-bobolarimizning sevimli intellektual mashg‘uloti bo‘lgan. Buyuk Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Alisher Navoiy kabi ajdodlarimiz shatranj o‘ynaganliklari tarixiy hujjatlarda muhrlangan. Shu ikki muhim omil sabab aynan O‘zbekiston yoshlari shaxmat chempionlari bo‘lishga haqli, deyish mumkin.

Xalqaro arenalarda Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, o‘zbek shaxmati shuhratini jahon miqyosida keng tarannum etgan holda, sportning boshqa turlari qatori shaxmatni ham yoshlarimiz o‘rtasida yana-da ommalashtirishda Sizning alohida o‘rningiz bor.

Sizning ushbu yorqin g‘alabangiz yangi O‘zbekistonda sport sohasini rivojlantirishga alohida eʼtibor berilayotganligining yorqin ifodasi, deb ayta olaman. Ushbu g‘alabangiz mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz yillik to‘yiga munosib sovg‘a bo‘ldi. Keyingi marra – yurtimiz bayrog‘ini jahon chempionatida ham yuqori ko‘tarasiz, deb niyat qilamiz!” Tadbirda Aziz Abduhakimov tomonidan Osiyo chempioniga zamonaviy shaxmat dasturlari jamlangan kompyuter sovg‘a qilindi.

Shuningdek, mana shunday iqtidorli shaxmatchini tarbiya qilgan ota-onasiga ham minnatdorlik izhor qilindi. O‘z navbatida, Sh.Vohidov mana shunday yuksak eʼtibor uchun tashakkur bildirib, bundan yana-da ruhlangan holda yangidan-yangi g‘alabalar bilan Vatanimiz shaʼnini ulug‘lashga astoyidil harakat qilishini taʼkidladi. Tadbir yakunida esa Turizm va sport vaziri, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov Osiyo chempioniga qarshi dona surdi. 

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi

Поделиться