O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Prezident sayloviga tayyorgarlik keng qamrov va qat'iy izchillik

2021-06-02 | Saylov

Joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu barcha darajadagi saylov komissiyalarining zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar bo‘yicha bilimini tizimli asosda shakllantirish muhim vazifa sifatida belgilangan.
 
Mamlakatimiz saylov tizimini isloh qilish va yanada demokratlashtirish, uning huquqiy asoslarini mustahkamlash, milliy qonunchiligimizni saylov huquqiga oid xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirishga alohida e'tibor qaratilayotganini ta'kidlash darkor.
 
Joriy yilning 8-fevral kuni qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga doir qonun bilan saylov qonunchiligining takomillashtirilishi buning yorqin dalili bo‘ldi.
 
Milliy saylov tizimidagi bunday izchil va keng ko‘lamli islohotlar saylovda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta'minlanishi uchun uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari, barcha saylov tashkilotchilari o‘z ishini eng ilg‘or demokratik prinsiplar asosida va yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishida muhim omil bo‘lishi tabiiy.
 
Markaziy saylov komissiyasining ishi shu kunlarda har qachongidan jadalllashib, ko‘lami kengaygan. Qo‘yilgan vazifalardan kelib chiqib,  Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rishning barcha bosqichlarida amalga oshiriladigan aniq chora-tadbirlar belgilab olingan.
 
MSKning  aprel' oyida bo‘lib o‘tgan  majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi va Markaziy saylov komissiyasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga oid qator normativ-huquqiy hujjatlari qabul qilindi. Saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi tasdiqlandi. Saylovga tayyorgarlik jarayonlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan izchil muvofiqlashtirib borilmoqda.
 
Ko‘p bosqichli jarayon
 
Saylov ko‘p bosqichli tashkiliy tayyorgarlikni talab qiladigan jarayon ekanligi ma'lum. Bunday mas'uliyatli jarayon tashkilotchilari va ishtirokchilarining saylov qonunchiligi hamda amaliyotiga oid bilim va amaliy ko‘nikmasini oshirish, mashg‘ulotlarga yuqori malakali ekspertlarni jalb etish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, Bosh prokuratura akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv  imzoladi.
 
Nomi qayd etilgan konsepsiyada  saylov komissiyalari a'zolarining saylov qonunchiligi va saylovda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimi hamda amaliy ko‘nikmasini oshirishga qaratilgan seminar-treninglarni tashkil etish va o‘tkazishni uch bosqichda amalga oshirish nazarda tutilgan. 
 
Shundan kelib chiqib, Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti  professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi mutaxassislari safidan yuqori malakali ekspertlar tarkibi shakllantirildi.
 
Yuqori malakali ekspertlar tomonidan Markaziy saylov komissiyasi bilan kelishilgan holda o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlandi. Ta'kidlash joizki, o‘quv-metodik materiallarni ishlab chiqishda milliy saylov qonunchiligining eng muhim jihatlariga, shuningdek  YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyasi yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalarga alohida e'tibor qaratilgan.
 
Xususan, saylov komissiyalari a'zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat'iy amal qilish, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirish, shuningdek, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibini atroflicha yoritish kabi muhim masalalar shular jumlasidandir.
 
O‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallar shay holatga keltirilganidan so‘ng, mamlakatimizning yetakchi oliy ta'lim professor-o‘qituvchilari orasidan 56 nafar respublika trenerlari tarkibi shakllantirildi va ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirildi.
 
Hududiy trenerlarga uslubiy va amaliy ko‘mak berish va ta'lim sifatini monitoring qilishni tashkil etish maqsadida Toshkent shahrida joylashgan yetakchi oliy ta'lim muassasalarining 104 nafar professor-o‘qituvchilaridan iborat monitoring guruhlari tuzildi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahriga biriktirildi. Shu bilan birga,  respublikaning 206 ta tuman (shahar)ining har birida  4 nafardan jami 824 kishilik,  zarur hollarda ularga ko‘maklashish uchun qo‘shimcha ravishda har bir hududga 8 nafardan yana 112 nafar hududiy trenerlar tarkibi shakllantirildi.
 
Dastlabki bosqich
 
Joriy yil 28-apreldan 6-mayga qadar Davlat boshqaruvi akademiyasida saylov komissiyalari a'zoligiga nomzodlar va saylov jarayoni boshqa tashkilotchilarining malakasini oshirish uchun mas'ul  56 nafar respublika treneri, hududlardagi seminar-treninglarni tashkil etish va ko‘maklashish hamda sifatini nazorat qilish bo‘yicha 104 nafar respublika monitoring guruhi hamda boshqa mas'ul shaxslar ishtirokida seminar-treninglarning  dastlabki bosqichi o‘tkazildi.
 
Treninglar davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitusiyaviy-huquqiy asoslari, saylovni o‘tkazuvchi saylov komissiyalari tizimi, vakolatlari va vazifalari, saylov jarayonida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar va mahalliy kuzatuvchilarning ishtiroki, ularning huquq va majburiyatlari, muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etish, saylov kuniga tayyorgarlik ko‘rish, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylov natijalarini aniqlash va e'lon qilish tartibi kabi mavzular keng qamrab olindi.
Seminar-treninglar 15-21 kishilik kichik guruhlarda tashkil etilib, interfaol usullarda, jumladan, ma'ruza, videodars, saylov jarayonlarini modellashtirish, trening, simulyasiya, bahs-munozara tarzida olib borildi.
Davlat boshqaruvi akademiyasida boshlangan ushbu seminar-treninglar saylov komissiyasi a'zoligiga nomzodlar va boshqa tashkilotchilarning saylov qonunchiligi bo‘yicha malakasini oshirish tizimining dastlabki bosqichi bo‘ldi va mashg‘ulotlar hududlarda davom ettirildi.
Bir hafta davom etgan seminar-trening Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi va shu asosida tayyorlangan o‘quv-metodik materiallar asosida aynan shu ekspertlar tomonidan olib borildi. Jarayonda o‘n ikkita mavzuda videodarslar tasvirga olinganini, “Saylov qonunchiligi va amaliyoti” o‘quv-amaliy qo‘llanmasi tayyorlanganini ham ta'kidlash o‘rinli.
 
Yangicha yondashuv
 
Hududlarda 17-may kuni boshlanib, 24-mayga qadar davom etgan seminar-treninglarda har bir guruh mashg‘ulotlar yakuni bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Bosh ilmiy-metodik markaz negizida ishlab chiqilgan maxsus ta'lim platformasi orqali test topshirdi. Barcha tinglovchilar o‘quv kursini muvaffaqiyatli yakunladi. Monitoring guruhi hamda hududiy trenerlar tomonidan test natijalari tahlil etildi.
 
Hududiy seminar-treninglarda Markaziy saylov komissiyasi a'zolari va yetakchi mutaxassislari ham faol ishtirok etganini alohida qayd etish zarur. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizomxodjaev Komissiyaning doimiy asosda ishlovchi a'zolari bilan birgalikda Toshkent, Sirdayo  va Jizzix viloyatlarida bo‘lib, saylov komissiyalari a'zolarining malakasi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish maqsadida butun mamlakatimiz bo‘ylab tashkil etilgan seminar-treninglardagi mashg‘ulotlar jarayoni bilan tanishdi.
 
Jizzax davlat pedagogika institutida  tashkil etilgan hududiy seminar-trening ishtirokchilari bilan bo‘lgan ana shunday muloqot chog‘ida joriy yilning oktyabr' oyida bo‘ladigan Prezident saylovini milliy saylov qonunchiligi va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish borasida belgilangan muhim vazifalarning ijrosi haqida so‘z bordi.
 
Prezident sayloviga nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham qiziqish katta, deb ta'kidladi Z.Nizamxodjaev. Chunki ilg‘or demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotgan Yangi O‘zbekistonda fuqarolarning  saylov huquqini amalda keng ta'minlashga qaratilgan  ulkan o‘zgarishlarni jahon hamjamiyati katta qiziqish va hayrixohlik bilan kuzatib turibdi.
 
Bunday buyuk o‘zgarishlar  saylov tashkilotchilari tomonidan bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida puxta tayyorgarlik ko‘rishni, saylovni yuksak saviyada tashkil etishni, puxta bilimga ega bo‘lishni, o‘z vazifasiga katta mas'uliyat bilan yondoshishni talab etadi, deb qayd etdi Markaziy  saylov komissiyasi Raisi o‘z nutqida.
 
Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlardan yaxshi xabardor bo‘lsa, axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olsa, Prezident saylovining muvaffaqiyati shunchalik to‘kis ta'minlanadi. Saylovchilar uchun ham, kuzatuvchilar uchun ham – barcha uchun qulay sharoit yaratiladi.
 
Markaziy  saylov komissiyasi Raisi viloyatlarda amaliy mashg‘ulotlar uchun jihozlangan ayrim saylov uchastkalarini borib ko‘rdi. Ularda saylovchilar, uchastka saylov komissiyalari a'zolari va kuzatuvchilar uchun yaratilgan sharoit bilan tanishdi.  
 
“Prezident sayloviga tayyorgarlik ishlari, xususan, saylov tashkilotchilarining malaka va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga butunlay  yangicha yondashuv hududiy seminar-treninglarda yaqqol sezildi, - deydi hududiy seminar-trening tinglovchisi,  Qoraqalpoq davlat universiteti katta o‘qituvchisi Gulnaz Berdimuratova.
 
– Bu, avvalo, saylovning Yangi O‘zbekiston sharoitida yangicha o‘tishi  mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tub islohotlar berayotgan yuksak samaralar,  xalqimiz erishayotgan ulkan yutuqlar, fuqarolarning siyosiy-huquqiy ongi va madaniyati yanada yuksalib, barcha sohalar rivojida ochiqlik, oshqoralik, demokratiya tamoyillari tobora mustahkamlanib borayotgani bilan bevosita bog‘liqdir. Shu bois treninglar savol-javoblar, taklif va tavsiyalar, munozaralarga juda boy bo‘ldi”.
 
“Treninglarda interfaol vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalanilayotgani mashg‘ulotlarning sifat va samaradorligini oshirmoqda, - deydi Davlat boshqaruvi akademiyasi kafedra mudiri Xushvaqt Xayitov. -  Ishtirokchilardan okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari hamda ovoz berish xonalarini jihozlash, saylov kuni ovoz berishni tashkil qilish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish davrida jamoat tartibini ta'minlash, saylov natijalarini aniqlash jarayonini puxta o‘zlashtirish ta'lab etiladi. Shu bois, ularning seminarda olgan nazariy bilimlari amaliy mashg‘ulotlarda yanada mustahkamlandi”.
 
Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan o‘qishlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada tashkil etish uchun saylov komissiyalari a'zolarining malakasini oshirishga jalb etilgan hududiy trenerlarning saylov qonunchiligi va jarayoni bo‘yicha bilim hamda ko‘nikmalarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
 
Mashg‘ulotlar zarur jihoz va vositalar (proektor, elektron doska, komp'yuter, marker, ichimlik suvi, dizenfeksiya vositalari, dozatorlar hamda antiseptiklar) bilan to‘liq ta'minlangan auditoriyalarda olib borildi.
 
“Viloyatimizda o‘tgan seminar treninglarga 97 nafar hududiy trener hamda saylov jarayonining boshqa ishtirokchilari jalb etildi, - deydi Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Hamidov. - Saylov jarayoni ishtirokchilari milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlardan yaxshi xabardor bo‘lishi va axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olishi kerak. Bunday keng ko‘lamli targ‘ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshirishda zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish pandemiya sharoitida, ayniqsa,  juda muhim”.
 
Eng muhim bosqich
 
Saylov qonunchiligi bo‘yicha hududiy trenerlar malakasini oshirish bo‘yicha jami 1463 nafar tinglovchi ishtirok etgan seminar-treninglar nihoyasiga yetdi. Shu munosabat bilan Davlat boshqaruvi akademiyasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mas'ullar bilan videomuloqot o‘tkazildi. Tadbirda hududiy trenerlarni o‘qitish bo‘yicha o‘tkazilgan seminar-treninglar natijalari batafsil muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘rildi. 7 iyundan tuman-shaharlarda boshlanadigan seminar-treninglarning navbatdagi bosqichiga yuksak saviyada tayyorgarlik ko‘rish borasidagi vazifalar belgilab olindi.
 
Qayd etish joiz, tayyorlangan hududiy trenerlar endilikda tuman va shaharlarga taqsimlanib, iyun'-sentyabr' oylarida uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga 32 mingdan ortiq nomzod uchun mashg‘ulotlar o‘tkazadi. Seminar-treninglarning navbatdagi, eng muhim bosqichiga tayyorgarlik ishlari qanday? Bu savolga javobni Farg‘ona viloyati misolida ko‘rish mumkin.
 
“Viloyatda 2,3 milliondan ko‘proq saylovchi ro‘yxatga olingan, - deydi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi a'zosi Orzigul Qozixonova. - Viloyatda jami 1203 uchastka saylov komissiyasi tuzilishi rejalashtirilgan. Hozirgacha 3609 nafar uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar ro‘yxati shakllantirildi. Shuningdek, har bir tuman-shaharlar sektorlari kesimida jami 76 namunaviy uchastka saylov komissiyasi va 152 har biri 30 kishiga mo‘ljallangan auditoriya xonalari tayyorlanib, o‘quv-seminar mashg‘ulotlarini o‘tkazish uchun tayyor holatga keltirildi”.
 
Bunday izchil tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishini, mamlakatimizning xalqaro demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishini  ta'minlash, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi.

Manba: Markaziy saylov komissiyasi

Поделиться