O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
2021-06-01 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishining ta’sirchan tizimini yaratishda “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi o‘rnini mustahkamlash, uning ahamiyatini yanada oshirish hamda samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 10-fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–6166-son Farmoni bilan:
“Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi (keyingi o‘rinlarda – “Ijro.gov.uz” tizimi) orqali qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari (keyingi o‘rinlarda – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar) ijrosini nazorat qilishning mutlaqo yangi tizimi joriy qilinganligi;
2021-yil 1-maydan boshlab barcha davlat organlari va tashkilotlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlarida ijroni nazorat qilish, nazorat kartotekalarini yuritish va hisobotlarni shakllantirish
faqat “Ijro.gov.uz” tizimida amalga oshirilishi belgilanganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlashning 1 va 2-ilovalarga muvofiq quyidagi tartibi joriy etilsin:
birinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritish uchun Adliya vazirligiga yuboradi;
ikkinchi bosqich – Adliya vazirligi “Ijro.gov.uz” tizimiga nazoratga olinadigan topshiriqlarni kiritadi, mazkur topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas’ul ijrochilar va bajarish muddatlarini belgilaydi. Bunda, Vazirlar Mahkamasi Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar bo‘yicha o‘zining apparatida topshiriqlardan kelib chiqqan holda mas’ul ijrochini, zarur bo‘lganda, vazirlik va idoralarni belgilaydi hamda topshiriqlarni nazoratga oladi;
uchinchi bosqich – davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarni to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi va bu haqda “Ijro.gov.uz” tizimiga belgilangan shakldagi ma’lumotlarni kiritadi;
to‘rtinchi bosqich – Adliya vazirligi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati to‘g‘risidagi umumlashtirilgan ma’lumotlarni har oyda Vazirlar Mahkamasiga kiritib boradi;
beshinchi bosqich – Vazirlar Mahkamasi “Ijro.gov.uz” tizimida Hukumat tizimidagi davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari va boshqa tashkilotlar tomonidan kiritilgan hamda Adliya vazirligi tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni tasdiqlaydi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, har oyda Rayosat majlislarida qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi natijadorligini tanqidiy ko‘rib chiqadi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga tegishli takliflar bilan birgalikda umumlashtirilgan ma’lumot kiritadi;
oltinchi bosqich – Hisob palatasi “Ijro.gov.uz” tizimida mas’ul ijrochilar tomonidan kiritilib, Adliya vazirligi va Hukumat tomonidan tekshirilgan ma’lumotlar to‘liqligi va haqqoniyligini tekshiradi, ularni nazoratdan yechadi yoki mas’ul ijrochiga qayta ishlashga jo‘natadi, shuningdek, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro holati bo‘yicha har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib boradi;
yettinchi bosqich – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini nazorat qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtiradi.
3. Ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha yagona va uzluksiz “texnologik zanjir”ni tashkil qilish borasidagi ustuvor yo‘nalishlar etib quyidagilar belgilansin:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar loyihalarini har tomonlama puxta hamda yuksak professional darajada tayyorlash;
boshqaruv tizimini, zamonaviy O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichini, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani, shuningdek, respublika hududlarini maqsadli hamda ustuvor vazifalarga muvofiq takomillashtirish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini samarali va rejali tashkil qilish, ularning bajarilish holatini maqsadli o‘rganish va aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish;
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlardagi nazorat bandlarida aniq mexanizmlar, muddatlar va mas’ullar belgilanishi bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni (harakat rejalarini) o‘z vaqtida ishlab chiqish;
davlat organlari va tashkilotlarining ijro intizomiga mas’ul bo‘linmalarining ijro intizomini mustahkamlashdagi rolini oshirish;
tashkiliy, ijro va nazorat faoliyati yagona tizimining natijadorligi uchun davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyatini belgilash.
4. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra “Ijro.gov.uz” tizimi orqali nazorat va hisobdorlikni tashkil etishda:
davlat organlari va tashkilotlari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni 3-ilovaga muvofiq tartibda tashkil etadi, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi hamda bu haqda “Ijro.gov.uz” tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritadi;
mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari hududlarda qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni 4-ilovaga muvofiq tartibda tashkil etadi, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning joylarda to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi hamda bu haqda “Ijro.gov.uz” tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritadi;
xo‘jalik birlashmalari qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar bajarilishi bo‘yicha nazorat va hisobdorlikni 5-ilovaga muvofiq tartibda tashkil etadi, qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlaydi hamda bu haqda “Ijro.gov.uz” tizimiga tegishli ma’lumotlarni kiritadi.
5. “Ijro.gov.uz” ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
6. Belgilansinki:
qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarda ijro muddati belgilanmagan yoki ijro muddati bir yil va undan ortiq etib belgilangan topshiriqlarning bajarilishi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi ma’lumot har olti oyda mas’ul ijrochilar tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimiga kiritib boriladi;
“Ijro.gov.uz” tizimiga davlat organlari va tashkilotlarini ulash va ularning “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishini ta’minlash Davlat byudjeti hamda byudjetdan tashqari jamg‘armalar mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarida belgilangan ijro muddatlari faqatgina Adliya vazirligi va, zarur hollarda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan ko‘rib chiqilib, Hisob palatasi xulosasi olingan takliflar asosida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ruxsati bilan uzaytiriladi;
maxfiylik belgisi ostidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ma’lumotlar bazasini yuritish hamda ularning bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari mas’ul hisoblanadi.
7. Moliya vazirligi “Ijro.gov.uz” tizimiga davlat organlari va tashkilotlarini ulash va ularning “Ijro.gov.uz” tizimidan foydalanishini ta’minlash bilan bog‘liq maqsadlar uchun mablag‘larni 2021 yilda Davlat byudjeti parametrlari doirasida, 2022-yildan boshlab esa davlat organlari va tashkilotlarining asoslangan hisob-kitoblariga muvofiq har yili zarur byudjet mablag‘larini nazarda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 5-oktabrdagi “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–3962-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Adliya vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2022 yil 10 yanvarga qadar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini tashkil etishda yuzaga kelgan muammolar va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, “Ijro.gov.uz” tizimi samaradorligini oshirish hamda ijro intizomini yanada mustahkamlash maqsadida ushbu qaror bilan tasdiqlanayotgan vaqtinchalik nizomni takomillashtirish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Quyidagilarga:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchilariga – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida ijro intizomini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlarining amalda bajarilishida ko‘maklashish uchun;
Bosh vazir, Bosh vazir o‘rinbosarlari va maslahatchilariga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar mas’ul davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari tomonidan to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi yuzasidan ishlarning tashkil qilinishi uchun;
Hisob palatasi raisiga – davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalarida ijro intizomini tegishli darajada ta’minlash uchun;
adliya vaziriga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar o‘z vaqtida bajarilishining nazorati olib borilishi, “Ijro.gov.uz” tizimi samarali yuritilishi hamda manzilli va tematik tahlillarning sifatli tashkil etilishi uchun;
axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziriga – “Ijro.gov.uz” tizimi uzluksiz ishlashi va axborot xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha doimiy asosda choralar ko‘rib borilishi uchun;
davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, xo‘jalik birlashmalari rahbarlariga – qonunchilik hujjatlari va topshiriqlarning to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi, shuningdek, ularning ijro holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar “Ijro.gov.uz” tizimi orqali to‘liq, to‘g‘ri va o‘z vaqtida taqdim qilinishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 31-may
Manba: O'zA