O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

O‘zbekiston Prezidenti “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” xalqaro sammitida ishtirok etdi

2021-05-31 | Siyosat

30-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning taklifiga binoan Seul shahrida videoanjuman shaklida o‘tayotgan “Yashil o‘sish va global maqsadlar uchun hamkorlik – 2030” ikkinchi xalqaro sammiti ishida ishtirok etdi.

Ikki kunlik forum kun tartibidan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengib o‘tish, “yashil” tiklanish va uglerod neytralligini ta’minlash, shuningdek, BMT Barqaror taraqqiyot maqsadlariga erishish va Iqlim bo‘yicha Parij bitimi qoidalarini bajarish masalalari o‘rin olgan.

Tadbirda dunyoning yetakchi mamlakatlari davlat va hukumat rahbarlari, yuqori darajadagi vakillari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etmoqda.

Xususan, sammitda BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Yevropa Kengashi Raisi Sharl Mishel va Yevropa Komissiyasi Raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya Kansleri Angela Merkel, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson, XXR Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan, AQSh Prezidentining iqlim masalalari bo‘yicha maxsus vakili Jon Kerri, XVF boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva, Yashil o‘sish global instituti raisi Pan Gi Mun va IHTT bosh kotibi Anxel Gurriya qatnashmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida “yashil” tiklanish sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning muhim yo‘nalishlarini qayd etdi hamda bu boradagi xalqaro hamkorlikning istiqbollari yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bayon qildi.

Davlatimiz rahbari “yashil” va barqaror taraqqiyotga xizmat qiladigan samarali qarorlar qabul qilish uchun butun xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini birlashtirish zarurligini alohida ta’kidladi.

Orol dengizi halokatining global oqibatlarini yengib o‘tish bu boradagi ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilandi. Shu munosabat bilan Prezidentimiz yaqinda O‘zbekiston tashabbusi bilan Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish bo‘yicha qabul qilingan BMT Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasi to‘liq qo‘llab-quvvatlangani uchun barcha xalqaro hamkorlarga minnatdorlik bildirdi. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni, shu jumladan maxsus tashkil etilgan BMT Trast jamg‘armasi, Yashil o‘sish global instituti, “P4G” sheriklik platformasi va boshqa xalqaro institutlar doirasida birgalikda faol davom ettirish taklif etildi.

Mintaqamizda iqlim o‘zgarishlari, bug‘lanish darajasini oshiruvchi gazlar va atmosfera ifloslanishi muammolari  ta’sirida transchegaraviy daryolar oqimi va biologik xilma-xillik qisqarayotgani munosabati bilan jiddiy xavotir bildirildi.

O‘zbekiston Parij bitimi doirasida 2030-yilga qadar parnik gazlarini atmosferaga chiqarishni qisqartirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga sodiq ekani ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan “yashil” texnologiyalarni keng joriy qilish va “yashil” energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekistonda yaqin o‘n yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 3 barobardan ziyodga ko‘paytirish imkonini berishi qayd etildi.

Kelgusi yili O‘zbekistonda “Rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yashil energetika” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish, shuningdek, “yashil” iste’mol madaniyatini shakllantirish maqsadida “yashil iqtisodiyot”ni barpo etishga yoshlarni jalb etish bo‘yicha maxsus dasturni amalga oshirish tashabbuslari ilgari surildi.

Prezidentimiz ushbu muhim sohada amaliy hamkorlikni kengaytirish maqsadida O‘zbekiston «P4G» sherikligiga qo‘shilish hamda uning to‘laqonli ishtirokchisiga aylanishga tayyor ekanini bildirdi.

Forum ishi davom etmoqda. Uning yakunida “yashil” tiklanish va barqaror taraqqiyot sohasidagi xalqaro sa’y-harakatlarni birlashtirish bo‘yicha eng muhim vazifalarni o‘zida aks ettiradigan Seul deklaratsiyasi qabul qilinadi.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Поделиться