O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali

Arxiv
2024
Kalendar

Voqealar

Du Se Ch Pa Ju Sh Ya
Portalda yangilik
  • Sen –qudrat manbai, saodat maskani, jonajon O‘zbekistonim! Batafsil>>>
  • Ommaviy savdolar orqali sotilishi belgilangan davlat mulki obyektlari Batafsil>>>
  • "Davlat organlari ijtimoiy tarmoqlarda" sahifasi Batafsil>>>
  • Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon! Batafsil>>>
  • “Ochiq byudjet” sahifasi Batafsil>>>

Hukumat komissiyasi surxondaryolik tadbirkorlar muammolarini tingladi

2021-05-27 | Iqtisodiyot

Sherobod tumanida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari vakillaridan iborat Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha hukumat komissiyasining surxondaryolik tadbirkorlar hamda eksportchilar uchun ochiq muloqoti tashkil etildi.

Surxondaryo viloyati hokimi To‘ra Bobolov, sektorlar, masalaga aloqador boshqarma va tashkilotlar, tijorat banklari rahbarlari ishtirok etgan tadbirda asosiy e’tibor tadbirkorlar va eksportchilarning muammolarini aniqlash, hal qilish, shuningdek, hududda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni o‘rganishga qaratildi.

– O‘tgan oyda ham viloyatda xuddi shunday uchrashuv o‘tkazib, tadbirkorlarning muammolarini tinglagan edik, – dedi Respublika Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzoqov. – Natijasi qanday bo‘ldi? Chuqur tahlil qildik. Ko‘rib chiqilgan 351 murojaatning 60 foizi o‘z yechimini topgan. Muddat talab etadigan qolgan masalalarning aksariyati hal etilish arafasida. Lekin, imkoniyat bo‘lsa ham ayrimlari bajarilmagan. Mutasaddi rahbarlar bilib qo‘yinglar, tadbirkorning masalasi asossiz hal etilmasa, sizlarga chora ko‘riladi. Sizlar bilan birga ularni tinglab, o‘rtaga tashlayotgan muammolarini yechib bermasak, biz ko‘zlangan marralarga erisha olmaymiz. Buni to‘g‘ri tushuninglar. Tadbirkorlardan esa his-hayajonga berilmay muammoni qisqa-lo‘nda o‘rtaga tashlashni so‘rayman. Vaqtimiz yetarli. Barchangizni tinglab, masalani birgalikda yechish yo‘llarini izlaymiz.

Tadbirkorlar bilan rasmiyatchilikdan holi ochiq-oshkora muloqotga kirishilgan uchrashuvda ishbilarmonlar Komissiya rahbariyati va viloyat hokimiga bevosita murojaat etib, faoliyatida yuzaga kelgan muammolarini o‘rtaga tashladi. Ishbilarmonlar ilgari surgan masalalar respublika, viloyat mutasaddi idoralari vakillari ishtirokida atroflicha muhokama etilib, ularning talab va ehtiyojlariga javob beradigan maqsadli yechimlar ishlab chiqildi. Jumladan, ochiq muloqotda Angor tumanilik tadbirkor Jasur Mamayusupov avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish nuqtasini barpo etish uchun “Har bir oila tadbirkor” loyihasi doirasida tijorat bankidan 245 million so‘m kredit mablag‘i so‘raganini aytib, masalani hal etish cho‘zilayotganini ma’lum qildi. Bu murojaat tegishli bank mas’ullari ishtirokida muhokama etilib, bir hafta muddatda kredit ajratilishiga kelishildi.  

Bandixon tumanidagi “Bobur shirin meva” agroeksport korxonasi 400 million so‘m kredit evaziga adirlikda 36 gektar maydonda mevali bog‘ barpo etgan. Qator oralarida poliz ekinlari yetishtirishni ham yo‘lga qo‘ygan. Bir kilometr masofaga quvur tortib, suv olib kelgan. Tadbirkor yana 36 gektar yerni o‘zlashtirib, mevali bog‘ yaratishni rejalashtirmoqda. Buning uchun 500 million so‘m subsidiya olishga yordam ko‘rsatishni so‘radi. Bu masala tijorat banki, qishloq xo‘jaligi vazirligi va jamg‘arma mutasaddilari ishtirokida muhokama etilgach, o‘n kunda yechimini topadigan bo‘ldi.  

Ochiq muloqotda mutasaddi rahbarlarga tadbirkorlar o‘rtaga tashlayotgan shu kabi masalalar yechimlarini tezkor amalga oshirish va ularni kelgusida ham qo‘llab-quvvatlash uchun bevosita aloqalarni yo‘lga qo‘yish tavsiya etildi. Mamlakatimizda rahbarlarning ishbilarmonlar bilan bevosita yuzma-yuz ochiq muloqoti yo‘lga qo‘yilgani hududlarning mavjud “o‘sish nuqtalari”dan foydalanib, tadbirkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy salohiyatini oshirish va odamlarning turmush darajasini yuksaltirishda, shuningdek, yuzaga kelayotgan muammolarni aniqlab, tezkor hal etishda eng samarali vositasi ekanini keng namoyon etmoqda. Tadbirkorlarni yangi loyihalarni amalga oshirib, xalq farovonligi, yurt obodligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilishga undamoqda.  

Mazkur muloqotda tadbirkorlarning qurilish materiallari, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, zamonaviy mehmonxona qurish va xizmat ko‘rsatishning boshqa turlarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi hamda chorva mahsulotlari yetishtirish kabi yo‘nalishlarda ish boshlayotganini aytib, duch kelgan muammolarini yechishga yordam so‘ragani ham bunga yaqqol dalildir.

“Muzrabot esse” mas’uliyati cheklangan jamiyati Muzrabot tumanida o‘tgan yili 1,5 million dollarlik asfalt-beton ishlab chiqarish va 500 ming dollarlik pishiq g‘isht ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirgan. Xorijlik sheriklari bilan sement ishlab chiqarish bo‘yicha ham qiymati 20 million dollarlik loyiha tayyorlagan. Besh yuz kishini ish bilan ta’minlaydigan bu loyihani amalga oshirish uchun 14 million dollar kredit so‘radi.

– Tijorat bankiga barcha hujjatlar topshirilgan, – deydi tadbirkor S.Jo‘rayev. – Masalaning yechimi cho‘zilib ketayotgani uchun Hukumat komissiyasiga murojaat etdik. Bu muammomiz respublika va viloyat mutasaddilari ishtirokida har taraflama muhokama etilib, tez kunlarda mablag‘ ajratilishi ma’lum qilinganidan xursand bo‘ldik. Korxonamiz ishga tushsa kuniga ikki ming tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi. Byudjetga yiliga 14 milliard so‘m mablag‘ tushishi ta’minlanadi.

Yuzma-yuz muloqot chog‘ida sherobodlik tadbirkor R.Ko‘chkinovning Sariosiyo tumanida qiymati 90 million Yevroga teng to‘qimachilik kompleksi qurish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. 1000 kishining bandligi ta’minlanadigan zamonaviy korxona uchun yer maydoni, kredit mablag‘i ajratish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.  

Ochiq muloqot yakunida tadbirkorlarning murojaatlari yuzasidan mas’ul rahbarlarga masalalarni hal etish bo‘yicha aniq muddat va amalga oshirish mexanizmlari ko‘rsatilgan amaliy chora-tadbirlar dasturini shakllantirish topshirildi. Barcha masalalarning yechimi qat’iy nazoratga olindi.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV

Manba: O'zA

Поделиться