O‘zbekiston-Afg‘oniston: investitsiyalar, savdo, energetika va transport sohalarida yangi istiqbollar
25-may kuni Termiz shahrida Afg‘oniston hukumati va ishbilarmon doiralarining O‘zbekistonga tashrifi davomida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Muhammad Shokir Korgar bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Muzokaralar chog‘ida siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy va transport sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Kun tartibining asosiy mavzusi “Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor” temir yo‘lini qurish loyihasi hamda uni ro‘yobga chiqarishning amaliy jihatlari bo‘ldi. Tomonlar dala tadqiqotlarini o‘tkazish, loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, loyihani moliyalashtirish masalalarini muhokama etib, ularning har biri bo‘yicha o‘zaro maqbul yechimlarni ishlab chiqdi. Joriy yilning fevral' oyida Toshkent shahrida yuqori darajadagi uch tomonlama ishchi guruh yig‘ilishi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning ijrosini tezlashtirish bo‘yicha navbatdagi tadbirlar belgilandi.
Shu bilan birga, tomonlar aprel-may oylarida Afg‘oniston hududi orqali Pokistondan O‘zbekistonga va teskari yo‘nalishda amalga oshirilgan pilot avtomobil' qatnovining muvaffaqiyatini olqishladi. Ular ikki mamlakatning transport va tranzit salohiyatini yanada rivojlantirish uchun ushbu yo‘nalishda hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
Sanoat kooperatsiyani rivojlantirishga urg‘u bergan holda ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish borasidagi ishlarni jadallashtirishning dolzarbligi alohida ta'kidlandi. Bu borada yengil sanoat, elektrotexnika, qurilish materiallari ishlab chiqarish qishloq xo‘jaligi, charm-poyabzal va oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab ishlab chiqarish sanoati eng istiqbolli yo‘nalishlar deb topildi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollari muhokama etildi. O‘tgan to‘rt yil mobaynida o‘zaro savdo hajmi bir yarim barobarga ko‘payib, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra qariyb 800 mln dollarni tashkil etgani ta'kidlandi. Tomonlar O‘zbekiston-Afg‘oniston savdo aylanmasining yaqin yillarda 2 milliard dollar darajasiga o‘sishini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladi. Savdo hamkorligini faollashtirish uchun ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari O‘zbekiston bilan Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini joriy yil oxirigacha imzolash maqsadida uning borasida kelishishni tezlashtirishga qaror qilindi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasining ishga solinmagan ulkan imkoniyatlari ham qayd etildi. Tomonlar ikki mamlakat tadbirkorlarini ushbu savdo maydonning resurslari va salohiyatidan foydalangan holda, hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga jalb etish qo‘shma chora-tadbirlarini qisqa muddatlarda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Energetika sohasidagi hamkorlik, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi. Tomonlar zarur loyiha hujjatlarini tayyorlash bo‘yicha amaliy kooperatsiya qilish yo‘llarini muhokama qildilar va qurilish ishlarini boshlash bo‘yicha navbatdagi tadbirlarni belgiladilar.
Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga ham to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, tomonlar ikkala mamlakat mahalliy aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida ikkala davlat chegara hududlarida yuqori texnologik uskunalar va zarur dori-darmonlar bilan jihozlangan zamonaviy tibbiyot markazlarini tashkil etishga o‘zaro qiziqish bildirdi.
Shuningdek, joriy yilning sentyabr' oyida Kobul shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish istiqbollari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida hamkorlikning muhokama etilgan yo‘nalishlari doirasida qo‘shma loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha keyingi sa'y-harakatlar to‘g‘risida kelishib olindi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi