Surxondaryoda O‘zbekiston – Afg‘oniston ishbilarmonlari biznes-forumi o‘z ishini boshladi
Bugun Termiz shahrida O‘zbekiston – Afg‘oniston ishbilarmonlari biznes-forumi o‘z ishini boshladi.
Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan o‘zaro savdoni yanada kengaytirish, ikki davlat tadbirkorlik subektlari o‘rtasida turli sohalarda hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, afg‘on investorlari uchun qulay biznes muhitini yaratishga qaratilgan mazkur tadbir doirasida Afg‘oniston Islom Respublikasi delegatsiyasi Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Delegatsiya a'zolarini kutib olishda Davlat bojxona qo‘mitasi Rahbariyati ham ishtirok etdi. Tashrif davomida delegatsiya bilan bojxona sohasidagi hamkorlik masalalari ham atroflicha muhokama qilindi.
Termiz shahridagi San'at saroyida biznes forumning tantanali ochilish marosimi hamda “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, shu yerning o‘zida O‘zbekiston va Afg‘oniston ishbilarmonlari ishtirokidagi hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi hamda kooperatsiya birjasi ham o‘z ishini boshladi.
Forum doirasida afg‘on ishbilarmonlarining bojxona sohasiga doir qiziqqan savollariga atroflicha javoblar berilib, chet el investorlari uchun bojxona sohasida joriy qilingan qulayliklar va imtiyozlar haqida batafsil axborotlar berilmoqda.
Ta'kidlash joizki, ayni paytda O‘zbekistonda afg‘on sarmoyadorlari ishtirokidagi 800 dan ortiq korxona mavjud. Ularning 316 tasi Surxondaryo viloyatida faoliyat yuritmoqda. O‘tgan to‘rt yilda mamlakatimizda afg‘onistonliklar ishtirokidagi korxonalar soni uch baravarga oshgan.
Forum yakunida o‘zbek va afg‘on tadbirkorlari qiymati 44 million dollarlik o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi to‘rtta shartnomani hujjatini almashdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Afg‘oniston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi o‘rtasida 2021-2022-yillarda hamkorlik qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” shartnomasi imzolanganligi haqidagi hujjat almashildi.
Manba: O‘zbеkistоn Rеspublikаsi Dаvlаt bоjхоnа qo‘mitаsi