Joriy yilning 21-22-may kunlari Surxondaryo viloyati Termiz shahrida “Qishloq xo‘jaligida inklyuziv siyosatni qo‘llab-quvvatlash va gender tenglik to‘g‘risida xabardorlikni oshirish” mavzusida seminar-trening tashkil etilmoqda
BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda “Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida mamlakat agrosanoat majmuasi vakillari uchun ikkinchi seminar-treningni tashkil etdi. Ishtirokchilarning gender omili va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini hisobga olgan holda qarorlarni shakllantirish va chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha salohiyatini oshirish seminarning asosiy maqsadi hisoblanadi.
O‘zbekiston 2019-yilda “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida” gi qonunni qabul qilgan edi. O‘z navbatida, ushbu qonun iqtisodiyotning har bir sohasida, shu jumladan, qishloq va o‘rmon xo‘jaligida gender masalalarini hisobga oluvchi strategiya va tadbirlar rejasini ishlab chiqishni talab qiladi.
O‘zbekistonda mamlakat yalpi ichki mahsulotining (YaIM) 32 foizi qishloq xo‘jaligi hissasiga to‘g‘ri keladi hamda soha ishchi kuchlariining kamida 27 foizining bandligini ta'minlaydi. Aholining deyarli yarmi qishloqlarda yashaydi, bu esa qishloq ayollarining huquq va imkoniyatlarini yanada kengaytirishni dolzarb masalaga aylantiradi.
FAO Qishloq xo‘jaligi vazirligi va mamlakat agrosanoat majmuasi bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa tashkilotlarga ijtimoiy zaif guruhlar, ayniqsa, qishloq ayollarining manfaatlari hamda ehtiyojlarini hisobga olgan holda chora-tadbirlar va yechimlarni ishlab chiqish va amalga oshirish salohiyatini rivojlantirish va kuchaytirishda yordam beradi.
Loyiha O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi ishtirokida amalga oshiriladi. Seminar ishtirokchilari qishloq xo‘jaligida gender yondashuvlarining asoslari, gender masalalariga oid O‘zbekiston milliy qonunchiligi, O‘zbekiston aholisining oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va qishloq xo‘jaligini rivojlantirishda xotin-qizlarning roli va boshqa mavzular bilan tanishdilar.
Ta'kidlash joziki, bugungi kunda xotin-qizlar iqtisodiyotning turli tarmoqlari kabi qishloq xo‘jaligida ham samarali mehnat qilib kelmoqdalar. Respublikamizda xotin-qizlarni xar tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan mustahkam huquqiy baza yaratilib, bugungi kungacha 2 ta qonun va bir qator qarorlar qabul qilingan.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoevning BMTning Inson huquqlari bo‘yicha 46 sessiyasidagi so‘zlagan nutqida ham gender siyosati masalalari borasida mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirish masalalari alohida e'tirof etildi.
FAOning “Inklyuziv qishloq xo‘jaligi siyosatini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa idoralarda ishlaydigan 250 dan ortiq ayollar va erkaklar gender tengligi tushunchalari hamda ularning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liqligi, Barqaror rivojlanish maqsadlari va “hech kimni ortda qoldirmaslik” tamoyilini yaxshiroq o‘rganish bo‘yicha treninglardan o‘tishlari kutilmoqda.
Shuningdek, loyiha doirasida uslubiy qo‘llanmalar, tarmoq strategiyasi va harakatlar rejasi ishlab chiqiladi. Seminar ishtirokchilari bugungi kundagi eng muhim ma'lumotlar va tarqatma materiallari bilan ta'minlandi. Seminarni professor va malakali halqaro maqomdagi trenerlar olib bordilar. Dastlab Gender tengligi tushunchasi, Gender tengligi bo‘yicha halqaro va milliy siyosatning asosiy yo‘nalishlari va Qishloq xo‘jaligida gender yondoshuvining o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr almashildi.
Shuningdek, “Xotin-qizlarni va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunlari hamda qonunosti normativ xujjatlar to‘g‘risida, gender tenglikni ta'minlash borasidagi davlat siyosati, vakolatli organlar va tashkilotlarning vazifalari hamda bugungi kunda davlatda gender tenglikni ta'minlashga doir tizim to‘g‘risida ma'lumot beriladi. Seminar trening ishtirokchilari muhim ma'lumotlarga ega bo‘lish barobarida, o‘z faoliyati davomida o‘rgangan tajribalardan foydalanish ko‘nikmalariga ham ega bo‘lishdi.
Xususan, Qishloq xo‘jalik fanlari nomzodi, O‘zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushma raisi Adiba Axmedjanova respublikada qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mahsulot ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashda xotin-qizlarning ishtiroki, sohadagi xotin-qizlarni jamiyatda o‘rnini kuchaytirish, Qishloq xo‘jaligida gender tengsizlikni kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar xususida ishtirokchilarga keng qamrovli tushunchalar berdi. Ikki kunlik seminar-tering so‘nngida Gender tengligi to‘g‘risidagi bilim va ko‘nikmalarni, qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlarida joriy qilish bo‘yicha ishtirokchilarning fikr va mulohazalarni o‘rganildi va xulosalalar berildi. Ishtirokchilarga sertifikatlar taqdim etildi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi