O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ITSVda temir yo‘l transpori sohasida Rossiya bilan o‘zaro aloqalar istiqbollari muhokama qilindi
2021-05-20 | Siyosat
O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov kecha «Rossiya temir yo‘llari» OAJ boshqaruvi raisi – bosh direktori Oleg Belozerov boshchiligidagi Rossiya delegatsiyasini qabul qildi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi maʼlumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida transport va logistika hamkorligi masalalari hamda transport infratuzilmasini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Rossiya kompaniyasi rahbari «Mozori-Sharif – Kobul – Peshavor» temir yo‘lini qo‘rish loyihasini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini maʼlum qildi hamda mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanishi va qator mamlakatlarning tranzit salohiyatini yuksaltirish uchun ushbu loyihaning ahamiyatini qayd etdi. Mintaqada transport kommunikatsiyalarining yangi arxitekturasini shakllantiruvchi ushbu loyihaning amalga oshirilishi Sharqiy va Janubiy Osiyodan MDH va Yevropaga hamda teskari yo‘nalishda yuk tashishning vaqt va xarajat parametrlarini 30 foizga kamaytirishi taʼkidlandi.
Loyihani texnik-iqtisodiy asoslashni va uni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqishga texnik yordam ko‘rsatish uchun ushbu sohada ilg‘or tajriba va texnologiyalarga ega bo‘lgan Rossiyaning ixtisoslashtirilgan loyiha institutlarini jalb etishga kelishildi.
Temir yo‘lni qurish va ishga tushirish haqida kelishib olib, tomonlar undan kelgusida foydalanishning amaliy jihatlariga to‘xtalib o‘tdilar. Jumladan, Afg‘oniston temir yo‘l sanoati uchun kadrlar tayyorlash dasturini birgalikda ishlab chiqish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Muloqot doirasida transport sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirishning umumiy masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, yuk tashish shartlarini qayta ko‘rib chiqish va optimallashtirish orqali ikki davlatni bog‘lovchi temir yo‘l yo‘laklarining yuk bilan bandligini oshirish maqsadida hamkorlik qilish uchun keyingi tadbirlar belgilandi. Bu, o‘z navbatida, ishlab chiqaruvchilar va logistika kompaniyalari uchun vaqt va moddiy xarajatlarni kamaytiradi hamda ikki mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish imkonini beradi.
Rossiya bozoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini muntazam yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘zbek va rossiyalik tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni shakllantirish orqali o‘zaro yuk tashish hajmini ko‘paytirish bo‘yicha ham qo‘shma chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Epidemiologik vaziyat o‘z iziga tushgani bilan O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida muntazam yo‘lovchi temir yo‘l qatnovini bosqichma-bosqich qayta tiklashga birgalikda tayyorgarlik ko‘rish borasida ham kelishuvga erishildi.
Rossiya delegatsiyasi rahbari Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun O‘zbekistondan malakali kadrlarni jalb etishni nazarda tutib, mehnat migratsiyasi sohasida amaliy hamkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida fikr yuritdi.
Shu munosabat bilan, uchrashuv yakunlari bo‘yicha «Rossiya temir yo‘llari» OAJ va O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi o‘rtasida Rossiya hududida temir yo‘l infratuzilmasi obyektlarini qurish uchun O‘zbekistonning malakali mehnat resurslarini jalb qilishni tashkil etishga ko‘maklashish to‘g‘risida Memorandum imzolandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi