O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Turizm sohasidagi innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tanlov eʼlon qilindi
2021-05-11 | Turizm
Turizm va sport, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari va IT-Park hamkorligida turizm sohasini rivojlantirish va sohaga innovatsiyalar kiritish bo‘yicha «Tourism. The Path to innovation» tanlovi eʼlon qilindi
Turizm va sport vazirligi maʼlum qilishicha, unda start-up loyiha va innovatsion biznes g‘oyalar bilan ishtirok etish imkoniyati mavjud.
Start-up loyihalarni qisman moliyalashtirish uchun ajratilgan mukofot jamg‘armasi 800 million so‘mni tashkil etadi.
Buning uchun birinchi navbatda turistlar uchun qulayliklar yaratish va xizmatlar taqdim etishga yo‘naltirilgan axborot dasturlari, yaʼni Start-up loyihalarni taqdim etish lozim. Tanlovda ishtirokchilar yoshi chegaralanmagan bo‘lib, ayniqsa, yoshlar tomonidan taqdim etilgan amaliy innovatsion biznes-g‘oyalarga eʼtibor qaratiladi.
Talovda qatnashish uchun ro‘yxatdan o‘tish 10-maydan 10-iyungacha davom etadi.
Ishtirokchilar https://clck.ru/UgcfV havolasi orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Tanlov ikki bosqichda tashkil etiladi:
1-bosqich: 2021-yil 11-iyundan 30 iyungacha ariza beruvchining startap-loyihalari o‘rganib chiqiladi va saralanadi.
2-bosqich: 2021-yil 31-iyulga qadar 1-bosqich yakunlari bo‘yicha saralangan startap-loyihalar mualliflari (ariza beruvchilar) komissiya huzurida o‘z loyihalari taqdimotini o‘tkazadi va taqdimot natijasi bo‘yicha baholanadi.
Taʼkidlash joizki, turizm sohasidagi startap-loyihalar va innovatsion biznes-g‘oyalarni, shu jumladan, birinchi navbatda sayyohlar uchun qulayliklar yaratishga yo‘naltirilgan axborot dasturlari va xizmatlarini umumiy 1,5 milliard so‘m miqdorida qisman subsidiyalash belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yil mart oyida o‘tkazilgan «Tourism. The Path to innovation» tanlovi doirasida 7 loyiha g‘oliblariga 700 million so‘m miqdorida moliyaviy mablag‘lar ajratildi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi