O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
ITSV: Toshkentda savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
2021-05-11 | Iqtisodiyot
Kecha O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov hamda Fransiya tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik masalalari bo‘yicha vaziri Frank Riyester raisligida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Fransiya hukumatlararo komissiyasining 8-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlum qilishicha, unda Fransiya idoralari, yirik kompaniya va banklarining 50dan ortiq vakillari, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan tegishli vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibi bilan sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi, uy-joy kommunal xo‘jaligi, turizm, transport va boshqa sohalarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik masalalarini qamrab olindi.
Fransiya delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonda iqtisodiyotning turli tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tizimli o‘zgarishlarning dinamikasi va samaradorligiga yuqori baho berdi hamda Fransiyaning Markaziy Osiyodagi asosiy hamkorlaridan biri sifatida O‘zbekiston bilan iqtisodiy aloqalarni yana-da kengaytirishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil oktyabr oyidagi Fransiyaga tashrifi O‘zbekiston-Fransiya hamkorligining tubdan yangi bosqichga ko‘tarilishiga asos bo‘lganligi va u davomida erishilgan kelishuvlar ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralarining o‘zaro yaqin va muvofiqlashtirilgan hamkorligi tufayli muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
Yig‘ilishning asosiy mavzusi investitsiyaviy hamkorlikni yana-da kengaytirish chora-tadbirlari bo‘ldi. Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasida Fransiya kapitali ishtirokidagi 44ta korxona qurilish, turizm, qishloq xo‘jaligi va xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritayotgani maʼlum qilindi. Xususan, “Airbus”, «Total Eren», “Eiffage”, “Thales”, “Vinci”, “Rungis”, “Orano”, “Suez”, «Leroy Merlin», ֿ“Sanofi”, “Fives” kabi yirik fransuz kompaniyalari hamda “Natixis”, “Credit Agricole” i “Bpifrance” banklari bilan loyihalarni amalga oshirishda erishilgan natijalar taʼkidlandi.
Shuningdek, muqobil energetika, geologiya-qidiruv, infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm, bank-moliya sohalarida investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish borasida ham salmoqli salohiyat mavjudligi qayd etildi. Alohida tartibda Fransiya kompaniyalarini O‘zbekistonda davlat aktivlarini xususiylashtirish dasturida ishtirok etish uchun jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘zaro savdoda mavjud to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha qo‘shma amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida ikki mamlakatning tegishli vazirlik va idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda savdo aylanmasini oshirish ishlarini davom ettirishga kelishib oldi. Shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotining turli tarmoqlarida yangi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish doirasida Fransiyaning to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya va texnologiyalarini jalb etish borasida navbatdagi tadbirlar belgilab olindi.
Uchrashuv qatnashchilari kelgusida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflarni berish va energetika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo sanoati, farmatsevtika va boshqa sohalarda aniq loyihalarni taqdim etish imkoniga ega bo‘ldi.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Fransiya Respublikasi Tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik vazirligi o‘rtasida 2021-2030- yillarga mo‘ljallangan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlik uchun «Yo‘l xaritasi», Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2021-2025-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, “Beldirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro umummavsumiy kurortini yaratish loyihasini moliyalashtirish bo‘yicha moliyaviy bayonnoma, “Suez” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan Toshkent shahrida suv taʼminoti tizimini modernizatsiya qilish va boshqarish loyihasini moliyalashtirish to‘g‘risida moliyaviy bayonnoma, «Total Eren» kompaniyasi tomonidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va “Proparco” Fransiya taraqqiyot agentligi bo‘linmasi bilan birgalikda Samarqand viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha moliyaviy bitim, shuningdek, O‘zbekistonning tegishli vazirlik va idoralari hamda Fransiya kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikka oid qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi