O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Afinada O‘zbekistonning boy sayyohlik salohiyati taqdim etildi
2021-05-10 | Turizm
O‘zbekistonning Afinadagi Bosh konsulxonasida mamlakatimiz sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
«Gretsiya – O‘zbekiston» do‘stlik jamiyati va «Grek-Yevroosiyo alyansi» tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur tadbirda taniqli turoperatorlar, rasmiy, ilmiy–akademik va ishbilarmon doiralar, OAV, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
O‘zbekiston sayyohlik industriyasining zamonaviy rivojlanishi, boy tarixiy-madaniy merosi va ko‘hna meʼmorchiligiga doir atroflicha maʼlumotlar tadbir ishtirokchilarining eʼtiboriga havola qilindi. Shu o‘rinda jahonga dong‘i ketgan, ko‘p sonli yodgorliklar va o‘ziga xos madaniyati bilan shuhrat qozongan Samarqand viloyatining sayyohlik imkoniyatlari to‘g‘risida atroflicha fikr yuritildi. Taʼkidlanganidek, YUNESKO Butunjahon nomoddiy madaniy merosi qadamjolari ro‘yxatiga kirgan mashhur madaniy obyektlar aynan shu yerda qaror topgan.
Shu bilan birga, taqdimot chog‘ida Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) Ijroiya qo‘mitasiga hamda tashkilotchi mamlakat sifatida tashkilotning 25-assambleyasiga O‘zbekiston nomzodi ilgari surilayotgani ham qayd etildi.
“Gretsiya-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyati raisi Dimitros Bakolas tadbir ishtirokchilari oldida so‘zga chiqib, mamlakatimizning yildan-yilga ommabop sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi eʼtibori jahon miqyosida yuksalib borayotgani, O‘zbekistondagi ochiqlik siyosati va hamkorlik tamoyillari bunga ko‘p jihatdan ko‘maklashayotganini taʼkidladi.
Uning aytishicha, betakror madaniyat, yurtimiz tabiatidagi rang-baranglik, milliy oshxona va o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi dunyo sayyohlari uchun jozibador bo‘lgan asosiy omillar sirasiga kiradi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi