MAGATE O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi institutining tadqiqot yadro reaktori xavfsiz ishlashi uchun maxsus uskunalar yetkazib beradi
2021-yilning oxiriga qadar O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti (YaFI) tadqiqot yadro reaktorining avtomatik quvvatni boshqarish tizimi uchun mo‘ljallangan maxsus uskunalar bilan ta'minlanadi
O‘zbekistonning Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) huzuridagi Doimiy vakolatxonasi ma'lumotiga ko‘ra, MAGATE o‘tgan o‘n yil mobaynida texnikaviy yordam loyihalari orqali mamlakatimiz Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot yadro reaktorining eng muhim tugunlari va tizimlarini modernizasiyalashga ko‘maklashmoqda. Loyihalar doirasida zamonaviy nazorat-himoya tizimi joriy etiladi, dozimetriya, elektr ta'minoti, shoshilinch shamollatish tizimlari modernizasiya qilinadi va sovutish tizimi elementlari almashtiriladi.
Yaqinda MAGATE texnikaviy hamkorlik bo‘limi «Yadro fizikasi instituti tadqiqot yadro reaktorining yadroviy xavfsizligini oshirish va samarali ishlatilishini mustahkamlash» loyihasi doirasida YaFI tadqiqot yadro reaktorining avtomatik elektr nazorat tizimi uchun mo‘ljallangan maxsus uskunalarni yetkazib berish bo‘yicha Rossiyaning «SNIIP-SISTEMATOM» kompaniyasi bilan shartnoma imzoladi. 2021-yil oxirigacha yetkazilishi rejalashtirilgan mazkur uskunalar yadro reaktorining xavfsizligi ta'minlaydi, shuningdek, undan foydalanish tezligini oshiradi.
Ta'kidlash joizki, mazkur loyihaning muhim tarkibiy qismi kadrlar malakasini oshirishga qaratilgan. Loyiha doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti mutaxassislarining MAGATE tomonidan o‘tkaziladigan o‘quv kurslari va seminarlarda ishtiroki hamda yetakchi xorijiy markazlarga ilmiy safarlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan 2020-yilda MAGATE COVID-19 tarqalishiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizning uchta tibbiyot muassasasiga umumiy qiymati 405 ming yevro miqdoridagi koronavirusni aniqlash uchun test tizimlarini bepul taqdim etgan edi. Texnik hamkorlik loyihalari doirasida ko‘p funksiyali diagnostik gamma-kamerasi Toshkent Endokrinologiya institutiga yetkazib berildi. Namangan onkologiya markaziga radiasion-terapiya zamonaviy uskunalari va Samarqand davlat universitetining o‘quv laboratoriyalariga qurilmalar taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Manba: “Dunyo” axborot agentligi