O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Yurtimizda ilk marotaba qo‘l jangi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionati o‘tkaziladi
2021-05-05 | Sport
Shu yilning 4-8-iyun kunlari poytaxtimiz Toshkent qo‘l jangi bo‘yicha kattalar o‘rtasida Jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Ushbu nufuzli musobaqa “Iftixor” ko‘chasida joylashgan “O‘zbekiston” sport majmuasida tashkil etiladi.
Turizm va sport vazirligi ko‘magida O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlari qo‘l jangi federatsiyasi hamda “Milliy gvardiya” hamkorligida o‘tkazilayotgan ushbu nufuzli musobaqada dunyoning 40ta mamlakatidan 300 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kurash olib boradi.
Jahon chempionatida Vatanimiz sharafini 34 nafar sportchi himoya qilishga bel bog‘lagan. Ular safida Jahon chempionlari Jahongir Jumayev va Olim Normurodov singari taniqli sportchilarimiz ham bor.
Bellashuvlarning adolatli va shaffof o‘tishini taʼminlash maqsadida 50 nafardan ziyod xalqaro toifadagi hakamlar, shuningdek 30 nafarga yaqin xalqaro kuzatuvchilar ham Toshkentga taklif qilingan.
Toshkentdagi musobaqalarda Rossiya, Belarus, Ukraina, Moldova, Turkiya, Qozog‘iston, Eron, Ozarbayjon, Armaniston, Latviya, Mo‘g‘uliston, Xitoy, Janubiy Koreya, Germaniya, Italiya, Vengriya, Angliya, Fransiya, AQSH, Kanada, Meksika, Argentina, Braziliya, Marokash kabi 4 qitʼa sportchilari o‘z omadlarini sinab ko‘rishadi.
Eslatib o‘tamiz, 2019-yili Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida tashkil etilgan 5-Jahon chempionatida o‘zbekistonlik sportchilar umumjamoa hisobida mezbonlardan keyin faxrli 2-o‘rinni qo‘lga kiritishgan edi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi