O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash jarayonini soddalashtirish hamda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
2021-05-05 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mamlakatimizda pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish, qariyalar va keksa yoshdagilarga har tomonlama g‘amxo‘rlik qilish, fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish va sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
bugungi kunda davlat pensiyalarini tayinlashda 30 turdagi hujjat talab etiladi hamda ularni taqdim etishga mas’ul 14 dan ortiq vazirlik va tashkilotlarda idoraviy axborot tizimlari, elektron resurs va ma’lumotlar bazalari mavjud emasligi qog‘oz shaklida ish yuritishdan voz kechish va hujjatlarni yig‘ish jarayonini raqamlashtirishga to‘sqinlik qilib kelmoqda.
Davlat pensiyalarini hisoblash uchun zarur ma’lumotlar elektron bazasini shakllantirish, ushbu jarayonni soddalashtirish, fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish, pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, mazkur yo‘nalishda sog‘lom raqobat muhiti va zamonaviy standartlarni joriy etish maqsadida:
1. Moliya vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining quyidagi takliflariga rozilik berilsin:
a) 2022-yil 1-yanvardan boshlab:
Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Pensiya jamg‘armasi) tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlar (keyingi o‘rinlarda – pensiya va nafaqalar)ni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tender asosida tanlangan tijorat banki yoki boshqa ixtisoslashgan tashkilot bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq pensiya va nafaqalarni naqd pulda mahalla fuqarolar yig‘inlariga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi;
tanlovda ishtirok etadigan tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan pensiya va nafaqalarni mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi differensiyalashgan tartibda pensiya va nafaqalar to‘lanadigan (yetkazib berilgan) summaning 1 foizgacha miqdorda bo‘lishi mumkin. Bunda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi va respublika byudjeti tomonidan to‘lab beriladi;
b) 2022-yil 1-iyuldan boshlab:
davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bunda, pensiyaga chiqish huquqi paydo bo‘lgan chog‘ida ishlamaydigan fuqarolarga o‘zlarining mehnat daftarchalaridagi mehnat staji to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Bandlikka ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali "Yagona mehnat milliy tizimi" idoralararo dasturiy-apparat kompleksi (keyingi o‘rinlarda – YAMMT IDAK)ga kiritish xizmati joriy etiladi;
davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi. Bunda mehnat staji, ish haqi, oliy ta’lim muassasalaridagi o‘qish hamda harbiy xizmat davri to‘g‘risidagi hujjatlar Pensiya jamg‘armasi tomonidan YAMMT IDAKdan foydalangan holda elektron ma’lumotlar almashinuvi asosida olinadi;
davlat pensiyalarini tayinlash uchun fuqarolardan faqat pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi talab etiladi.
2. Fuqarolarga davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lashning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Davlat pensiya ta’minoti borasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini zamon talablariga muvofiqlashtirish, fuqarolarga pensiya va nafaqalarni tayinlashda yuzaga keladigan ortiqcha to‘lovlarning oldini olish hamda byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini ta’minlash maqsadida Pensiya jamg‘armasining ijro etuvchi apparati tuzilmasi, hududiy boshqarmalari va tuman (shahar) bo‘limlarining namunaviy tuzilmalari 2, 3 va 4-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Pensiya jamg‘armasiga vaqtincha bo‘sh mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan olingan daromadning yigirma foizini Pensiya jamg‘armasi xodimlarini ijtimoiy rivojlantirish va moddiy rag‘batlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish huquqi berilsin.
4. Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari binolari uchun minimal talablarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.I. Norqulov) Moliya vazirligi (T.A. Ishmetov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A.J.Ortiqov) hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
ikki oy muddatda Pensiya jamg‘armasi hududiy boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlarini fuqarolar uchun qulay sharoitlarga ega bo‘lgan bino va inshootlarga ko‘chirish;
2022 yil 1 iyulga qadar qariyalar va keksa yoshdagilar, imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishga moslashtirilgan Pensiya jamg‘armasining binolari bo‘yicha minimal talablarga asosan mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan har bir hududda bittadan Pensiya jamg‘armasining mavjud binolari negizida “Namunali Pensiya jamg‘armasi bo‘limi”ni tashkil etsin;
2024-yilga qadar bosqichma-bosqich respublikaning barcha hududlarida Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limlari binolarini minimal talablarga moslashtirsin.
6. Belgilansinki, Pensiya jamg‘armasining hududiy boshqarmalari, tuman (shahar) bo‘limlari faoliyatini saqlash va moliyalashtirish Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar byudjetlari hisobidan amalga oshiriladi.
7. Moliya vazirligi:
ikki oy muddatda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
2021-yil davomida Markaziy bank, tegishli mas’ul vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda 2022-2024 yillarda hududlarda pensiyalar va nafaqalarni to‘lash bo‘yicha tijorat banklari va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar o‘rtasida tender o‘tkazish choralarini ko‘rsin;
2022-yil 1-yanvardan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida mazkur qarorda nazarda tutilgan xarajatlarni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larni ko‘zda tutsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
9. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasiga ushbu qaror maqsadi va vazifalari ommaviy axborot vositalarida va Internet tarmog‘ida keng yoritilishini ta’minlash tavsiya etilsin.
10. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri D.A.Kuchkarov, moliya vaziri T.A.Ishmetov hamda bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov belgilansin.
Qaror ijrosini har chorakda muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 4-may
Manba: O'zA