O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalinio‘tkazish to‘g‘risida
2021-04-30 | Hujjatlar
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analarini rivojlantirish, ularning noyob namunalarini targ‘ib etish, shuningdek, ushbu yo‘nalishlarda o‘zaro tajriba almashish orqali xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kuchaytirish, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklash hamda mintaqaning turizm salohiyatini yanada oshirish maqsadida:
1. 2022-yildan boshlab har ikki yilda may oyida Buxoro shahrida Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivali (keyingi o‘rinlarda – Festival) hamda uning doirasida ilmiy-amaliy konferensiya, ko‘rik-tanlov, taqdimot va ko‘rgazmalar, teatrlashgan konsert-tomosha dasturlari, madaniy-ma’rifiy va targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilsin. Bunda:
2022-yilda Festival 21–25 may kunlari va uning doirasida “An’anaviy zardo‘zlik va zargarlik san’atini rivojlantirish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etiladi;
Festivalga uyg‘un holda Toshkent shahrida xorijiy mamlakatlarning zargarlik tarmog‘i vakillari, xorijiy investorlar, ekspertlar va mutaxassislarni jalb etgan holda “Uzbek Jewellery Fair” zargarlik sanoatining zamonaviy asbob-uskunalari, texnologiyalari va buyumlarining yillik xalqaro ko‘rgazma-savdosi o‘tkaziladi.
2. Quyidagilar Festivalning asosiy vazifalari etib belgilansin:
milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan va soha rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, uning noyob va yo‘qolib borayotgan namunalarini saqlash, qayta tiklash;
hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish;
zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish orqali sayyohlarni jalb qilish, Festivalni jahon miqyosida keng tanitish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish;
zardo‘zlik va zargarlik namunalarining keng taqdimoti, har bir hududning tarixi, hayot tarzi, hunarmandchilik maktabi an’analarini aks ettiruvchi hunarmandlar shaharchalari maketlari, uy-ro‘zg‘or buyumlari, hunarmand-dizaynerlar yaratgan mahsulotlar ko‘rgazmalarini o‘tkazish;
xalq sayillari, folklor va dorbozlik jamoalari, askiyachi va qiziqchilarning teatrlashgan tomoshalari, san’at vakillarining konsert dasturlarini hamda usta-hunarmandlar tomonidan mahorat darslari, rassomlar xiyoboni, ekskursiya marshrutlarini tashkil etish.
3. Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda – Tashkiliy qo‘mita) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mitaga (A.N.Aripov):
Festivalni yuqori va badiiy saviyada o‘tkazish, belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, bu borada mas’ul vazirlik, idora va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish;
Festival sovrindorlariga topshiriladigan diplom va sertifikatlar namunalarini tayyorlash hamda tasdiqlash;
Festivalni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa masalalarni hal etish vazifalari yuklansin.
4. Belgilansinki, Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Tashkiliy qo‘mita tomonidan ishlab chiqiladigan va belgilangan tartibda tasdiqlanadigan smeta asosida quyidagi tartibda:
Festivalga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq barcha xarajatlar Buxoro viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan;
Festivalni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarning 50 foizi – Vazirlar Mahkamasining zaxira jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan, 50 foizi – Buxoro viloyati mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanadi.
5. Buxoro viloyati hokimligi (B.K.Zaripov) Turizm va sport vazirligi (A.A.Abduhakimov), Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi (D.N.Samatov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev) bilan birgalikda uch oy muddatda Festivalni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni hamda 2022 yilda uni o‘tkazish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Tashqi ishlar vazirligi (A.X.Kamilov):
xorijiy davlatlardan zardo‘zlik va zargarlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, mahoratli hunarmandlar, amaliy san’at ustalari, soha olimlari hamda mutaxassislari, faxriy mehmonlarni Festivalga taklif etishda tashkilotchilarga amaliy yordam ko‘rsatsin;
Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasining viza talabnomalariga binoan Festivalning xorijiy ishtirokchilari uchun kirish vizalari konsullik yig‘imlari va haqiqiy xarajatlarning o‘rnini qoplash hisobidan yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
7. Madaniyat vazirligi (O.A.Nazarbekov) Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikramov), “Hunarmand” uyushmasi (U.T.Abdullayev), “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi (D.N.Samatov) va O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi (S.S.Saidov) bilan birgalikda Festivalning tantanali ochilish marosimini har tomonlama puxta va badiiy jihatdan betakror usulda tayyorlash uchun yuksak professional mahorat va tajribaga ega bo‘lgan ssenariynavis va rejissyorlar, yozuvchi va shoirlar, hunarmandlar, sahnalashtiruvchi rassomlar, iste’dodli san’atkorlarning keng jalb etilishini ta’minlasin.
8. Buxoro viloyati hokimligi (B.K.Zaripov):
a) Buxoro shahrida keng ko‘lamli obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshirilishini, Festival o‘tkaziladigan sahna maydonlari hamda joylarning talab darajasida tayyorlanishini;
b) Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi, Turizm va sport vazirligi, Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Kinematografiya agentligi va O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan birgalikda:
Festival doirasida Buxoro shahridagi “Labi hovuz” ansambli maydonidan “Ark” qo‘rg‘oni hududigacha bo‘lgan yon-atrofda zardo‘zlik va zargarlik san’atiga oid turli ko‘rgazmalar, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy zardo‘zlik hamda zargarlik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlari, hunarmandchilikka oid badiiy, hujjatli filmlar, kitoblar, albomlar, fotosuratlar namoyishi, ularning sotuvi tashkil etilishini;
Festival dasturi ishlab chiqilishini va uning uch oy avval turistik tashkilotlarga taqdim etilishini, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilishini;
Festival doirasida milliy liboslar ko‘rgazmali chiqishlari, teatrlashtirilgan tomoshalar, askiya va qiziqchilar, folklor va dorbozlik jamoalarining tomosha dasturlari namoyish etilishini;
Festivalning turizm kalendar rejasiga kiritilishini hamda xorijiy mehmonlar va sayyohlarning Festivalga jalb qilinishini;
v) Turizm va sport vazirligi, Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda Festival qatnashchilari va mehmonlar uchun mehmonxonalardan joy ajratilishini;
g) Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YUNESKO ishlari bo‘yicha milliy komissiya, “Hunarmand” uyushmasi, “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasibilan birgalikda 2023 yil yakuniga qadar malakali mutaxassis va xalqaro ekspertlarni jalb etgan holda:
milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik yo‘nalishlarini YUNESKOning nomoddiy madaniy meros ro‘yxatiga;
Buxoro shahrini YUNESKOning Ijodkor shaharlar tarmog‘iga kiritish bo‘yicha hujjatlar to‘plami tayyorlanishi va tavsiya etilishini ta’minlasin.
9. “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati(I.R.Maxkamov) va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga (X.N. Xosilov) Festival qatnashchilarini Savdo-sanoat palatasi, “Hunarmand” uyushmasi va “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi buyurtmalariga muvofiq belgilangan tartibda avia va temir yo‘l chiptalari bilan ta’minlash tavsiya etilsin.
10. Toshkent shahar hokimligi (J.A.Artikxodjayev) Festivalga tashrif buyuruvchi xorijiy mehmonlar va qatnashchilarni kutib olish, joylashtirish va ularni Buxoro shahriga yuborishni tashkil etsin.
11. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A.M.Xadjibayev):
Festival o‘tkaziladigan joylarda tez tibbiy yordam punktlarini tashkil etsin;
Festival o‘tkaziladigan vaqtda sanitariya normalari, qoidalari va gigiyena normativlariga qat’iy rioya qilinishini nazorat qilsin.
12. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (A.K.Kuchimov), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A.J.Xadjayev), “Dunyo” axborot agentligi (S.L.Suyarov) va boshqa ommaviy axborot vositalari Festivalga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni keng yoritib borishni tashkil etsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Boshvaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikas
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV
Toshkent shahri,
2021-yil 28-aprel
Manba: O'zA