O`zbekiston Respublikasi
Hukumat portali
“Namangan Flowers – 2021”: Bahorning eng goʻzal hodisasi tez kunlarda oʻz yubileyini uzoq kutilgan festival bilan nishonlaydi
2021-04-29 | Turizm
Festival xalqaro darajada oʻtkazilishi kutilmoqda. Florist va landshaft dizaynerlar oʻz mehnat mahsullarini namoyish qilish imkonini beruvchi ushbu tadbirga katta tayyorgarlik koʻrishmoqda.
Gullar festivali har yili keng qamrovda oʻtkazilib, unga dunyoning turli burchaklaridan mehmonlar qiziqish bildirishadi. Har yili bayram tadbirida ishtirok etish uchun Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Niderlandiya, shuningdek Qirgʻiziston, Tojikiston, Qozogʻiston va Turkmaniston kabi qoʻshni mamlakatlar mehmonlar taklif qilinadi.
Festivalni ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun nafaqat mahalliy OAV vakillari, balki xorijiy OAV vakillari ham jalb etiladi. Turkiya, Eron, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi hamda Markaziy Osiyo mamlakatlari OAV vakillari shular jumlasidandir.
Gullar festivali hududda turizm sohasini rivojlantirish, Namangan viloyati jozibadorligini oshirish, shuningdek mahalliy hamda xorijiy sayyohlar bilan barqaror aloqalar oʻrnatish yoʻlida xizmat qiladi. Bu Namangan viloyatining turistik salohiyatini dunyoga namoyish qilish uchun ajoyib imkoniyatdir.
Festivalda jami 150 dan ziyod florist-tadbirkorlar hamda 300dan ortiq havaskor gulchilar ishtirok etishi kutilmoqda. Taʼkidlash joizki, yil sayin oʻtkazilayotgan koʻchatlar soni oshib bormoqda. Joriy yilda Gullar festivali tarixida birinchi marta 100 million gul koʻchati ekilishi kutilmoqda.
“Namangan Flowers – 2021” festivali doirasida eng diqqatga sazovor voqealardan biri shaharning markaziy koʻchalari boʻylab oʻtkaziladigan gullar paradi hisoblanadi. Paradda 150 dan ortiq transport vositasi, qishloq xoʻjaligi va maxsus texnika qatnashib, ularning barchasi yorqin va rang-barang gullar hamda Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻi bilan bezatiladi. Festivalning rasmiy ochilish marosimi Bobur nomidagi markaziy parkda boshlanib, parad ham shu yerdan yoʻnalish oladi.
Gullar festivalini oʻtkazish bahorning boshqa bayramlari bilan bir qatorda etno-ekologik jihati bilan ahamiyatlidir. Ushbu festival 1961-yildan buyon Oʻzbekistonning eng yirik hodisalaridan boʻlib, yurtimizning boy oʻsimliklar dunyosini aks ettiradi.
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi