Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri boshchiligidagi harbiy delegasiya yurtimizda
Kecha, 27-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi mudofaa vaziri armiya generali Sergey Shoygu boshchiligidagi harbiy delegasiya O‘zbekistonga keldi.
Mehmonlar Buxoro xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general-leytenant Bahodir Qurbonov, viloyat hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar tomonidan kutib olindi.
Delegasiya a'zolari ko‘hna Buxoroning diqqatga sazovor tarixiy joylarida bo‘lishdi. Xalqimiz aql-zakovati mahsuli bo‘lgan osori-atiqalar mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Uch ming yildan ortiq tarixga ega qadimiy shaharning ertaklardagi qasrlarni yodga soluvchi maskanlaridagi har bir manzara, har bir bezakni hayrat bilan tomosha qilishdi.
Buxoro mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Tashrif davomida ikki davlat mudofaa idoralari rahbarlari tomonidan xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik, Rossiya Federatsiyasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik masalalari muhokamasi rejalashtirilgan.
Leytenant Islomjon QO‘ChQOROV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikasiyalar departamenti
Manba: O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi